www.ziyouz.com kutubxonasi
265
o‘rganayotgan bo‘lsa va sen u fiqh o‘rganuvchi zarar topmog‘idan qo‘rqsang, unga
nasihat qilmog‘ing va holini bayon qilmog‘ing lozim bo‘ladi. Shu shart bilanki, sen bunda
nasihatni qasd qilmog‘ing kerak. Mana shu narsada ko‘pincha xatoga yo‘l qo‘yiladi.
Gohida bu hasadga olib keladi yoki shayton aldab qo‘yadi. U esa bu qilgan ishini nasihat
va shafqat, deb xayol qiladi. Sen buni idrok etib, farosatli bo‘l». Yana aytadilar: «Bir
kishi boshliq bo‘lsa-yu, solih bo‘lmagani yoki fosiq va mug‘affal bo‘lgani sababli ishni
yaxshi ko‘rinishda bajarmasa, undan ham kattaroq bo‘lgan boshliqqa uning aybini zikr
qilmog‘ing vojib bo‘ladi. Ana shu katta boshliq uni ishdan chetlatib, undan-da
salohiyatlisini tayinlaydi. Yoki uning holatini bilsa, uni to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishga undaydi».
Beshinchisi - fosiqligi, bid’atchiligi oshkora bo‘lgan kishilarni g‘iybat qilish joiz.
Masalan, aroqni oshkora ichuvchi, kishilarning molini soliq solib, musodara qilib, zulm
bilan tortib oluvchi hamda botil ishlarni yurgizuvchilar shular jumlasidandir. Mana shu
ishlarni oshkora qiluvchini g‘iybat qilish joiz. Ammo bundan boshqalarida, yuqoridagi zikr
qilganlarimizdan tashqari holatlarda joiz emas.
Oltinchisi - tanishlik uchun. Agar kishi ko‘zi xira, oqsoq, kar, ko‘r, g‘ilay, burni pachoq
va shunga o‘xshash nuqsonli laqab bilan tanilgan bo‘lsa, tanitish niyatida tanitmoqlik
joiz. Ammo noqislik tomonini bundan boshqa maqsadda aytish harom. Agar aybini
aytmasdan boshqa yo‘l bilan bo‘lsa, juda ham yaxshi. Mana shu zikr qilingan oltita
sabablarda ulamolar g‘iybat qilish joiz, deb aytishgan. Buning dalili sahih hadislarda
zohiriy holda keltirilgan.
1530/1. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kirish
uchun izn so‘radi. Rasululloh (s.a.v.) uning kirishiga izn beringlar, deb keyin: «Bu odam
o‘z jamoasining yomon kishisidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Imom Buxoriy yomon va ishonchsiz kishilarni g‘iybat qilish joiz ekaniga bu hadisni
hujjat qilganlar.
1531/2. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Falon va falon kishilarni
dinimizdan biror narsa bilishadi, deb gumon qilmayman», dedilar. Imom Buxoriy
rivoyati.
Ushbu hadis roviylaridan biri Lays ibn Sa’d bu ikki kishi munofiqlardan edi, dedilar.
1523/3. Fotima binti Qaysdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh (s.a.v.)
huzurlariga borib: «Abuljahm va Muoviyalar sovchi yuborishyapti, nima qilayin?» desam,
u zot: «Muoviya kambag‘al, uning mol-dunyosi yo‘q. Abuljahm esa yelkasidan hassasini
tashlamaydi (ya’ni, xotinlariga qattiqqo‘l)», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim
rivoyatlari.
Imom Muslim rivoyatlarida «Abuljahm xotinlarini uruvchidir» bo‘lib kelgan.
«Yelkasidan hassasini tashlamaydi», deganlarini ba’zilar ko‘p safar qiluvchi, deb ham
sharhlashgan.
1533/4. Zayd ibn Arqamdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Biz Rasululloh (s.a.v.) bilan birga
safarga chiqqanimizda kishilarga qiyinchilik yetdi. (Munofiq) Abdulloh ibn Ubay:
«Rasululloh (s.a.v.) huzurlaridagi kishilarga (sahobalarga) hech narsa bermanglar.
Shunda atrofidagi kishilar tarqalib ketadi. Agar Madinaga qaytsak, kuchli bo‘lganlar
kuchsizlarni u yerdan chiqarib yuboradi» (ya’ni, o‘zini kuchli, Rasulullohni esa kuchsiz,
deb aytmoqchi), deganida, men buning xabarini Rasulullohga (s.a.v.) yetkazdim. U zot
Abdulloh ibn Ubayni olib kelish uchun odam yubordilar. U (munofiq) kelib bu so‘zlarni
aytmadim, deb qasam ichdi. Shunda odamlar: «Zayd ibn Arqam Rasulullohga (s.a.v.)
nisbatan yolg‘on ishlatibdi», deyishdi. Bu so‘zlar meni ranjitdi. Hatto Alloh taolo mening
so‘zimni tasdiqlab «Qachon munofiqlar sizning oldingizga kelsalar... » oyatini nozil qildi.
Keyin Rasululloh ularni qilgan gunohlariga istig‘for aytish uchun chaqirtirdilar. Lekin ular
boshlarini egib kelmadilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy
Do'stlaringiz bilan baham: |