www.ziyouz.com kutubxonasi
85
Zaynab bo‘yin bergach, uni qo‘yniga olmaydi, birga bo‘lmaydi. To‘g‘ri, ko‘rinishi, qad-
qomati binoyi, yosh... lekin otarchining sarqitiga kuni qolibdimi, degan malomatga toqati
yo‘q. Balki kayfchilikda totib ko‘rar... Zaynab — yigitlarniki. Kimga hadya etishni Shomil
biladi. Zaynabning birinchi vazifasi shu — yigitlar ko‘nglini ovlash. Bu qilig‘i ertami-
kechmi, otasiga ma’lum bo‘ladi. Asadbek qizining naqadar iflosligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa
yana-da yaxshi! Ungacha Zaynabning yana bir yumushi bor — uydagi gaplarni yetkazib
turadi. (Bunisi endi Hosilboyvachchaning xom xayoli. U Asadbekning uyda, ayniqsa
xotini, farzandlari huzurida ishdan gapirish odati yo‘qligini bilmaydi). Hosilboyvachcha
giyohvandlarni yaxshi biladi. Xumori tutganida qoradori uchun otasinigina emas, qo‘lida
bo‘lsa butun dunyoni ham sotib yuboradi.
Shomil xo‘jasining o‘yga tolganini ko‘rib indamay o‘tiraverdi. U shunga o‘rgangan.
Hosilboyvachcha yarim kun o‘ylansa, yarim kun jim o‘tiradi. Dunyoni suv bosib ketsa
ham jim o‘tiraveradi, xo‘jasining xayol surishiga halal bermaydi. Hosilboyvachchaning
Asadbekdan farqi shuki — bir o‘zi o‘ylaydi, bir o‘zi hukm chiqaradi. Uning bu odati
Chuvrindiga o‘xshagan aqlli a’yoni bo‘lmagani vajidan emas, balki o‘z aqlining
mukammalligiga ishonganidandir. «Shu paytgacha o‘z aqlimga suyanib pand yemay, shu
darajaga yetdimmi — demak, noto‘g‘ri ish qilmabman», deb o‘ylaydi. Kimdir o‘g‘liga
«sen chinor soyasi bo‘lma, chinorning o‘zi bo‘l», degan ekan. Shu hikmat
Hosilboyvachchaga juda yoqib qolgan. O‘shanda umri mazmunini chinor bo‘lmoqlik
uchun kurashdan iborat, deb belgilagan edi. Chinor bo‘lmoqlik — birovning aqli,
birovning maslahati bilan bitmaydi. Birovning aqli bilan ishlash — chinorning erkin
o‘sayotgan shoxlarini kesib turish demakdir. Hosilboyvachcha bunga toqat qilolmaydi. U
chinor shoxlarining erkin o‘smog‘ini, yanada kengroq maydonni qamrab olmog‘ini
istaydi.
— Sen Qilichdan xabar oldingmi? — deb so‘radi Hosilboyvachcha xayol surishni bas qilib.
— Xabar oldim. Ishlari nishtyak. Qachon chiqarib olasizlar, deydi. O‘tgan kuni uyiga ham
kelib ketdi.
— Qachon chiqarib olasizlar, deydimi? Uni biz chiqarib olmaymiz, kim tiqqan bo‘lsa,
o‘sha chiqaradi.
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga. Bir joyda «Vinzavodni Qilichdan boshqa odam eplay olmaydi, bizga ham
vinzavod nasib qilib qolar», dedim. Bu gapim o‘sha kuniyoq egasiga yetib borgan bo‘lishi
kerak. Asadbek akang Qilichni chiqarib olishimga yo‘l qo‘ymaydi. Uning ikki chorasi bor:
birinchisi — Qilichni o‘sha yoqda yo‘q qilib yuborish, ikkinchisi — tezroq chiqarib olish
harakatini boshlash. Unga ikkinchi chora ma’qul keladi. Chunki zavodni olimchasi eplay
olmaydi. Buni ahmoq odam ham darrov sezishi mumkin. Asadbek chiqaraversin, Qilich
merov, undan emas, bizdan minnatdor bo‘ladi. Uni hech bir chiqimsiz qo‘lga kiritamiz.
— Chiqarib olishganini o‘zlari aytishsa-chi?
— Ishonmaydi. Undan kim xabar olib turdi? Zo‘rlardan kim himoya qildi? Menmi? Sen,
tomi ketgan ahmoq, «Qilichdan xabar olib tur», deganimda burningni jiyirgan eding.
Endi tushundingmi? Buni bir o‘q bilan ikki quyonni urish, deydilar. Men ularning
kartalarini chalkashtirib tashladim. Yaqinda qo‘llarida ko‘zirlari qolmaydi. O‘shanda
bankka uramiz. Qoyilmisan?
— Men sizni birinchi ko‘rganimdayoq qoyil bo‘lganman.
— Sen hozir bir ish qilasan: Qilichni bir-ikki soatga so‘rab, shu yerga olib kelasan. Men
bir uning suhbatini olay.
Shomil «bundan osonroq ish yo‘q», deganday tirjayib, o‘rnidan turdi. Ammo o‘ziga
bo‘lgan ishonchi bu safar pand berdi: lagerda komissiya bor ekan, Qilichni chiqara
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |