www.ziyouz.com kutubxonasi
58
kerishib tunda egallab o‘tirgan joyiga bordi. Tartibli idora xodimlariday, xizmatni bir
daqiqa kech boshlasa qiyomat yuz beradiganday jam bo‘lib olishdi. Lekin o‘yinni —
xizmatni boshlashmadi. Idoralardagi «besh daqiqalik majlis» kabi bularning ham
izdihomi mavjud edi. Idoralardan farqi— bu yerda majlis bir-ikki soat emas, bir-ikki
daqiqa davom etardi. To‘rog‘asining gapi qisqa edi:
— Olib kelishmabdimi?
Javob undan ham qisqa:
— Vaqt o‘tdi.
Hukm undan-da qisqa:
— Boshla.
Sharif talvasada yotganida unga jon ato etgan yigit o‘rnidan turib eshik yaqinidagi
karavotga yaqinlashdi. Karavotda uzala tushib yotgan go‘shtdor odamni turtdi:
— Tur o‘rningdan, to‘nka! — deb baqirdi. Xonadagilar hozir dahshatli voqea yuz
berajagini fahmlab, nafas yutdilar. Karavotdagi odam — o‘ttiz besh yoshlardagi baqaloq
yigit — pinakka ketgan ekanmi, qaddini ko‘tardi-yu, ammo nima gap ekanini anglamay,
javdirab qaradi.
— Soatingga qara, bir bo‘ldimi? O‘n ikkiga yetkazishing kerakmidi?
— Olib kelishadi, gap yo‘q, okaxon.
— Qani, og‘zingni och.
— Jon okaxon, Xudo ursin, olib kelishadi.
— Och deyapman!
Yigit elanavergach, davradan bir odam turdi-da, unga yaqinlashib boshini changalladi.
Xuddi tarvuz tanlayotganday qattiq siqdi. Yigit og‘riqqa chidayolmay dodladi. Shunda u
odam ikkita barmog‘ini yigitning burniga tiqib, bir qo‘li bilan pastki jag‘ini pastga tortdi.
Yapaloq ombir bilan yigitning tilla tishlarini bir-bir sug‘urib oldilar. Mahbuslar, jumladan
Sharif ham oraga tushishga qo‘rqib, hech narsani eshitmaganday, sezmaganday jim
yotaverdilar. Tashqaridagi soqchilar esa, dod-faryodga ahamiyat ham bermadilar. Sharif
bu manzarani ko‘rib titrab ketdi. «Buning-ku, tilla tishlarini sug‘urib oldilar. Meni nima
qilishar ekan?» degan o‘y uni «o‘zimni o‘ldirsam qutulamanmi shu azoblardan», degan
to‘xtam sari boshladi.
2
Zohid Sharipov prokuratura joylashgan imoratning ro‘parasidagi katta chinor yonida
turgan ayolni darrov tanidi. Uning shunday fazilati bor — bir ko‘rgan odamini ancha
vaqtdan keyin ham darrov taniydi. Egniga odmi, bir oz uringan palto kiyib, jun ro‘mol
o‘rab olgan bu ayol — Sharif Namozovning xotini — Nasiba edi. Bu hol Zohidni
ajablantirmadi. Xibsga olinganlarning yaqinlari milisaxonaga, prokuraturalarga
qatnayverib tinkalari quriydi. Ayollar yo‘l poylab, ko‘z yosh to‘kib charchashmaydi.
Erlarining yoki otalarining, aka-ukalarining begunoh ekanini isbotlashga urinishadi. Bu
faryodlarga qarab turib, «faqat begunohlar qamalar ekan-da», deb fikrlash mumkin.
Zohid hozir ham shu hol takrorlanadi, deb o‘yladi. Xotinni ko‘rmaganga olib o‘tib
ketmoqchi ham bo‘ldi. Lekin o‘zi sezmagan qandaydir kuch uni bir nafas to‘xtatdi.
Ayolning harakatga kelishi uchun shu bir nafaslik to‘xtash kifoya edi.
— Sizda gapim bor, — dedi ayol siniq ovozda.
— Yuring, — dedi Zohid.
Ayolga sovuqroq muomala qilgani o‘zining ham g‘ashini keltirdi. «Bu xotin necha
soatdan beri sovuqda turgan ekan, gapi bordirki kutgan... Erining aybi yo‘qligini o‘zim
ham sezib turibman. Bu bechoraga nima uchun xo‘mraydim?» Zohid imoratga
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |