www.ziyouz.com
kutubxonasi
124
Denov chopaman.
— Shu, kallapoycha qilayin qo‘yni ertaroq pulla, dedim...
— Qo‘ya bering, ena, qo‘ya bering. Bu kunlar o‘tadi-ketadi — kino bo‘lganimiz yonimizga qoladi!
Onamiz mol-holni ko‘z ko‘rinarli yer qantardi.
— Uyamas-da-buyamas — taqdir-peshona! — dedi.
— Eb-e, taqdir-peshonamizga nima qilibdi, eb-e? Mana, kino bo‘lib tarixda qolayapmiz! Bu kunlar
o‘tadi-ketadi — tarixda qolganimiz yonimizga qoladi!
— Qarg‘ish urgan odamni peshonasi ana shunday bo‘ladi.
— Enani qarg‘ishi bolaga urmaydi. Ena, enani qarg‘ishi bolaga urmaydi. Og‘zingizni to‘ldirib
qarg‘ay bering — baribir qarg‘ishingiz menga o‘tmaydi!
Onamiz tovuqlar ko‘z ko‘rinib donlasin uchun — so‘ri girdilatib don sochdi.
— Seni men emas — seni Xudo qarg‘agan.
— Xudo qarg‘agan? Eb-e, men xudoga nima yomonlik qildim-e? Xudo nima deb qarg‘agan-e?
— Xudo, iloyim, shu o‘zbak degichni topgani aziz mehmoniga buyursin, deb qarg‘agan!
21
Kun ko‘tarildi.
Darvozamiz oldida uzundan-uzun avtobus bel bo‘ldi.
Avtobusdan uch-to‘rtta bo‘zbola tushdi.
Bo‘zbolalar paxmoqsoch bo‘ldi. Qora ko‘zoynakli bo‘ldi. Soqoldor bo‘ldi.
Bo‘zbolalar darvozamiz oldida apparat joylashtirdi. Apparatlarini hovlimiz qaratdi.
Ostonada Ideologiya bilan raisimiz qora berdi.
Men bor bisotimni kiyib peshvoz bordim.
Onamiz Stalin zamonida terimchiligi uchun olgan ko‘ylagini kiyib peshvoz keldi.
Men ular bilan qo‘l berib ko‘rishdim. Quchog‘imni katta ochib:
— Qani, marhamat, xush kelibsizlar! — dedim. Ideologiya bilan raisimiz egilib-egilib ko‘rishdi.
Tantanavor-tantanavor ko‘rishdi.
Apparatlar shir-shir surat olib turdi.
Men mehmonlarni ergashtirdim. Butun hovli yuzini ko‘z-ko‘z etdim.
So‘ri oldida oyoq ildim. Kulimsidim. Qo‘limni ko‘ksim qo‘ydim. Mehmonlarga tavoze etdim.
Mikrofon sudrab yurmish jingalasoch bo‘zbola o‘rtani olib gap boshladi:
— O‘zbek xonadoni! Bu so‘zda olam-olam ma’no bor! O‘zbek xonadoni demak —«Volga»
mashina demakdir! O‘zbek xonadoni demak — qorabayir ot demakdir! O‘zbek xonadoni demak —
suruv-suruv qo‘y-qo‘zi demak, mol-buzoq, yetti xazinaning biri demakdir! Shunday emasmi, rais
bobo?
— Ha, — dedi raisimiz, — xo‘jaligimizda uch mingdan ziyod xonadon bor! Hammasi xuddi mana
shu ko‘rib turganingizday to‘q, farovon xonadonlar! Xonadonlarimizda yetti xazinadan tortib
mashinagacha — hamma-hamma narsa muhayyo!
— Dehqonqul aka, mana, siz shu xonadon sohibi ekansiz, noo‘rin savolim uchun afv etasiz: ish
vaqtida uyda nima qilib o‘tiribsiz?
— Soat endigina sakkiz yarim bo‘ldi, — dedim. — Ish boshlanishiga hali yarim soat bor.
— Demak, ishlaringiz to‘qqizda boshlanar ekan-da?
— Ha, ishimiz roppa-rosa to‘qqizda boshlanib, roppa-rosa oltida tamom bo‘ladi.
— Demak, hozir...
— Hozir oila a’zolarimiz bilan madaniy hordiq chiqarib o‘tiribmiz.
— Dalaga boraversak ham bo‘lar, borgunimizcha ish vaqti ham bo‘lib qolar?
— Ish vaqtiga hali yarim soatcha bor-u, mayli, bir marta ertaroq borsak boribmiz-da!
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |