www.ziyouz.com
kutubxonasi
175
bilan gaplash. Boshimni og‘ritma.
— Men prokurorning topshirig‘ini bajaryapman,— dedi Zohid ovozini sal balandlatib,
so‘ng bu «Ishkal» bilan yaxshilikcha gaplashish qiyinligini bilib, ohangni o‘zgartirdi: —
Men shahar prokuraturasining tergovchisiman. Ko‘chadan kelgan mishiqi bola emasman.
Marhamat qilib, meni sensiramang. Savollarimga esa to‘la va aniq javob bering. Agar bu
yerda gaplashishni istamasangiz, marhamat prokuraturada gaplashaylik.
— Endi uka, mendan ranjima, shu yoshga chiqib, o‘zimdan kichiklarni sizlamaganman.
Sizlay olmayman, xafa bo‘lma, — deb bir oz pasaydi «Ishkal».— Endi bu ishni
topshiribdi, deb hovliqaverma. Qamalganlarning hammasi «begunohman» deb ariza
yozadi.
— Qizig‘i shundaki, u ariza yozmagan.
— Unda nega boshni qotirasan?
— Arizani jabrlanuvchi yozgan. Zo‘rlagan u emas edi, deyapti.
— Gapiraveradi. Qilar ishni qilib qo‘yib, endi qiliq qiladimi? Menga qolsa, Botirovni
qamamasdim. To‘g‘ri, zo‘rlamagan. Qizning o‘zi xohish bildirgan. Lekin baribir qonun
degan narsa bor. Sovet hokimiyatida yashayotganiga shukr qilsin. Ilgarigi zamonlar
bo‘lganda toshbo‘ronda o‘lib ketardi.
— Toshbo‘ronga ham qozi hukm qilardi. Guvohlar tasdiq etsa, hukm qilinardi.
Mirshabning aytgani bilan o‘ldirilmas edi.
— Xo‘p, nima demoqchisan? So‘raydiganingni so‘ra, falsafa so‘qma menga.
— Jinoyatchini tanish marosimida qoidani buzgansiz.
— Nima qilib buzibman?
— Uchta yigitning o‘rtadagisi, kurtka kiygani, deb qizni ogohlantirgansiz.
— Adashib ketib boshqa bir bechorani ko‘rsatmasin, dedim.
— Botirovning qo‘liga kishan solib ularning oldidan olib o‘tgansiz. Tanish marosimida
ham kishanni yechib qo‘ymagansiz. O‘sha kuni qiz siz aytganday qilib, Botirovni
ko‘rsatgan. Keyin fikridan qaytgan.
— Uni qo‘rqitishgan yoki katta pul berishgan.
— Unisi ham, bunisi ham bo‘lmasa-chi? Vijdoni yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa-chi?
— Vijdon? U behayoda vijdon nima qiladi?
— Unday demang, qizingiz tengi...
— Sen qizimni oraga qo‘shma! — «Ishkal» shunday deb so‘kinib yubordi-da, titroq
barmoqlari bilan sigaretni labiga qistirib, tutatdi.
Nikohning ertasiga uyiga qaytarilgan, shundan beri uchinchi er bilan yashayotgan qizini
Zohid tilga olib, uning yarasini yangiladi. Bundan bexabar Zohid uzr so‘radi. «Ishkal»
sigaretni burqsitib tutatgan holda asabiy ohangda dedi:
— Senga o‘g‘il bola gapni aytaymi: qo‘lingdan hech narsa kelmaydi. Botirov qamalishi
kerak edi, qamaldi. Yuqoridan topshiriq bo‘lgan.
— Qanaqa topshiriq?
— Ular jinoiy guruh tashkil qilishgan. Boshlig‘i avariyada o‘ldi. Bular qamaldi. O‘shanda
boshqa chora yo‘q edi. Balki hozir... zamon o‘zgardi. Eplasang, chiqarib yuborarsan.
— Demak, u aybsiz?
— Men unday demadim. Senga... hazillashdim. Bor endi, boshimni og‘ritma.
Ikki odam yerga baravar qaraganda biri ko‘lmakni, ikkinchisi esa o‘sha ko‘lmakdagi
quyosh aksini ko‘radi. Hozir «Ishkal» bilan Zohid shunday holda edilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |