Shaytanat (2-kitob).
Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
119
Chuvrindi uyga hazin bir ahvolda qaytayotgan edi. Bugun unga onasining xastalanib
qolganini ma’lum qildilar. U «yana o‘sha eski darddir» deb o‘ylab, borishga shoshilmadi.
Mo‘ljaldagi ishlarni baja-rib bo‘lib, borib qarasaki, ahvol u o‘ylagandan yomonroq. Onasi
ayvonda
shiftga tikilib, bemajol yotibdi.
— Kayfi yo‘qmi? — deb so‘radi Chuvrindi peshvoz chiqqan uy bekasiga.
— Yo‘q, kechadan beri so‘ramaydi ham.
— Dispanserdan nima uchun olib keldingiz? — deb so‘radi Chuvrindi uy bekasidan.
— Xabar olgani borgan edim. Do‘xtirlar olib ketganingiz ma’qul deyishdi... — uy bekasi
shunday deb labini tishladi. U asosiy gapni ayta olmadi.
Chuvrindi shu paytgacha onasiga salom bermagan edi. Ajabki, o‘zi istamagan holda,
past ovozda bo‘lsa ham salom berdi. Onasi uning ovozini eshitib, shiftdan ko‘zini olib, u
tomon qaradi. Lablari titradi. Bir ozdan so‘ng yonog‘iga bir tomchi yosh dumaladi. Bu
ayolni tanimagan odam uni hali oltmishga
kirmaganiga zinhor ishonmas, kamida sakson
yil umr ko‘rgan kampir, deb baho berar edi.
Uy bekasi asosiy gapni aytolmagan bo‘lsa ham, Chuvrindi uning nima demoqchi ekanini
anglagan edi. Hozir onasiga qarab «Nahotki?» degan fikr yuragiga bir lahzalik yengil
titroq berib o‘tdi. Ona deyishga ham arzimaydigan bu shilta xotin o‘lsa
bir tukim ham
qilt etmasa kerak, deb o‘ylardi. Hozirgi ahvoliga o‘zi ham ajablandi. «Achinayapmanmi?
Nega? Bu dunyoda bor bo‘ldi nimayu yo‘q bo‘ldi nima? O‘ziga yarashasini oldi. Itday xor
bo‘ldi. Endi xorliklardan qutuladi. U-ku xorlikdan qutuladi. Men-chi? Isnoddan qachon
qutulaman?»
Chuvrindi onasiga qarab shularni o‘ylardi. Shu o‘ylari bilan yuragida g‘imirlayotgan
achinish hissini bo‘g‘moqchi bo‘lardi.
Onasi esa... unga qaraganicha unsiz yig‘lardi.
Nima uchun yig‘layotganini o‘zi ham bilmasdi.
Bu dunyodan qanday armon bilan o‘tayotganini idrok qila olmasdi...
O‘g‘liga
bir nima degisi kelardi, ammo tili gapga aylanmas edi...
Nima desin? «Bolam» desinmi? Haqqi bormi shunday deyishga. Tuqqanidan beri biror
marta «bolam» deb suymagan, endi o‘lari oldida shunday deyishga til ham
bo‘ysunmaydi. Yuragida «Bolajonim!» degan faryod uyg‘onadi,
ammo qotib qolgan til,
bu faryodni egasiga yetkazib bera olmaydi. Yurakning tarjimoni bo‘lmish til ojiz...
«Rozi bo‘lgin», desinmi? Qaysi qilgan yaxshiligi uchun rozilik tilaydi?
«Roziman» desinmi? O‘g‘li zormi ekan uning rizoligiga?
Bu ayolning hozirgi ahvolini bilgan odam umr bo‘yi Yaratganga munojot etib, «Yo
Rabbim, meni bu bandang holiga sola ko‘rma» deb zorlanib o‘tardi.
Chuvrindining onasi «bolam» deya olmayotganidan, rozi-rizolik tilay olmayotganidan
o‘kinmas edi. Chunki bunday tushunchalar uni allaqachonlar tark etib ketgandi.
To‘mtoqlashgan aqli ja’miki nurli tuyg‘ularni bo‘g‘ib o‘ldirib bo‘lgan edi.
U yana bir necha
soatlik yoki bir necha kunlik umri qolganini bilmas edi. O‘lim to‘shagida azob chekib
yotardi, deyish nojoizdir, chunki u aroq topolmagan kezlari bundan battar azobga duch
kelardi...
Hozir yig‘lagisi keldi. Unsizgina yig‘ladi.
Avvallari kulgisi kelardi, kulardi, maishat qilgisi
kelardi, qilardi. Ana endi yig‘lagisi keldi...
Ajab manzara: ona va o‘g‘il... Hech qachon birga bo‘lmagan, hech qachon bir-biriga
mehr ko‘rsatmagan ikki tirik jon. Bu dunyoda nima uchun yashamoq lozimligini
anglamagan ikki banda. Bir-birlariga aytmoqqa so‘zlari yo‘q...
Mudhish manzara: hademay jon berishi mumkin bo‘lgan onasiga aytmoqqa o‘g‘ilda so‘z
bo‘lmasa?!