www.ziyouz.com
kutubxonasi
100
tirqish qolmasin, — u shunday deb hali bo‘yoqdan chiqmagani uchun ko‘chib kirilmagan
uyga sinchiklab razm soldi-da, Sharifga: — qani, Xiva xoni, uyingga boshla, — deb
buyurdi.
Eski uyga kirgach, urinib qolgan xona anjomlariga ajablanib qaradi. O‘rtadagi eski
dumaloq stolni aylanib o‘tdi-da, xona to‘ridagi divanga o‘tirdi. Keyin yon cho‘ntagidan
qizil rangdagi guvohnomasini chiqarib:
— Arina Berger, SSSR prokuraturasidanman, — dedi-da, Sharifga ko‘z-ko‘z qilgach,
joyiga solib qo‘ydi. So‘ng sigaret kulini gilam ustiga qoqib, Sharifga savol nazari bilan
qaradi: — xo‘sh, o‘zing ko‘rsatasanmi yo bizni qiynaysanmi? Bilib qo‘y, bizni qiynasang,
o‘zingga yomon.
— Nimani ko‘rsatay?
— Ovsarmisan? Qani, o‘ylab ko‘r-chi? SSSR prokuraturasiga nimani ko‘rsatish mumkin?
Erkakligingning isbotinimi? — Berger masxaraomuz tirjaydi.
Ayol kishidan bunaqa gap chiqishi mumkinligini o‘ylamagan Sharif sal dovdiradi:
— Unaqa deganim yo‘q... Aniqroq ayting-da...
— Anig‘imi? To‘plagan boyligingni ko‘rsat menga!
— To‘plagan boyligim... Yo‘q...
— Yo‘qmi? Bu uyni qaysi pulga qurding?
— Uynimi... oshna-og‘aynilarim...
— O‘chir! Men senga cho‘pchakka ishonadigan qizcha emasman. Sibirga vinolarni
tekinga yubordingmi?
— Sibirga?.. Yo‘q, davlat belgilagan narxda yuboriladi.
— Namozov! Seni olim deyishuvdi. Olimmisan, ahmoqmisan — ayt! Yo‘q, aytma. Shu
turishingdan ma’lum — to‘nkasan sen! — U shunday deb Sharif tomonga qarab «chirt»
etib tupurdi. — Sen sassiq hayvonni deb men ikki qit’ani bosib, uchib keldimmi?
Shu payt hovlida Nasibaning «Kimsizlar, nima qilyapsizlar?» degan ovozi keldi.
— Kim u? — deb so‘radi Berger.
— Xotinim...
— Vlad, olib kir uni.
Sharifning orqasida turgan yigit tashqariga chiqib, Nasibani boshlab kirdi.
— Voy, dadasi, nima bo‘ldi? — dedi Nasiba ostona hatlamay turib.
— Jim! — deb baqirdi Berger. — Faqat ruscha gaplashilsin! Namozovamisan? Yaqinroq
kel. Demak, sen bu nusxaning xotinisan?
— Ha, — dedi Nasiba bosh irg‘ib. U ruschaga no‘noq edi. Shunday bo‘lsa ham eplashtirib
so‘radi: — nima kerak?
— Savolni men beraman, Namozova! — Berger sigaret tutatib, kulini gilam ustiga qoqdi:
— Nechta bolang bor?
— To‘rtta... uch o‘g‘il, bir qiz.
— Ha... bolalaringga ota zarur ekan. Menga qara, Namozova, agar senga er kerak
bo‘lsa, aytasan: ering pullarni qaerga yashirgan?
— Pul? Qanaqa pul? — Nasiba shunday deb eriga qaradi. Sharif «O‘zim ham
hayronman?» deganday yelka qisdi.
— Ko‘zimga qara! — deb baqirdi Berger. — Aytsang— er seniki. Aytmasang olib
ketaman. Suyaklari qamoqda chiriydi.
— Arina Iosifovna, qo‘shnilarni chaqiraymi? — deb so‘radi yigitlardan biri.
— Yo‘q, avval aytishsin. — Yigit «tushunarli» deganday iziga qaytgach, Berger Sharifga
qaradi: — Namozov, Kozlov bergan ikki millionni qaerga qo‘yding? Yaxshilikcha ayt.
Bergerga Moskvada berilgan ma’lumotda «Kozlov bir million yuborgan», deyilgan bo‘lsa-
da, u «To‘plab qo‘ygani ham bor», degan ishonchda «ikki million»dan gap ochgan edi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |