www.ziyouz.com kutubxonasi
39
Navfal ibn Abdu Manof, Abul Baxtariy, Zam’a ibn Asvad bir kecha o‘zaro o‘tirishgan
majlislarida bu ahdnoma ustidin so‘z chiqdi. Birovlari turib, aytdiki:
— Bu andog‘ muruvvatsizlik ishdur, Qurayshning ikki urug‘i ochu zorlikda qirilishga keldi,
shular ichida har qaysimizning qavmu qarindosh, og‘a-inilarimiz bordur. Abul Hakamning
bizga o‘xshash, ularning orasida amma-xolalari bo‘lsa edi, ilgariyoq ahdnomani o‘zi
buzishga boshlar edi, — deganida hammalarining xayollari buzildi. Bu kuni yuqorida
nomlari yozilganlardin Hishom ibn Amr Zuhayr ibn Abi Umayya oldiga keldi. Bu kishi
ersa, Payg‘ambarimizning ammalari Otika o‘g‘li edi. Anda Hishom:
— Ey Zuhayr, Bani Hoshim sening o‘z tog‘alaringdur. Alar shu ochu-yalang‘ochlikda, xor-
zorlik ila xalqqa aralashmasdin jilg‘a ichida qamalib yotsalar, endi sen shular holini ko‘rib
turib, yeb-ichib yurishga qandog‘ chidaysan? Qasam ila ayta olamanki, agar Abul
Hakamning tog‘alari bo‘lib, shu holga tushsalar, hech vaqt bu ishga rozilik berib turmas
edi. Sening qarab turishingni ajab ko‘raman, — dedi:
— Ey Hishom, bu ishda yolg‘iz maning qo‘limdin nima kelur, agar biror kishi menga
qo‘shilsa edi, Xudo haqqi, bu ahdnomani buzishga boshlar edim, — dedi Zuhayr.
Anda Hishom:
— Andog‘ bo‘lsa, senga bir yo‘ldosh topdim, u ham bo‘lsa o‘zimman, — dedi.
Buni onglashi bilan Zuhayr yana bir kishi topishga buyurdi. Endi ish shu bilan
boshlangani turdi. So‘ngra Hishom bu yerdin chiqib Mut’im ibn Adiy oldiga kelib:
— Ey Mut’im, Abdu Manof naslidin ikki urug‘ halok bo‘lishiga sen rozimi, ul
rahmsizlarning ko‘ngli uchun shundog‘ jabru zulm ustida qarab turdingmu, agar
boshqalar haqida ish shu holga yetgan bo‘lsa edi, sizlardin ilgariroq bu ahdni tashlar
edilar, — dedi. Bu so‘zdin Mut’im qattiq ta’sirlandi va dedi.
— Men yolg‘iz kishi bu ahdni buzishga qandoq jur’at qilaman? — dedi.
— Yolg‘iz emassan, — dedi Hishom.
— Kim edi ul?
— Men ikkinchi bo‘lib, senga bu ishda yordurman. Uchinchini ham topib qo‘ydim. Zuhayr
ibn Abi Umayya.
— Hoy, andog‘ bo‘lsa, to‘rtinchi bir kishi topar esang, bu ishning vujudga chiqishida shak
yo‘qdur, — dedilar. So‘ngra Hishom Zam’a ibn Asvad qoshiga kelib, yuqoridagilarga
degandek so‘zlar bilan buning ham hamiyatini qo‘zg‘adi. «Bu ishda bizdan boshqa kimlar
bor?» deb so‘raganida yuqoridagilarni ko‘rsatdi. Shundog‘ bo‘lib, bu olti odam bir kecha
yashirin ravishda Makka shahrining yuqorisi Hajjun degan joyda shu masala ustida
yig‘ilishdilar, va shu majlisda sahiyfa ahdnomasini buzishda ittifoq ila barobar turishga,
qattiq va’da berishib tarqadilar. Bu masalani qo‘zg‘ash uchun so‘z chiqarishni Zuhayr ibn
Abi Umayya o‘z ustiga oldi. Quraysh raislarining odatlaricha, ertalab Baytulloh oldiga
yig‘ildilar. Shu chog‘da Zuhayr ibn Abi Umayya egniga oliy liboslar kiygan holda kelib
Baytullohni yetti aylanib, tavof qildi. So‘ngra turib, baland ovoz ila qichqirib:
— Ey ahli Makka, biz bunda o‘z rohatimiz ila yeb-ichib farog‘atda yotsak, Qurayshning
ikki urug‘i — Bani Hoshim, Bani Muttalib, bular ochu zorlikka qolib qirilishga
yaqinlashgan bo‘lsalar, biz yiroqdin alarning achinarlik hollariga tomosha qilib tursak, bu
qandog‘ ko‘ngli qoralik, rahmsizlikdur. Ulug‘ Alloh taolo oti ila ont ichamanki, ul zulm,
xiyonatkorlik qora sahiyfa ahdnomani yirtib, parchalab tashlamaguncha, turgan
o‘rnimdin o‘lturmayman, — dedi.
Anda Ka’baning bir tarafida o‘ltirgan Abu Jahl so‘zni eshitishi bilan o‘rnidan sakrab turib:
— Bu sahiyfa hech qachon yirtilmaydi, ahdnoma shartlari hech vaqt buzilmaydi, bu
so‘zni bekor aytursan, — deb shovqin soldi. Bunga qarshi Zam’at ibn Asvad turib:
— Sen bekor aytursan, buni buzmaguncha qo‘ymaymiz, aning turishiga rozi emasmiz, —
dedi. Bu ikkovini quvvatlab, Mut’im ibn Adiy:
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |