www.ziyouz.com kutubxonasi
59
Yo‘q, aslo yo‘q!.. Uyatning ko‘chalariga allaqachonlardan buyon qadam bosmagan,
«Xudo bersin!» —degan javobni eshitgach ham ketishni xayoliga keltirmagan, shilimshiq
kabi yopishqoq, ko‘z ostiga olgan odamini zuluk kabi so‘rmagunicha ko‘ngillari joyiga
tushmaganidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, yuqorida qayd etilgan tuyg‘ular ular
uchun bir necha harflarning yig‘indisi — quruq so‘z, holos.
Ammo insonlikning asl mohiyatini anglaganlar uchun odob va iffat so‘zlarining ma’nolari
dunyodan va dunyodagi barcha narsalardan benihoya qimmatlidir.
Mana, momoning berilgan sadaqani olmagan paytda his etgan ruhiy holati. Agarda bu
pulni olsa, ikkinchi marta berilgan sadaqani olishi osonlashadi, bu esa uchinchisini
olishga xohish uyg‘otadi va shu tariqa poyoniga yetishiga juda oz fursat qolgan umr
tilanchilik bilan yakun topadi. Bu esa umr bo‘yi xayoliga ham keltirishni istamagan
mudhish bir yakun.
Yalang‘och xotin bir soniya turdi, so‘ng yo‘lida davom etdi. Husayinning yonidan o‘tar
ekan: «Bular odam bo‘lmaydi», deya g‘udranmoqda edi. Xusayin chidab turolmadi:
— Xonim afandi, odam bo‘lishlari uchun tilanchilik qilishlari kerakmi?
Xotin hayron bo‘lib, Husayin tomonga qayrildi:
— Bir nima dedingizmi?
— Odam bo‘lishlari uchun tilanchilik qilishlari kerakmi, degandim.
Xotin savolga «ha» deb javob berolmadi. Gapni cho‘zmaslik uchun bo‘lsa kerak, yo‘lida
davom etdi. Husayin keksa xotinning yoniga kelib:
— Hola, istasangiz yordamlashay, savatingizni uyingizgacha olib borib beraqolay, —
dedi.
Ayol boshini ko‘tardi. Qarshisida ochiq chehrali yigitcha turardi. Unga minnatdor nigoh
tashladi:
— Alloh sendan rozi bo‘lsin, bolam. Madorim butunlay quridi. Ozroq yordamlashib
yuborsang, yana o‘zim olaman, — dedi.
Savatdan qo‘lini olib, ikki tizzasiga tayandi. Butun kuchini qo‘llariga va tizzalariga
to‘plab, kuchanib o‘rnidan turdi. Husayin savatni oldi. Juda og‘ir emasdi. Lekin kampirni
bemalol charchata olardi. Birga mahalla oralab yurdilar. Kampir ora-sira «Alloh
murodingga yetkazsin!», deb duolar qilib borardi. Lekin Husayin savatni duo uchun
emas, dinning muhtojlarga yordam etish yo‘lida bergan amrini bajarish, insonlik
vazifasini ado etish uchun ko‘tarib borardi, Albatta, uning duo etishiga ham qarshi
emasdi. Yoshlikda Alloh rizosi uchun bir keksaga yordam bergan kishi, o‘zi keksayganda
yordam beradigan yoshlarning topilishiga ishonardi.
Bu ayol o‘rnida o‘z onasi bo‘lganda, bu aziyatni u chekkanida nima qilardi? Uning shu
ahvolda emasligiga shukr qilishning yagona yo‘li bu ayolga va u kabilarga yordam
bermoqdir. Bundaylarni ko‘rib, o‘ziking ahvoliga shukr etib o‘tib ketmoq o‘ysizlik,
beparvolik sanalishi kerak. Agar boylarning molida faqirlar uchun Alloh tarafidan
belgilangan haq bo‘lsa — Husayin bu haqning borligiga ishonardi — xuddi shunday yosh
va sog‘lomlarning kuch-quvvatida keksalar va ojiz-zaiflar uchun tayin etilgan haq ham
bor. Bu yordam tan kuch-quvvatining zakotidir. Bu muruvvat va insonlik tuyg‘usining
yuksak nuqtasidir.
— Uyim shu yerda, o‘g‘lim, Alloh sendan rozi bo‘lsin! Bu so‘z Husayinning xayolini bo‘ldi.
Savatni eshik oldiga qo‘ydi. Eshikning turishi uyning xarobligidan xabar berardi.
— O’g‘lim, sening oting nima? Kimlardansan?
— Nima qilasiz, hola?
— Bir yo‘lim tushsa, uyingizga kirib, sendan ko‘rgan yaxshiligimni onangga aytardim.
— Shart emas, hola. Men onam eshitishi uchun emas, Alloh rizosi uchun yordamlashdim.
Onamni xursand etishni istasangiz, haq yo‘ldan ayrilmasligi uchun duo qiling.
O’gay ona (roman). Ahmad Lutfiy Qozonchi
Do'stlaringiz bilan baham: |