www.ziyouz.com
kutubxonasi
204
— Namozov! Chiq! — deb buyurdi.
Dilgir o‘tirgan Sharif soqchining amrli ovozini eshitib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qamoqxonada
yolg‘iz ezilib o‘tirish durustmi yo tergovchi bilan uzundan-uzun suhbat qurishmi —
bilmasdi.
Soqchi dahlizdagi sherigiga Sharifni topshirib, o‘zi eshikni sharaqlatib yopdi.
Xuddi avvalgi qamoqdaligi kabi...
Ko‘ngliga «Chiqarib yuborishsa edi», degan umid quyoshi mo‘raladi.
U avvalgi safardagiday yurib bordi. Faqat... Zinalardan pastga emas, yuqoriga ko‘tarildi.
Hovliga chiqmadi, balki yana uzun dahliz bo‘ylab yurdi. Endi u tergovchi bilan uchrashuvi
aniqligiga ishondi. Soqchi Sharifni chog‘roq xonaga boshladi. Avvalgi safar bunday
xonada qaldirg‘och mo‘ylovli yigitga duch kelgan edi. Bu safar bir semiz odamga ro‘para
bo‘ldi. Bu semiz ham o‘sha mo‘ylovli yigitga o‘xshab, faqiriga mensimay qaragan podsho
kabi ilkis nazar tashlab qo‘ydi. Qandaydir qog‘ozlarga imzo chekdi. Yigit shunday qilib
turib:
— Namozov, siz ozodsiz. Ayblaringiz isbotlanmadi, — degan edi.
Bu semizdan ham shunday so‘z kutdi. Ammo uning o‘rniga u odam:
— Qo‘llaringni uzat! — deb buyurdi.
Sharif amrni beixtiyor bajarishi bilan, u chaqqonlik bilan bilaklariga kishan soldi-da:
— Bo‘ldi, olib chiq, — deb orqadagi soqchiga buyurdi.
Avvalgiday bo‘lmadi. Uni hammayog‘i berk mashinaga chiqardilar. Mashina tebranib,
ancha yurganidan so‘ng bir joyda ko‘p vaqt to‘xtab turdi. Sharif uchoqlarning ovozini
eshitib, ajablangancha o‘tiraverdi.
Mashina eshigi ochilgandan so‘ng u o‘zini bahaybat uchoq oldida ko‘rdi. Mashinadagilar
uni Berger bilan Vladga topshirishdi-da, qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirib olib, izlariga qaytdilar.
Vlad kurtkasini yechib Sharif-ning qo‘llarini bog‘lab turgan kishan ustiga tashladi. Bir
yonida Berger, bir yonida Vlad bilan Sharif xuddi xavfli jinoyatchi kabi uchoqqa chiqdi.
Uning qo‘llari kishanlanganligini uchoqdagilarning ko‘pchiligi sezmadi ham. Ustida
plashchi bor odam nega charm kurtkani quchoqlab olibdi, deb o‘ylaguvchilar ham
bo‘lmadi.
Uchoqda deraza tomonda Arina Berger, o‘rtada Sharif, chetda Vlad o‘tirdi. Uchoq bekasi
suv olib kelganda ham, ovqatlanish paytida ham kishan yechilmadi. Berger «G‘iring
desang yoki qimirlasang otaman» degani uchun jim o‘tiraverdi.
Jim o‘tirmaganda nima bo‘lardi?
Deylik, u kishanli qo‘llarini ko‘tarib «Birodarlar, meni qutqaringlar, bular meni begunoh
qamashdi! Bularda insof yo‘q! Bular xotinimni ham zo‘rlamoqchi bo‘lishdi!» degani bilan
birov o‘rnidan turarmidi? Nari borsa qayrilib qarab qo‘yishadi. Insoflirog‘i «Bechora» deb
achinib qo‘yadi. Shu xolos... Adolat istab baqirgani uchun o‘q yemagan taqdirda ham
bo‘yniga Vladning gurziday mushti tushishi tayin.
Uchoqdan hammadan keyin tushishdi. Ularni hammayog‘i berk mashina kutib turardi.
Berger uni qamoqxona vakillariga topshirib, o‘zi Vladni qo‘ltiqlagancha nari ketdi.
Uchoqdan mashinaga chiqquniga qadar Sharif qor bo‘ronida sovqotdi. Tishlari ham
takillab qoldi. Mashina avvaliga iliq tuyulgan edi. Dam o‘tmay ayoz zabtiga oldi.
Uni «Matroskaya tishina» degan sururli nomda yuruvchi Moskvaning qadimgi turmasiga
olib keldilar. Soqchi ikki tomoni temir eshiklardan iborat dahlizdan o‘tgach, oxirgi eshikni
ochdi-da:
— Joy yo‘q, bitta-yarimta bilan galma-gal yotasan, — deb kiritib yubordi.
Bu ogohlantirish Sharifga g‘alati tuyuldi. U mehmonxonalarda «joy yo‘q» degan gapni
ko‘p eshitgan, ammo qamoq, ayniqsa, ikki qavatli karavotlar bilan to‘la xonada joy
bo‘lmasligi uning uchun ajablanarli edi.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |