Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
35
21
Ketma-ket uch yotar yo‘qlama bo‘lmaydi. Ko‘k ko‘sak g‘o‘zapoya boshim uzra o‘ynamaydi.
Dalada muallimlarimiz qadamimni sanamaydi. Muallimlarimiz biri qo‘yib biri joriya etadi:
— Maktabimiz sotsialistik musobaqada g‘olib keldi!
— Maktablar aro Ko‘chma Qizil Bayroqni oldi!
— Yuzdan ziyod yordamchi maktablar orasida-ya! Men hur bo‘laman. Men xurram bo‘laman.
—
Endi paxta termaymiz-a, domla? — deyman.
— Paxta termaysan? Endi paxta terasan-da!
— Qizil Bayroq bor-yo‘g‘i bir oylik ishimiz uchun berildi!
— Qizil Bayroq kuchimizga kuch qo‘shadi!
— Qizil Bayroq zafarlarga chorlaydi!
22
Bolalar bilan yotoq oldida bo‘ysira bo‘laman.
Shtab deya atalmish xonadan oppoq sochli keksa odam chiqib keladi.
Keksa odam ketidan direktorimiz bilan muallimlarimiz qatorlashib keladi.
Direktorimiz yutuq-kamchiliklardan so‘zlaydi.
Men ichimni ushlab-ushlab kuchanaman. Ikki ko‘zim futbol maydonida bo‘ladi.
Direktorimiz bizni tag‘in-da yuksak-yuksak zafarlar sari chorlaydi.
— O‘rtoqlar, endi so‘z rayon xalq maorifi bo‘limi mudiri, hammamiz uchun hurmatli va aziz
o‘rtoq Dadaboevga! — deydi.
Oppoq soch odam lo‘nda-lo‘nda so‘zlaydi. Oppoq soch odam munis-munis so‘zlaydi:
— Aziz o‘quvchilar! Sizlarni qutlashdan oldin o‘rtoq direktorlaringizni
alohida tabriklab
qo‘ymoqchi edim. Boisikim — mana uch yildirkim, o‘rtoq direktorlaringiz
kommunistik partiya safiga
o‘tolmay yurib edi. Kuni kecha maktablaringiz Ko‘chma Qizil Bayroqni qo‘lga kiritishi bilanoq
tegishli mutasaddi o‘rtoqlar direktorlaringizni kommunistik partiya safiga qabul qildi.
Ustiga-ustakkim,
ayni shu kunlarda o‘rtoq direktorlaringiz egizak qizaloq ko‘rdi, egizak qizaloq! Buni qarangkim —
Ko‘chma Qizil Bayroq — kommunistik partbilet — egizak qizaloq! Aziz o‘quvchilar! Kelinglar,
o‘rtoq direktorlaringizni ana shu qo‘sha-qo‘sha zafarlar bilan bir muborakbod etib qo‘yaylik!
Oppoq soch odam shunday deya chapak chaladi.
Muallimlarimiz bilan bolalar-da qo‘shilib chaladi.
Men ichimni ushlab-ushlab tura beraman.
— Qani, o‘rtoq
direktor, — deydi oppoq sochli odam. — Endi shu qora ko‘zlarga qarata bir-ikki
og‘iz dil so‘zlaringizni aytasiz endi. Sizning kommunistik partiya safiga o‘tishingiz
uchun bu qora
ko‘zlar ozmuncha ter to‘kdimi!
Direktorimiz bir odim oldinlaydi. O‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi. Havolanib-havolanib bosh
irg‘aydi.
— O‘rtoqlar! — deydi. —
Haqiqatan ham, hammamiz uchun hurmatli va aziz o‘rtoq Dadaboev
aytganlariday, kommunistik partiya safiga qabul qilinish sharafiga erishishim oson bo‘lmadi! O‘tgan
ikki yil mobaynida maktabimiz o‘quvchi-yordamchilari biror marta ham Qizil
Bayroq olish sharafiga
muyassar bo‘lolmadi! Bunda, ma’lum ma’noda o‘zim aybdor bo‘ldim! Paxta yig‘im-terimiga
mas’uliyat bilan yondashmadim! Qattiqqo‘l bo‘lmadim! Partiyaviy printsipiallik ko‘rsatmadim!
O‘rtoqlar, men ana shu yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklarimdan tegishli xulosa chiqarib oldim! Mana,
ma’lum muvaffaqiyatlarga erishdim! Men bu muvaffaqiyatga rayon xalq maorifi mudiri,
hammamiz
uchun hurmatli va aziz o‘rtoq Dadaboevning bevosita va bilvosita rahnamoligi tufayli erishdim! Men
siz o‘quvchi-yordamchilar nomidan, qolaversa, o‘zimning
nomimdan, ana shu muvaffaqiyatlarim bosh