www.ziyouz.com kutubxonasi
112
Do‘xtir mansabdorlarning shifoxonasiga telefon qilib bo‘sh joy borligini bilgach, «o‘zingiz
yura olasizmi?» deb so‘radi. Ayolning «oyoqlaridan jon chiqib ketganini» eshitib, uzun
zambilni keltirtirdi. Zambilning bir uchidan Zohid ko‘tardi. «Og‘ir kasal» eshiklarni
qulflatishni unutmadi.
Zohid «tez yordam» mashinasi ortidan qarab qolaverdi: «Tug‘moq boru ko‘mmoq yo‘q
ekan-da...»
XII b o b
1
— Yanglishmayapsanmi?
— Yo‘q, rost, adasi...
Manzuraning gapi Asadbek yuragiga xanjar bo‘lib sanchildi. Qizi ham unga botinib
qarolmayotgan edi. U yerdan ko‘zini uzmay siniq ovozda salom berganida Asadbek
dodlab yuboray derdi. Bu mo‘’minlik o‘rniga qizi sochlarini yulib, «Dod, musulmonlar,
men otam tufayli sharmanda bo‘ldim!» deb faryod urganida Asadbek bunchalar
ezilmasdi.
Piyola sinsa chegalab ishlatish mumkin, ammo siniqning izi yo‘qolmaydi. Bu piyolada
izzatli mehmonga choy uzatilmaydi. Nomus ham shunday. Inson yashayveradi, biroq,
sharmandalik izi bir umrga saqlanib qoladi. Bu yorug‘ olamda rizqi uzilgunga qadar
nomussizlikning og‘ir yukini ortmoqlab yuraveradi. Asadbek buni bilgani uchun ham
to‘lg‘oq azoblarini boshidan kechirardi. Odamlar «faqatgina o‘limning chorasi yo‘q»
deyishardi. O‘ylab qarasa, nomusga tushgan darzni ketkazishning ham iloji yo‘q ekan.
Hayot... nomus... o‘lim... Nomus bilan yashamoq yoki nomussizlik botqog‘ini kechib o‘tib
o‘lim jariga qulamoq... Qizlar o‘zlarini yoqishadi, osishadi...
Shu fikr Asadbekning xayolini yoritib o‘tishi bilan yuragi xapriqib, nafasi bo‘g‘ziga qadalib
qolganday tuyulaveradi. Xotini gapiga amal qilib uch marta «astag‘firulloh» deb qo‘yadi.
Shunday paytda Xudo borligi esiga tushib, Yaratgandan madad so‘raydi. «Umr bo‘yi
azob chekkanim yetmasmidi» deydi. «Odam bo‘lib nima ro‘shnolik ko‘rdim», deydi.
«Nimaiki azobing bo‘lsa, barchasini totib ko‘rdim-ku, endi tinchligimni ber, agar bergan
boyliklaring evaziga tinchligimni olgan bo‘lsang, boyliklaringni qaytarib ol, meni gado qil,
ammo bolalarimning baxtini ber, men ham odam bo‘lib bir rohat ko‘ray, bir kecha
tinchgina uxlay, bir kun bir piyolagina choyni bolalarim davrasida tinchgina ichay...»
deydi.
Asadbek ko‘nglidan nolalar uchaveradi. U bilmaydiki Xudo nolayu fig‘onlarga qarab
emas, bandasining yurgan yo‘liga qarab ajr beradi.
Hozir Manzuradan qizining yukli ekanini bilib, boshini qaysi devorga urishini bilmay qoldi.
U kechagina yaxshi yo‘l topganday edi. Qadimda urushqoq podsholar yarashishni niyat
qilishsa, quda tutinisharkan. G‘imirlab qolgan Hosilboyvachchani qantarishning bir yo‘li
— o‘g‘lini kuyov qilish. «Ikki yoshning baxti uchun» Asadbek hokimlikdan voz kechadi.
Qilich Sulaymonov aytganicha bo‘la qolsin. Shaharga hokimlik qilish Hosilboyvachchaga
yarashsa yarasha qolsin. Asadbekka vinzavod ham bo‘laveradi. Bugun hokimlikka
da’vogarlar ko‘p. Vaqti kelsa ularning hammasi xazonday titilib ketadi. Bahorning
shamoli ularni uchirib qaysi bir ovloqlarga tiqib kelarkin. Hokimlik — puldorning qo‘lida
bo‘ladi. Vinzavod — ochil dasturxon. Yeganing bilan tugamaydi. O‘z umrini, obro‘sini
sotib ichuvchi galvarslar bor ekan, Asadbekning hamyoni bo‘shamaydi...
...Shunday reja tuzgan edi. Bugun-erta Hosilboyvachcha bilan suhbatlashmoqchi edi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |