www.ziyouz.com
kutubxonasi
108
tushgan boladay shoshilib qoldi.
— Musulmonman...
— Alhamdulillah, musulmonsiz, — deb to‘ldirdi Botirov.
— Ha, alhamdulillah, musulmonman, — deb kamchiligini tuzatdi Zohid, — lekin...
ochig‘ini aytsam, namoz o‘qimayman.
— Olloh sizni va siz kabilarni o‘zi isloh etsin. Siz «Bu qanaqa tentakki, qamoqda o‘tirib
shukr qilsa», deb fikr qilayotgan bo‘lsangiz ajab emas. Sizdan «musulmonmisiz» deb
so‘raganimning boisi shundan iboratki, har bir muslim har nafasida Yaratganga shukrlar
qilmog‘i farzdir. Siz tongda uyg‘onganingizda Rabbimga shukr qilasizmi?
— Yo‘-o‘q, — deb tan oldi Zohid.
— Shunisi yomon-da. Axir bir o‘ylab ko‘ring: agar Olloh iroda etmasa uyg‘onmaysiz-ku?
Uyqu — yarim o‘lim demak. Qanchadan-qancha insonlar tunda uyquga ketadilar, ammo
uyg‘onmaydilar. Buni o‘ylab ko‘rmagandirsiz, a? Necha yuz yoki ming inson ertalab
xizmatiga ketadi. Uyiga esa qaytmaydi. Ko‘chadami yo xizmat joyidami omonatini
topshiradi. Siz bilan gaplashib turgan shu damda qancha odam nafas oldi-yu, nafasga
qo‘shib jonini ham chiqardi. Shunday ekan, yolg‘iz Ollohga shukr qiling. Qamoq esa... Bu
Rabbimning sinovlaridan biri. Rabbim Haq-taolo aytadiki: «Ey, bandalarim, men
bandalarim ichidan bir mo‘’min kishini biron musibat yetkazib imtihon qilsam, u menga
hamd aytib, mening imtihonimga sabr qilsa, u o‘sha joyidan turganida gunohlaridan
onasi tuqqan kunidek pok bo‘lib turadi». Bu kalomning ma’nosini angladingizmi? To‘g‘ri,
menga zulm qildilar. Lekin ular qiyomatda shunga yarasha o‘z ajrlarini oladilar. Men
ulardan nolimayman. Ularni qarg‘amayman. Olloh menga shu qamoqni lozim ko‘ribdimi,
shunisiga shukr. Chunki bundan battar zulmga ro‘baro‘ bo‘lganlar bor.
Zohid uning gaplarini diqqat bilan eshitib, o‘ylandi. Nazarida Botirov hali o‘ttizga
kirmagan yigit emas, oltmish yoki yetmish yillik umr yo‘lini bosib o‘tgan, oq-qorani
yaxshi ajrata oladigan donishmand bir mo‘ysafidday tuyuldi.
— Uzrliman, birodar, men sizni asl maqsadingizdan bir oz chalg‘itdim. So‘raydiganingizni
so‘rayvering. Har ikkimizni Haq yo‘lidan adashtirmaslikni yolg‘iz Ollohdan so‘raylik.
Mahbusni so‘roq qilgani kelgan tergovchi bu gaplardan so‘ng noqulay ahvolga tushdi.
So‘roqni boshlagisi kelmadi. Buni sezgan Botirov yana:
— So‘rayvering, birodar, — deb qo‘ydi.
Zohid xayolini jamlash uchun qog‘ozlariga tikildi. Bir oz fursat shu zaylda o‘tgach,
boshini ko‘tarib Botirovga qaradi:
— Botirov, birinchi marta nima uchun qamalgan edingiz?
— Birinchi martami?.. Bu juda eski gap-ku, birodar?
— Eski bo‘lsa ham bilishim kerak.
— Qog‘ozda yozilganlari to‘g‘ri. Men o‘shanda zulm qilganman. O‘sha yigitning biqiniga
mixburagichni sanchib olganman. Yosh edim, tezlik qilganman.
— Dastlabki tergovda «Bu yigitlar yomon haqorat qildilar», degansiz. Batafsilroq aytib
bera olasizmi?
— Batafsilmi?.. Shartmi shu?
— Shart.
Botirov boshini quyi egdi. Uning bu holatidan o‘tmishini eslashga mayli yo‘qligi sezildi.
Zohid «Mayli, xayolini jamlab olsin», degan fikrda unga boshqa gap qo‘shmadi. Bir-ikki
daqiqalik sukutdan so‘ng Botirov boshini ko‘tardi. Ana shunda Zohid uning ko‘zlarida
beg‘uborlikni, yuzlarida esa ajib nurni ko‘rdi.
— O‘smirlikning cho‘qqisiga yetganimda o‘zimga yarasha qaysar edim. Xudo meni kuch-
quvvatdan qismagan edi. Shayton alayhila’na esa meni kibr bulog‘i suvidan sug‘orib
turar edi. U paytlarda men bularni anglamas edim. O‘zimga bino qo‘yib yuraverardim.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |