www.ziyouz.com kutubxonasi
123
Boshiga qoraqo‘l telpak, oyog‘iga kirza etik, egniga askar bolalarning paxtalik to‘nini
kiygan tog‘avachchasi Anvarni ko‘rib, kulimsirab so‘rashdi.
— Ammam yaxshimilar? Ke, ja ko‘rinmay ketding. San ichkariga kirib tur, buni bi-ir
aylantirib kelmasam bo‘lmaydi.
— Zo‘r-ku, — dedi Anvar itga qarab.
— Shu yakshanbada Qambar ho‘kizning itiga qo‘yaman. Bir chiqsang-chi, hadeb kitob
o‘quvrib miyang suyulib ketadi. Tomoshani ko‘rsang, ko‘ngling yayraydi.
Anvar bir marta chiqqan, «tamoshani» ko‘rgan, ammo ko‘ngli ezilib, o‘n kuncha o‘ziga
kela olmagan. Bir-birining jag‘ini tishlab, siltab tortayotgan itlarning qonli basharalari,
g‘ajib tashlangan oyoqlari, bu manzarani zavq bilan tamosha qilayotgan odamlarning
qiyofalari ko‘z oldidan ketmay, qiynalib yurdi.
— Tomda tog‘amning eski kitoblari bor ekan, shuni ko‘rmoqchi bo‘lib keluvdim.
— Tomda kitob borakanmi? Chiqib o‘zing qariy qol. Uyda kennaying bor. Narvonni qo‘yib
chiqaver. Eski kitob kerak bo‘lsa Shamsi so‘taknikiga borsang bo‘larkan. Shamsi
so‘takning Fozil qiyshiq degan otasi bo‘lardi. Fozil qiyshiqning otasini Nozim parang
deyisharkan. O‘shaning eski shahardagi uyi buzilibdi. Qo‘shsinchning orasidan kitoblar
chiqqanmish. Hamma tilla berkitsa, parang kitob berkitgan ekan, — u shunday deb
kuldi-da, itini yetaklab ketdi.
Balandligi salkam odam bo‘yi keladigan chordoq lo‘lining xurjunini eslatardi. Qirqilgan
shoxlar, eski obkash, radio... nimaiki narsa keraksiz tuyulgan bo‘lsa, olib chiqib
qo‘yilaverilgan. Bu chang bosib yotgan buyumlar changalzoriga yaqin yillarda odam
bolasi qadam qo‘ymagani bilinib turadi. Anvar nima uchundir «kitob yo qutida yo
jomadondan bo‘ladi», deb xayol qildi. Chordoqda quti ham, eski jomadon ham yo‘q edi.
Chordoqni bir chekkadan titishga majbur bo‘ldi. Kitob yaxshilab berkitilgan, deyish
mumkinmas. Chunki uy oltmishinchi yillarda qurilgan, u paytlarda qo‘rqib kitob
yashirishga hojat yo‘q edi. Agar o‘sha kitob mavjud bo‘lsa, uni tog‘asining o‘limidan
so‘ng, keraksiz matoh sifatida olib chiqib tashlashgan.
Gaz kelgandan keyin xizmatini ado etib bo‘lib, nuray boshlagan mo‘ri yonida uyilib
yotgan latta-luttalar orasidan kitoblar, gazit-jo‘rnal boylamlari, allaqancha qog‘ozlar
chiqdi. Ularni pastga olib tushib, changini qoqib taxlay boshladi. Gazit-jo‘rnallarning
aksari yigirmanchi yillarda chiqqan, uqalanib ketgan qog‘ozlariga qaraganda unda arab
harflarida yozilgan gaplar tarixi yanada uzoqroq.
Anvar ularni bir tugun qilib uyiga olib ketib, bafurja tanishish niyatida edi. Ammo
qiziqishi niyatidan ustun kelib, ichi qizib, varaqlardan birini olib, harfni harfga urishtirib
o‘qimoqqa kirishdi:
«Shundan bilmoq kerakki, butun Turkiston xalqi ittifoq etsa, qon to‘kilmas. Yer va amlok
ham taqsim bo‘lmay qolur. Din ham ruvoj topur. Ming karra dodu bedodki, ixtilof etmoq
uchun ittifoq etkanmiz va ixtilofmiz. Sababi ila badbaxtliqg‘a duchor bo‘lurmiz. Butun
Turkiston ittifoq etsa o‘n besh millunlik bir quvat imlog‘a kelurki, munga yer titraydur...»
«Buncha aqlli gaplarni kim yozgan ekan, — deb o‘yladi Anvar. — Bir-birining go‘shtini
yeb turgan odamlarga yetkazadigan dur fikrlar shu ovloqda necha yildan beri chang
bosib yotibdimi?»
«Turkiston kerakkim muxtoriyat bo‘lsun, muhokama shariyalar barpo bo‘lsun. Hatti
bular bora askar olinsun. Daf’a askar olinmoqg‘a qaror berilurdi. Ammo mullalar s’ezdi
Turkistondan askar olinmoqg‘a qaror beribdur, deb ilmodan balki ba’zilar norozi bo‘lur
deb boshqa s’ezdga muquf qo‘yildi...»
Anvar mazmunni durust anglamay, satrlarni qayta o‘qidi. «Ilmo s’ezdi nima ekan?» deb
ajablanib turganida xayolini yangasining ovozi bo‘ldi:
— Anvarjon, sovuqda turmay, uyga kiraqoling.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |