www.ziyouz.com kutubxonasi
101
— Omadingni bersin... — Shunday deb go‘shakni joyiga qo‘ydi.
Avvaliga Jamshidning betoqatlik qilganiga achchiqlandi. Keyin uning ahvoliga tushundi.
U hali o‘zining «dorga osilib, so‘ng murdasi yoqib yuboril-gani»ni bilmaydi. Bilgani —
Asadbekning g‘azabga minib, uni o‘limga hukm etib yuborgani. Nimaga g‘azablandi —
hech kimga aniq ma’lum emas. Chuvrindi Asadbek bilan birga Elchinnikiga borgach,
Zaynabga aloqador bir ish bo‘lganini fahmlagan, ammo gumonga suyanib ish
ko‘rmaslikni odat qilgani uchun bu taxminga ishonib-ishonmaydi. Shu fikr dastlab
xayoliga kelganida «Nahot Jamshid shu darajada ahmoq bo‘lsa!» deb ajablandi.
Xayrlashar mahalidagi Jamshidning javdiragan ko‘zlariga boqib «yo‘q, bunday qilishi
mumkin emas», degan to‘xtamga keldi.
Asadbek o‘shanda buyruqni qat’iy tarzda bergan edi. Muhlat ham oz — hukm
ertalabgacha ijro etilmog‘i shart. O‘ylashga, mulohaza yuritishga fursat yo‘q. Buyruq
berilishi bilan Chuvrindi: «Balki ablahlik qilgandir, lekin dunyoda undan besh battar
ablahlar yashab yurganida u ham tirik qolsa bo‘lardi», degan aniq bir to‘xtamga keldi.
Lekin uning jonini qanday saqlab qolish kerak — shu muammo yechilmog‘i lozim edi.
Asadbekni fikridan qaytarish qiyin. Yagona yo‘l — o‘likxonadan egasiz o‘lik sotib olish.
Chuvrindi bu yo‘lning to‘g‘ri ekaniga shubha bilan qaradi, oxir-oqibat katta tashvishlarga
taqalishini ham oldindan ko‘ra bildi. Ammo o‘sha damda boshqa chorasi yo‘q edi. Bu
ishga o‘zlarining yigitlarini aralashtirishmadi. Jamshidni Chuvrindining o‘zi kuzatdi. Ikkita
kavkazlikni yoniga olib, murdani Kesakpolvon topib keldi. Murda yonayotgan
mahaldayoq Chuvrindi o‘zicha «bu — ikkinchi xato» deb qo‘ydi. Shilimshiqning osilib
turishini ham u ma’qullamagan edi. «O‘ldirdi, o‘chini oldi, xumordan chiqdi, endi
murdani yo‘qotib yuborish kerak», dedi. Lekin uning gaplariga quloq osmadilar. «Elchin
shuni ma’qul ko‘ribdimi, osilib turaversin», dedilar. Mana endi Zohid Sharipov degani
kavlashtirib yotibdi. Chuvrindi undan qo‘rqmaydi, ishning o‘zlari o‘ylaganlaricha
yopilishiga ishonadi, ammo ungacha ancha bezovta bo‘lib yurishi yoqinqiramaydi.
Zohidning chaqiruvidan so‘ng nozik akaxonlaridan biriga buni aytdi. U «rasm-rusmlarni
qilish kerak-da. Xo‘p, deb turing, bir oz kavlashtirib xumordan chiqsin. Sal og‘sa o‘zimiz
to‘g‘rilab qo‘yamiz», deb tinchlantirdi.
Hozir Jamshid bilan gaplashganidan so‘ng o‘yga tolib, mana shularni esladi.
3
Elchin Hosilboyvachchanikidan chiqqach, o‘ylab o‘tirmayoq shahar markazidagi uch
qavatli uy tomon yo‘l oldi. Bo‘tqaga uchrashib, Chuvrindining uyida ekanini aniqladi.
Bu kun Chuvrindi Hovuz polvonning iltimosini bajarish bilan ovora bo‘lib, yaxshilikka olib
boruvchi yo‘l topgan, ishni yuritish uchun yigitlardan birini endigina Farg‘onaga jo‘natib,
ko‘ngli tinchigan holda uyga qaytgan edi. Hali bir piyola choy ichishga ulgurmay,
eshikdan kirib kelayotgan Elchinni ko‘rib, hayron bo‘ldi.
— Ha, Hofiz, tinchlikmi? — dedi uni uyga boshlab.
Elchin Chuvrindi ko‘rsatgan joyga o‘tirib, muddaoga ko‘chib qo‘ya qoldi. Halimjon
Chuvrindini ham qiziqtirib qo‘ydi. Yo‘q, unda yigitni darhol xizmatga olish fikri tug‘ilmadi.
Chuvrindi bunaqa holda arqonni uzun tashlaydi. Kimgadir yaxshilik qiladi. Ana shu
paytda burunga burunduq ilishni ham unutmaydi. Vaqti-soati yetib, lozim bo‘lganda
burunduqni asta tortadi. Jamshidni qamoqdan barvaqt chiqishiga yordam berganida ham
uning sadoqatli yigit bo‘lishini o‘ylamagan edi. «Chiqaversin-chi, balki foydasi tegar»,
deb xayol qilgandi. Jamshid o‘sha yaxshilikka sadoqat bilan javob berdi. Asadbek
Jamshiddan so‘ng boshqa yigitlarni yoqtirmay turibdi, balki shu ma’qul bo‘lar, degan fikr
xayolini yoritib, Hosilboyvachchaga qo‘ng‘iroq qildi:
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |