PAYG‘AMBARIMIZNI MASXARA QILGAN QURAYSH RAISLARINING VOQEASI
Hadis kitoblarining rivoyatlariga ko‘ra Quraysh raislaridin nomlari yozilgan shu besh
kishi:
1. Asvad ibn Muttalib. 2. Asvad ibn Abdu Yag‘us. 3.Os ibn Voil. 4. Horis ibn Talotila. 5.
Valid ibn Mug‘iyra — Quraysh ichida yoshi ulug‘ qari kishilardan bo‘lib, ko‘p obro‘yga ega
edilar. Payg‘ambarimizga ozor berishni o‘zlariga buzilmas ahd qilgan edilar. Bularning
qilar ishlari doim Payg‘ambarimizning o‘qigan namozlarini, toat-ibodat qilganlarini,
o‘ltirib-turishlarini masxara qilishib, o‘tgan-ketganlarida Rasullullohga ozor berish edi. Bu
haqda ko‘p sabr qildilar, alarning adabsizliklari ham nihoyatiga yetdi. Mana shu chog‘da
Jabroil alayhissalom Xudo tarafidin bu oyatni keltirdilar: — «Fasda’ bima to’maru, vaa’riz
anil mushrikiyna, inna kafaynakal mustahziiyn». Ma’nosi: — «Ey Muhammad, Allohning
amrini ochiq aytgil, seni masxara qiluvchi adabsizlarning jazolarini o‘zimiz beramiz, ul
mushriklardin sen parvo qilma», degan bo‘lur. Jabroil alayhissalom shu vahiyni
keltirganlarida, alar o‘z odatlaricha Baytullohni tavof qilishib yurishgan edilar. Jabroil
alayhissalom kelib, Baytulloh oldida turdilar, Payg‘ambarimiz ham aning yonlariga
keldilar. Shu chog‘da tavof qilib yurgan Asvad ibn Muttalib u yerdan o‘taverdi. Uni ko‘rib,
Jabroil alayhissalom qo‘llarida tutib turgan yashil bayroqni uning yuziga otdilar, darhol
uning ko‘zlari ko‘r bo‘ldi. Bundin keyin Asvad ibn Abdu Yag‘us ham u joydin o‘tdi, Jabroil
alayhissalom aning qorniga ishorat qildilar, shu zamon qornida shish paydo bo‘lib, istisqo
illatiga yo‘liqdi. Shu dard bilan yurib halok bo‘ldi. Aning ortidin Valid ibn Mug‘iyra kelib,
Jabroil alayhissalom oldilaridin o‘taverganida aning oyog‘iga ishorat qildilar. Necha yil
ilgari tuzalgan yara o‘rnidan bir shish qaynab chiqdi, buning og‘rig‘iga chiday olmasdan
bo‘kirib yotib, jon berdi. So‘ngra Os ibn Voil kelib edi, Jabroil alayhissalom aning
tovoniga ishorat qildilar, necha kun o‘tgandin so‘ngra oyog‘iga bir tikon kirgani bahona
bo‘lib, shuning dardiga davo topolmasdin bu ham o‘ldi. Horis ibn Talotila o‘tayotganida
Jabroil alayhissalom aning boshiga ishorat qilib edilar, ichi suvga to‘lgan tulumdek bo‘lib,
aning boshida bir shish paydo bo‘ldi. Qon-yiring oqib yurib, bu ham o‘ldi. Alhosil,
yuqoridagi oyatning mazmunicha, Rasulullohga qilgan adabsizliklarining shumligidan,
oxirat azobining namunasin bu dunyoda ham ko‘rib, barchalari halok bo‘ldilar. Qudrati
ilohiy ila bo‘lgan bu voqeani Payg‘ambarimizdan boshqa hech kim bilmadi.
Bulardin keyingi eng qattiq dushmanchilik ko‘rsatgan kishi Abu Jahl edi. Bu mal’unning
Payg‘ambarimizga har qancha dushmanligi qattiq bo‘lsa ham, yana oldilariga kelganda
beixtiyor tavoze’ qilar edi. Shundoqki, badaviylardin bir kishi Makka bozoriga bir tuya
keltirib, sotmoqchi bo‘ldi. Pulini uydan bermoqchi bo‘lib, u tuyani Abu Jahl sotib oldi.
Ammo qilgan va’dasiga vafo qilmay, uning haqqini bermasdin bir necha kunlar sudradi,
ul badaviy arab hech iloj topolmasdin, Baytulloh oldida majlis qurib o‘tirishgan Quraysh
raislariga arzini aytib, Abu Jahldin haqqini olib berishlarini talab qildi. Anda Quraysh
raislari bir chetda o‘tirgan Payg‘ambarimizga ishorat qilib: «Hammamizning kattamiz
ana shu kishidur. Sening haqqingni olib berishga shundin boshqa hech kim yaramaydi»,
dedilar. Bundin g‘arazlari ersa, Payg‘ambarimizni masxara qilishib, Abu Jahl bilan
urishtirish edi. Bularning xiyonatlik so‘ziga bechora badaviy ishonganidin, to‘g‘ri
Payg‘ambarimizga kelib:
— Ey muborak odam, men bo‘lsam bu shaharga kelgan musofirdurman. Abul Hakamga
bir tuya sotgan edim, shu kungacha pulini bermasdin, meni ko‘p ovora qildi. Anavi
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |