Yaqinda diyorimizda nishonlanadigan umumxalq bayramlarining safiga yana biri qo‘shildi.
Bu Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonda 21-oktyabrni “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risidagi qonunga imzo chekilgani bilan yana-da ahamiyatlidir. Shu munosabat bilan ona tilimizning beqiyos imkoniyatlari, tilimiz tarixi va bugungi istiqboli to‘g‘risida bir necha qismdan iborat maʼrifiy darslar tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bugungi onlayn mashg‘ulotimiz “O‘zbek tilining tarixiy taraqqiyot yo‘li” deb nomlanadi.
Bugun koronavirus pandemiyasi butun dunyo xalqlari salomatligiga jiddiy xavf solib turgan bir paytda, O‘zbekiston aholisi ham bu ofatni mardonavor yengib o‘tish uchun astoydil harakat qilmoqda. Shular qatorida Navoiy davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari ham karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda, darslarni onlayn tarzda davom ettirmoqdalar. Ixtisoslik fanlari bilan bir qatorda, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan imzolangan bir qator yangi Qonun, Farmon va Qarorlarning mazmun-mohiyati bilan tanishib chiqish ham bo‘lajak mutaxassislarning siyosiy ongini, huquqiy bilimi va madaniyatini yana-da oshirishi tabiiy.
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.
Tilimizga davlat tili maqomi berilganiga ham 30 yil to‘ldi. Uning shonli rivojlanish tarixiga bir nazar tashlaylik. Maʼlumki, o‘tmishda Vatanimiz hududida mavjud bo‘lgan davlatlarda musulmon dini hukmron din hisoblangan. Bu davlatlar hududida davlat tili arab tili va qisman fors-tojik yoki turkiy (eski o‘zbek) tillari bo‘lganligi uchun ish yuritish hujjatlari, ko‘pincha, fors-tojik tili, baʼzan esa arab tilida yuritilgan. Lotin tili Yevropa uchun qanday rol o‘ynagan bo‘lsa, o‘tmishda arab va fors-tojik tillari ham O‘rta Osiyo hududidagi davlatlar uchun xuddi shunday nufuzga ega bo‘lgan. Lekin bundan O‘rta Osiyo hududidagi davlatlarda eski o‘zbek tilida umuman ish yuritilmagan edi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Maʼlumki, Ko‘hi Mug‘dan topilgan So‘g‘d hujjatlari orasida VIII asrda turkiy tilida yozilgan hujjat ham topilgan. Shuningdek, Xorazm shohi Muhammad, mo‘g‘ullar hukmronligi, Qutlug‘ Temur davri, undan keyingi Amir Temur davri, o‘zbek xonliklarida ko‘pgina hujjatlar eski o‘zbek tilida ham tuzilganligi haqida manbalarda qator dalillar mavjud. Bu borada temuriy Husayn Boyqaro (1438-1506)ning xizmati alohida diqqatga sazovordir. U maxsus farmon chiqarib, o‘zi hukmronlik qilgan davlatda eski o‘zbek tili (turk-chig‘atoy)da ish yuritilishini joriy etgan edi. Ammo o‘sha davrdagi ayrim siyosiy-ijtimoiy, huquqiy sabablarga ko‘ra, hatto aholisining mutlaq ko‘pchiligini o‘zbeklar tashkil qilgan Buxoro amirligi, Qo‘qon xonliklari devonlari hamda davlatning boshqa tashkilotlarida, o‘sha davr anʼanasiga ko‘ra, hujjatlarning asosiy qismi fors-tojik tilida tuzilgan.
Qadimdan Turon, Turkiston, Movarounnahr deb atalgan bu o‘lkada mavjud bo‘lgan davlatlarda davlat tili islom dunyosi tarkibiga kirguncha Xorazm, Baqtriya, So‘g‘diyona va Parfiya kabi hududlarda yunon, pahlaviy, turkiy tillar davlat tili sifatida xizmat qilgan. Jumladan, ahmoniylar davrida rasmiy-ish yuritish hujjatlarida oromiy alifbosi qo‘llanilib, oromiy tili davlat tili hisoblangan. Buni bizgacha yetib kelgan tangalar, g‘orlardagi yozuvlar, topilgan hujjatlar tasdiqlaydi.
