Tarjimondan
To‘g‘risi, menga ushbu kitob qo‘lyozmasini keltirib berishgach, nimaga qo‘l
urayotganimni bilmasdan tez ishga kirishib ketganimdan keyinchalik afsuslangan
paytlarim ham bo‘ldi. Negaki, postmodernizm, poststrukturalizm, analitik falsafa singari
zamonaviy fanlardan xabardor bo‘lmagan oddiy o‘quvchiga bu kitobni o‘qish og‘irlik
qilmasmikin, uning boshini notanish atamalar, ba'zida muallif uslubini saqlashga
harakat qilish oqibatida yuzaga kelgan murakkab jumlalar bilan qotirish shartmikin,
degan istiholalarga ham bordim. Nima bo‘lsa bo‘ldi dedim-u, tarjimani uch yil deganda
tugatdim.
Endi o‘ylab ko‘rsam, o‘zbek tiliga bunday murakkab matnlarni bevosita ingliz tilidan
tarjima qilish urf bo‘lmagan, ular faqat rus tilidan ag‘darilib kelgan ekan. Harqalay,
ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar, ozmi-ko‘pmi, bor. Ulardan foydalanish mumkin. Lekin yirik
inglizcha-o‘zbekcha lug‘atlar yo‘qligi sababli inglizcha-ruscha, inglizcha-turkcha
lug‘atlardan, "Britannika" va "Kirill va Mefodiy" entsiklopediyalarining elektron
versiyalari, boshqa izohli va ko‘p tilli elektron lug‘atlardan, hatto Internetdagi
www.everything.com
,
www.multitran.ru
singari saytlardan, shuningdek, 2000 yili
Minskda chop etilgan «Postmodernizm» va «Filosofiya» entsiklopediyalarining elektron
versiyalaridan ham foydalanishga to‘g‘ri keldi. Hatto ayrim hollarda, ingliz tilidagi ba'zi
bir atamalarning o‘zbek tilida arab tilidan kirib kelgan ma'nodoshini aynan keltirish
uchun avval o‘sha atamani rus tiliga, so‘ngra rus tilidan lug‘at yordamida arab tiliga
tarjima qilishga ham to‘g‘ri kelgan paytlar bo‘ldi. Tarjima jarayonida turli manbalardan
muallif keltirgan iqtiboslar, agar ular o‘zbek tiliga tarjima qilingan bo‘lsa, chalkashlikka
yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘shalardan olindi. Bunga Qur'oni Karimni yirik dinshunos olim
Abdulaziz Mansur qilgan tarjimasi, Imom Buxoriyning 4 jildlik «Sahihi Buxoriy», 1992 yili
Shvetsiyada o‘zbek tilida chop etilgan «Injil» kitoblarini misol qilib keltirish mumkin.
O'zbekchaga tarjima qilinmagan manbalardan olingan iqtiboslar muallif matnidan tarjima
qilindi.
Umuman, kitob o‘zi nima haqda, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Avvalo, muallif haqida bir-ikki og‘iz. Timoti J.Uinter (Abdulhakim Murod) 1960 yili
London shahrida tavallud topgan. Kembrij va Al-Azhar universitetlarida, shuningdek, bir
necha Yaqin Sharq mamlakatlarida tahsil olgan. Arab tili magistri. 1986 yili
O'zbekistonga ham kelib ketgan. Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilgan. Hozirgi
kunda Kembrij universitetining ilohiyotshunoslik fakultetida islom tadqiqotlari bo‘yicha
universitet ma'ruzachisi. Uning asosiy ilmiy faoliyati dunyoda islomning dastlabki
yillarida to‘plab, nashr etilgan yirik hadis to‘plamlarini nashrga tayyorlaydigan "Sunnat
loyihasi"ning direktorlik qilishdir. U ayni paytda arab tilidagi kitoblar do‘konida
XXI asrda Islom: Postmodern dunyoda qiblani topish. Timoti J. Uinter
Do'stlaringiz bilan baham: |