ITOAT
Itoat deb bo’yinsunmakni aytilur. Alloh taoloning amriga boyinsunuv, ibodat va itoat qilmak farzi ayndur.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Alloh taoloning amriga muxolif bo’lgan holda hech kimning amriga itoat qilmak vojib emasdur» – demishlar. Ota-ona, ustod, muallim kabi o’zidan ulug’ kishilarga bo’yinsunub itoat qilmak eng yaxshi sifatlardandur. Bu sifatga ega bo’lmak uchun har vaqt bularning foydali kengash va nasihatlarini tinglab, buyruqlarini mahkam tutmak lozimdur. Chunki onlar dunyoga bizdan ilgari kelganlar, bizdan ko’proq tajriba hosil qilganlar, vatan va millatning holiga oshno bo’lganlar. Tabiblar dardlarga davo hozirlagandek, bular ham turmush va yashamakning ofati bo’lgan faqirlik, yalqovlik, nodonlik kabi vujudimizni churitadurgan marazlarga davo hozirlaganlar . Shuning uchun bizga qilgan xolisona beg’araz nasihatlari hozirda og’ir va achchig’ ko’rinsa ham, oxiri rohat va totli bo’lub chiqar.
Nasihat bo’lsa xoli gar g’arazdan, Achchig’ doru kabi saqlar marazdan. Biza lozim erur bilmoq, eshitmoq,
Ziyondan boshqa bir shay yo’q g’arazdan.
HAQSHUNOSLIK
Haqshunoslik deb bir kishining qilgan yaxshiligini unutmaslikni aytilur. Butun olamdagi insonlar haqshunoslik va do’stlik orqasida yasharlar. Qars ikki qo’ldan chiqar. Shariatda yaxshilik qilgan kishiga yaxshilik qilmak vojibdur. Hukamolar yomonlik qilg’on kishiga ham yaxshilik qilmak lozimdir, derlar. Hosil, yaxshilikdan zarar ko’rgan, boshi yorilgan kishi yo’qdur.
Yaxshilikdan do’stlik, mehribonlik tug’ar, ikki ko’ngil orasida ulfat va muhabbat cho’juqlari yugurishar, quvusharlar. Bu do’stlikni jamol va kamoli haqshunoslikdurki, birovdan ko’rgan yaxshilikni unutmay, shuning barobariga biz ham o’z vazifamizni ado qilmak lozim ekan, hech bo’lmasa, taqdir qilmak ila birodarlik va do’stlik hurmatini ado qilmokimiz lozimdur. Chunki, mo’min birodari
mo’mindur.
Dildan dil uzra ochiladur ikki xil yo’li, Mehra mehr yo’li ochilur, kina kin yo’li.
Ma’lumdirki, har bir millatning taraqqiy va taoliysi o’z millatiga jon, mol, qalam ila ishlagan kishilarning xizmatlarini taqdir qilub, vazifalar, haykallar, qalamlar ila yod qilub, o’tub ketgan bahodir, olim va shoirlarining ruhlarini shod qilub, ishlovchi kishilarning g’ayrat va jasoratlarini ziyoda qilmakda ekan. Afsus, bizlar taqdir qilmak bir tarafda tursun, tahqir, masxara, hatto takfir qilmak ila qarshu olurmiz.
Yaxshi ishdur haqni taqdir aylamak har xizmata, Haqshunos o’lmak haqiqiy bir quvvatdur millata. Haqshunos o’lmakla mashhur erdilar Payg’ambarim, To’g’ri yo’lni tashlamak aslo yoqshamas ummata.
Do'stlaringiz bilan baham: |