O‘rta Osiyoda arablar bostirib kelgunga qadar davlat ishlari turkiy, so‘g‘diy, xorazmiy, buxoro so‘g‘di tillarida olib borilgan. Bunga 1932-yilda Mug‘ tog‘i qalʼasi xarobalaridan topilgan 80 dan ortiq hujjat misol bo‘la oladi. Ular ahdnomalar, nikoh haqidagi shartnomalar, tilxatlar, savdo-sotiq shartnomalari va boshqa yuridik hujjatlardan iborat bo‘lib, ularning asosiy qismi so‘g‘d tilida, qolganlari xitoy, arab, turkiy tilda tuzilgan. Tilshunos va tarixchi olim M.Isʼhoqovning kitobida ana shu hujjatlar tili keng tahlil qilinib, so‘g‘diy tiliga kirgan turkiy so‘zlar haqida ham qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan [Isʼhoqov M. Unutilgan podsholikdan xatlar. – Toshkent: Fan, 1992,].
Arab xalifalari: ummaviylar va abbosiy davridan Xurosonda turk hukmdori Sulton Maxmud G‘aznaviy davrigacha (998-1030) davlat tili arab tili hisoblangan.
Saljuqiylar davlatida ham yozuv-chizuv ishlari arab tilida yuritilgan bo‘lib, podsholar uchun fors tilida xat yozish uyat hisoblangan. Bu tilda ish yuritishgina emas, hatto badiiy, ilmiy asarlar yozish ham somoniylar davrigacha taqiqlab qo‘yilgan edi [Davlatshoh Samarqandiy. Shoirlar bo‘stoni (“Tazkirat ush-shuaro”dan].
Maʼlumki, arablar O‘rta Osiyoni bosib olishda Xurosonni tayanch nuqtasiga aylantirgan edilar. Har safar daryodan o‘tishganda, askarlar bilan birga ko‘plab ajamliklar shahar va qishloqlarga joylasha boshlaydilar. Shu tarzda Xuroson ikki daryo ortiga faqat arab tili madaniyati, shariat huquqini kiritishdagina emas, fors adabiy tilining, keyinchalik esa, uning davlat tili sifatida yoyilishida ham tayanch nuqta bo‘ldi. Xuroson va Movarounnahrda ikki adabiy til - turkiy va fors-tojik adabiy tillari shakllandi.
Shuni inobatga olish lozimki, hozirgi O‘zbekiston yerlariga arab tili chetdan qanday kirib kelgan bo‘lsa, fors tili ham bu hududga yaqin Xurosondan kirib kelgan edi. Arab tilining Markaziy Osiyo hududida tez va turg‘un yoyilishida, rasmiy-huquqiy hujjatlarning shu tilda yozilib tarqatilishida islom dini hal qiluvchi omil bo‘ldi.
Fors tili esa bu hududda mustahkam o‘rnashib, adabiyot va sanʼat haqida ko‘proq forslashgan Samarqand va Buxoro kabi Turkiston shaharlari ko‘pchilik aholisining tiliga aylandi. X.Vamberi eroniy tilli qadimgi aholini sartlar deb atab, bu so‘zning paydo bo‘lganiga 800-yil bo‘lganligini ko‘rsatadi. Shuni inobatga olish lozimki, shoir Muhammad Solihning “Shayboniynoma” dostonida Samarqandning aholisi sartlar deb yuritiladi. Turkiston davlatlarining bosh kentlari Buxoro va Samarqand bo‘lganidan keyin, davlat maʼmurlari ikki tilli tabaqaga ajraldi. Fuqaro maʼmuriyatida xizmat qiluvchi tabaqalar fors tilli aholidan, davlat boshliqlari, yuqori mansabdorlar, harbiy maʼmurlar va qo‘shin asosan turkiy tilli xalqlardan shakllanadigan bo‘ldi. Bu davrda fors-tojik tili davlat tashkilotlarida ish yuritish tili – davlat tili sifatida shakllana borib, bu til Turkiston hayotida muhim mavqega ega bo‘ldi. Natijada davlat hujjatlari butun o‘rta asr mobaynida aksariyat fors tilida yozila boshladi. Qadimshunos olim N. Rahmon ko‘rsatganidek, bunday holga birinchi marta Chingizxon davrida o‘zgarish kiritila boshlandi. Chingizxon o‘z buyruqlari, yorliqlari, esdaliklarini uyg‘ur yozuvida bitdi. Oltin O‘rda xonlari ham bu yozuvdan keng foydalandilar. Mo‘g‘ul va turkiy askarlarga, barcha aholiga Chingizxon buyruqlari uyg‘ur yozuvida va turkiy tilda yetkazildi. Uyg‘ur yozuvida xat bituvchilar baxshi va bitikchilar deb ataladi.
Turkiy tilning mavqei qoraxoniylar davrida biroz kuchayib, mo‘g‘ullar istilosidan keyingi davrlarda yana-da keng yoyildi.
Temurbek va uning avlodlari davlatida ikki tillilik qaror topgan bo‘lsa-da, eski o‘zbek (chig‘atoy) tilining davlat tili sifatidagi ahamiyati orta bordi. Temurbek davrida ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning guvohlik berishicha, davlat devonidagi asosiy hujjatlar uyg‘ur harflari bilan turkiy tilda yozilgan. Darhaqiqat, Q.Sodiqov va Q.Omonovlarning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XIV-XV asrlarda uyg‘ur yozuvi nihoyatda katta mintaqada tarqalgan va turkiy xalqlarning eng uzoq vaqt qo‘llagan yozuvlaridan biri edi Tarixiy manbalarda ko‘rsatilishicha, Xurosondagi Amir Temur avlodlari davlatining ko‘zga ko‘ringan vakili Xusayn Boyqaro (1438-1506) turk-chig‘atoy tilini devon tili deb eʼlon qilib, maxsus farmon chiqargan. Keyinchalik Xiva xonligi va Qo‘qon xonligida ham rasmiy ish yuritish o‘zbek tilida olib borilgan.
O‘zbek xonliklarida ish yuritish masalasiga kelsak, Xiva xonligida u asosan o‘zbek tilida, Buxoro hamda Qo‘qon xonligida esa o‘zbek va fors-tojik tillarida olib borilgan.
XVI-XIX asrlarda Xiva, Qo‘qon xonliklari chor Rossiyasi tomonidan bosib olingach, o‘lkada mustamlakachilik siyosati o‘rnatildi va davlat ishlarining barchasi Turkiston general-gubernatorining devonxonasi – kanselyariysi tomonidan olib boriladigan bo‘ldi. Bu yerda Chor Rossiyasining qonunlari keng yoyilib, ular asosan rus tilida rasmiylashtirilgan.
XX asrning birinchi choragi o‘zbek xalqi tarixida, uning madaniyati, adabiyoti va tili tarixida ziddiyatli bo‘lgan bir davrni boshlab berdi. Oktyabr to‘ntarishi, Sovetlar Ittifoqining tashkil topishi va Turkistonda milliy davlat chegaralanishining o‘tkazilishi O‘zbekiston Sovetlar Respublikasini vujudga keltirdi. Bu davrga kelib hukmron xalq esa o‘z tili – rus tilini butun davlat miqyosida singdirib bordi. Bu davrga kelib boshqa respublikalarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham o‘zbek tili ikkinchi darajaga surib qo‘yildi. Ilm, fan, davlat ishlari asosan rus tilida olib borilishi taʼminlandi.
O‘zbekiston Respublikasi tashkil topgandan keyin, 1924-yilning dekabrida davlat apparatida ish yuritish uchun o‘zbeklar va boshqa mahalliy xalqlarning vakillarini jalb etish masalasi paydo bo‘ldi, bu o‘sha davrda umumittifoq miqyosidagi muhim masalalardan biri edi. Bu masala ijtimoiy-siyosiy ahamiyatgagina ega bo‘lib qolmay, balki katta amaliy ahamiyatga ham ega edi. Davlat apparati tarkibini aholi soni jihatdan ko‘pchilikni tashkil qilgan xalqqa yaqinlashtirish zarur edi. Shuning uchun 1925-yilda O‘zSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi huzurida davlat, jamoat organlarini milliylashtirish Komissiyasi tuzilgan edi.
1928-yil 29-oktyabrida O‘zSSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Komiteti va Xalq Komissarligi Soveti, O‘zSSRning barcha tashkilot va muassasa, korxonalaridagi xodimlarning o‘zbek tilini o‘rganishlari majburiyligi to‘g‘risida maxsus qaror qabul qildi. 1930-yil avgustida mamlakatimizda qayta majburiy-hududiy rayonlashtirish o‘tkazilib, okruglar tugatildi. Shu munosabat bilan rayon doirasidagi davlat organlarida ish yuritishni lotin grafikasi asosidagi o‘zbek tiliga o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.
Sobiq sho‘rolar davrida ham o‘zbek tilida turli qonunlar, yuridik hujjatlar matni, davlat miqiyosidagi farmonlar, qarorlar, iqtisodiy-siyosiy rejalar va boshqalar nashr qilindi. Bu hol o‘zbek adabiy tilida ham maʼlum bir o‘zgarishlarning paydo bo‘lishi va shakllanishiga asos bo‘ldi. Ammo qayd qilingan tarixiy va huquqiy hujjatlar matni, avvalo, rus tilida tayyorlanar va keyinchalik u o‘zbek tiliga tarjima qilinar edi. Shu sababli ushbu hujjatlar matnidagi so‘zlarning aksariyat qismini rus tilida qo‘llaniladigan atamalar yoki ularning o‘zbekcha kalkalari tashkil qilardi.
Huquqiy hujjatlarning o‘zga tildan tarjima qilinishi ular tilida o‘zbek tiliga xos imkoniyatlardan to‘liq foydalanish imkonini bermasdi. Hatto bu borada ko‘zga tashlanadigan baʼzi harakatlar (o‘zbek tili tarixida qo‘llanilgan baʼzi arabizm va forsizm terminlarni isteʼmolga kiritish deb baholandi) “ikkinchi ona tili” hisoblanuvchi rus tiliga qarshi ish tutish deb qoralanardi. Mana shu va shunga o‘xshash ko‘pgina omillar sho‘rolar davrida o‘zbek tilida atamalarni ona tili bazasida yaratish va rivojlantirishga yo‘l qo‘ymadi.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, davlatimiz maʼnaviy, maʼrifiy, ijtimoiy, siyosiy sohalarda katta natijalarga erishdi. Ular orasida, ayniqsa, 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilingan davlat tili haqidagi qonun muhim voqealardan biri bo‘ldi. 1995-yil 21-dekabrda ushbu qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Ana shu qonunga ko‘ra, mamlakatimizda ilmiy-texnikaviy terminlarning o‘zbek tilida shakllanishi va rivojlanishiga alohida g‘amxo‘rlik qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining 8-moddasida shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon qilinadi”.
Qonunlarimizning har jihatdan to‘la mukammal bo‘lishi uchun qonun loyihalarini tayyorlash ishiga huquqshunoslar bilan birga tilshunoslarni ham ko‘proq jalb qilish lozim. Bunda tilshunoslarning maʼlum bir yuridik bilimlardan xabardor bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratish lozim. Chunki tilshunos olim maʼlum bir yuridik bilimlar, qonun yozish ilmi, qonun tili, uning o‘ziga xos xususiyatlari, yuridik atamashunoslik normalari haqida maʼlumotga ega bo‘lmasdan turib, qonun loyihasiga to‘la va atroflicha baho bera olmaydi, shu bois qonun loyihasi qabul qilish ishida qatnashuvchi tilshunoslarning yuridik bilimlarini oshirish maqsadga muvofiqdir.
Bugungi kunda, tariximiz va madaniyatimiz, ilm-fanimizga oid yirik asarlargina emas, 3500 dan oshiq arab va fors tillaridagi yuridik hujjatlar ham o‘z tadqiqotchilarini kutib yotibdi. Buning uchun tilimiz nufuzini oshirishga qaratilgan huquqiy baza bizda to‘liq yaratildi. Endigi vazifa – nutqiy odobimiz, mukammal savodxonligimiz va faol kitobxonligimiz bilan boshqalarga ibrat bo‘lishdan iborat
Do'stlaringiz bilan baham: |