www.ziyouz.com
kutubxonasi
105
ko‘ryapsizmi? Mana shu burnim juda sezgir-da. Hozirning o‘zida jinoyatning hidini sezib
turibdi. O‘rtoq prokuror, bu akaxon Yaltaga o‘ynashlarini achomlab jo‘nashlaridan oldin
do‘xtirga ozginagina choychaqa uzatib «Narkozni ayamang, bechora bu dunyoda qiynalib
ketdi, uxlaganicha uyg‘onmay qo‘ya qolsin», deganlar.
— Tuhmat!
— O‘rtoq prokuror, sizdan maslahat so‘ramoqchiman: murdani kavlab olib tekshirishni
nima deyishardi?.. Ha, eksgumatsiya! Ekspertiza uning kasali, berilgan narkoz darajasini
aniqlab bersa kerak, deyman, a? Ana undan keyin do‘xtirjon ham sayrab berarlar? Ana
shunda bu akaxonni ikki qo‘llab sizga uzatamiz. Axir qotillik bilan ko‘proq prokuratura
shug‘ullanadi, to‘g‘rimi?
— Andishaning otini qo‘rqoq demang, og‘ayni. Meni qo‘rqitmay qo‘ya qoling, yosh bola
emasman. Qonunni sizdan boshqa biladiganlar ham bor. Eksgumatsiya qilgingiz kelsa,
qilavering. Ammo bilib qo‘ying: shaxsan o‘zimning ishtirokimda ochasiz.
— Ie, bo‘lmasam-chi? — dedi Hamdam qo‘llarini yoyib. — Sizsiz bo‘larkanmi bu ish. Endi
gapni ko‘paytirmay qo‘ya qolaylik. Maslahatimiz pishdi, a? Endi mana bu yerga
chiroylikkina imzoingizni qo‘yib bering.
— Nima bu?
— Avval o‘qing. Qonunda avval o‘qib keyin qo‘l qo‘yilsin, deyilgan. Siz ish bir yoqlama
bo‘lgunicha shahardan tashqariga chiqmay turasiz. Chaqirganim zamonim «Labbay!»
deb yetib kelishingiz kerak bo‘ladi. Bolaligingizda pioner bo‘lgansiz-ku, a? Shioringiz
«Vsegda gotov!»midi? Ha, bilar ekansiz. Mabodo bitta-yarimta sizga telefon qilib qolsa,
shu shior esingizda tursin.
— Mening telefonim ishlamaydi, bu bir. Ikkinchidan men pioner bo‘lmaganman. Shu
shiorni bilmaganim uchun «Mafkurang buzuq», deb qabul qilishmagan.
— Xotirjam bo‘ling, telefoningizni ishlatib qo‘yishadi. Mafkurangizni ham sozlab
qo‘yishadi.
O‘zaro piching toshlari otib tugatilgach, tilxatga imzo chekildi-yu, «qaynona tuhmatiga
uchragan bechora kuyov» xonani tark etdi. Eshik yopilishi bilan Hamdam uning izidan
g‘azab toshlarini otdi.
— Hayvon! To‘ng‘iz!
«To‘ng‘iz» «unvoni» kamlik qildimi, keyingi «tosh»lar uning onasi-yu, amma-xolalarini
tilga olish bilan otildi.
— Ko‘rdingmi, bu it emganni, — dedi Hamdam, sal hovuri bosilgach. — Beshta bolasi
bor ekan. Ko‘ngli yangisini tusab qolgan bu buqaning. «Ish»ini sudga oshirmay bo‘g‘ib
o‘ldirib qo‘ygim kelyapti.
— Hali aybi isbotlanmadi-ku, balki chindan ham qaynonasi...
— Sen prokuror, hali bolasan. Bunaqa ishlarga aqling yetmaydi. Hozirgina aytdim-ku,
burnim sezgir, deb... Xo‘p, buni qo‘yaver, o‘zingning ishlaring qalay?
— Yuribmiz ishla-ab...
— Asadbeklarni qo‘lga olibsanmi, a?
Hamdamdagi qolgan-qutgan zahar tomchilarining o‘ziga atalganini sezgan Zohid uning
pichingiga e’tibor bermay:
— Olyapmiz, — deb qo‘ydi.
— Olyapsizmi yo cho‘kyapsizmi?
— Unisi ham, bunisi ham.
— Keyingisi to‘g‘riroqdir.
— Balki... Siz mabodo Hosilboyvachcha degan odamni eshitmaganmisiz?
— Bunaqa zo‘rlarni prokurorlar eshitishadi. Biz bir kichkinagina izquvar bo‘lsak... «Fas!»
deyilsa yuguramiz. Yetib olsak, bosamiz, tishlaymiz, «Fu!» deyilsa — qo‘yib yuboramiz,
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |