www.ziyouz.com kutubxonasi
84
qiladigan hali tug‘ilmagan», degan ma’noni anglatgan edi.
Hosilboyvachcha uchun Asadbek yo‘ldagi tog‘, uni qanday qilsa-da, ag‘darishi, kemirib
bo‘lsa-da, tu- gatishi lozim edi. Aylanib o‘tish mumkin emas — tog‘ orqa tomondan
ham bosaveradi. Zaynabning o‘g‘irlanishi — bemalol hujumga o‘tsa ham bo‘ladi, degan
ishora edi. Asadbekka hamla qiladigan dovyurak topilibdimi, demak, yurishni boshlash
vaqti yetibdi. Elchinni to‘yga taklif etish — shunchaki bir sinov edi. Zaynabning o‘lik bola
tug‘ib, kasalxonada yotishi uni qat’iy hujumga kirishishga da’vat etdi.
U xushxabar olib kelgan Shomilning qo‘lidan gugurtni olib, to‘rtta cho‘pni chiqardi.
Uchtasining boshini birlashtirib, to‘rtinchisini yoqdi-da, tezlik bilan shu uchta cho‘pga
tutdi. Pov etib yonishi bilan puflab o‘chirgan edi, to‘rtala cho‘pning boshi qovushib,
uchoyoqli minoraga o‘xshab qoldi. Shomil xo‘jasining mahoratiga besh ketib, kulib
qo‘ydi.
— Shomil, mana buni qara, Asadbek Elchinni kuyov qildi, Jamshid o‘ldirildi, qizi o‘zini
osdi, bolasi o‘lik tug‘ildi... Hamma voqealarning boshi qovushmayaptimi?
— Shunga o‘xshaydi, — dedi Shomil o‘ylab ham o‘tirmay. U sobiq shogirdini, hozirda esa
xo‘jayinining aqliga tan bergan, shu bois aytganlarini mulohaza qilib ham o‘tirmas edi.
Hosilboyvachcha cho‘p ustini barmog‘ining uchi bilan bosgan edi, «minora» sochilib
ketdi.
— Asadbekni kimdir chinor degan edi. Chinorning ichini qurt yeya boshlabdi. Chetdan
tomosha qilib turaversang, g‘irt ahmoq bo‘lasan. Temirni qizig‘ida bosish kerak,
deyishganmi? Asadbekning qizi yotgan kasalxonada odaming bormi?
— Bor. O‘zimga tegishli bir jonon bor.
— Menga Zaynab kerak.
— Olib chiqaymi? — dedi ajablanib Shomil.
— Qani o‘yla-chi, yo toming ketganmi?
Hosilboyvachcha o‘ylash uchun fursat berganday jim qoldi, so‘ng o‘ziga-o‘zi gapirganday
dedi:
— Zaynab u yerdan giyohvand bo‘lib chiqishi kerak. Jononing uni ignaga o‘rgata
olarmikin?
— Men aytsam, o‘rgatadi.
— O‘rgatsin, ammo ehtiyot bo‘lsin. Birinchisini o‘ziga sezdirmasin. O‘zi ham olib
turadimi?
— Olganda-chi!
— Agar qovun tushirsa, men seni ham, uni ham tanimayman.
Bu po‘pisaga javoban Shomil tirjayib, g‘ilay ko‘zlarini o‘ynatib qo‘ydi. Shomil xo‘jasining
bu po‘pisasi quruq emas, amalga oshuvi muqarrar ekanini bilgani kabi, Hosilboyvachcha
bu tirjayishning ma’nosini yaxshi anglaydi. Bu tirjayishga g‘ilay ko‘zlarning o‘ynashi
qo‘shilgani — «ko‘nglingiz to‘q bo‘laversin, shu ishni eplamasam, bu dunyoda nima qilib
yuribman», deganidir.
Shomil muzlatgichni ochib, undan tunuka idishdagi fin pivosidan oldi-da, birini ochib
xo‘jasiga uzatdi. Ikkinchisini ochib, bir ko‘tarishdayoq bo‘shatdi. Hosilboyvachcha bir-ikki
yutum ichib, o‘ziga qaytardi. Shomil «sizniki tabarruk» deganday tirjayib uni ham
bo‘shatdi.
Zaynabni qo‘lga kiritish fikri Hosilboyvachchada ancha burun uyg‘ongan edi. Juvonning
o‘zini osishi bu xayolni haqiqatga tezroq aylantirish imkonini yaratganday bo‘ldi.
Bolaning o‘lik tug‘ilishi esa imkon darvozalarini keng ochib yubordi. «O‘zini osdimi,
demak, chorasiz qolgan, — deb o‘yladi u. — Otasiga ishonchi yo‘q. Otasining hukmida
yashash joniga tekkan. Hamma narsaga ega ayol bekordan-bekorga o‘zini osmaydi...»
Hosilboyvachcha Zaynabni qo‘lga kiritgan tarzda nima qilishni ham o‘ylab qo‘ygan.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |