(o‘sha paytda) kimning (ya'ni ularningmi yoki mo‘minlarningmi) yordamchisi ojizroq va sanog‘i ham ozroq ekanini bilajaklar!»
(Ey Muhammad, u kofirlarga) ayting: «Men sizlarga va'da qilinayotgan azob yaqinmi yoki Parvardigorim uning uchun (uzoqroq) muxlat qilganmi, bilmasman.
(U zot) g‘aybni bilguvchidir. Bas, O'z g‘aybidan biron kimsani ogoh qilmas.
27-28. Faqat O'zi rozi bo‘lgan payg‘ambarnigina (O'zining g‘aybidan sir- asrorining ayrimlaridan ogoh etar). Bas, albatta U (Alloh) toki (payg‘ambarlar) Parvardigorlarining elchilik vazifalarini (o‘z ummatlariga) to‘la yetkazganlarini bilish uchun (O'zining g‘aybidan ogoh qilib qo‘ygan har bir payg‘ambarning) oldidan ham, ortidan ham kuzatguvchi (farishta) yo‘llar. U zot (payg‘ambarlar) huzuridagi bor narsani (ya'ni ularning ilmu amallarini) ihota qilib olgandir va (koinotdagi) har bir narsaning sanog‘ini hisob-kitob qilib qo‘ygandir».
MUZAMMIL SURASI
Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, yigirma oyatdan iboratdir.
«Ya ayyuhal-muzzammil — ey (kiyimlariga) o‘ralib olgan zot!» deb, Muhammad alayhis- salomga xitob qilish bilan boshlanadigan bu surada dastlab Payg‘ambarimiz kechalarni toat-ibodat qilib bedor o‘tkazishga va bu bilan nozil bo‘lajak «Og‘ir So‘z» — Kalomullohni bashariyatga yetkazish uchun ruhiy tayyorgarlik ko‘rishga buyuriladilar.
So‘ngra u kishiga Makka mushriklari tomonidan yetadigan turli ozor-aziyatlarga sabr- toqat qilish va ulardan yuz o‘girish lozim ekanligi uqtirilib, u mushriklardan Alloh taoloning O'zi intiqom olajagi bildiriladi.
Sura nihoyasida Alloh taoloning mo‘minlarga ato etgan yengillik — marhamatlari bayon qilinib, ularga toat-ibodatda ustivor bo‘lish buyuriladi va bu hayoti-dunyoda qilib o‘tgan har bir yaxshi amalning ajr-mukofotini oxiratda Tangri taolo xuzurida bekami-ko‘st, ziyodasi bilan topishlari haqida xabar beriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
1-2-3-4. Ey (kiyimlariga) o‘ralib olgan zot, kechasi (bedor bo‘lib, namozda) turing! Faqat ozgina — uning (kechaning) yarmida (uxlab orom oling) yoki (uyquni kechaning) yarmidan ham bir oz kamaytiring, yoxud unga (bir oz) ziyoda qiling (ya'ni kechaning yarmidan ko‘prog‘ida uxlab, istirohat qiling) va Qur'onni tartil bilan (ya'ni dona-dona qilib) tilovat qiling!
I z o h. Ushbu oyatlarda Payg‘ambar alayhis-salomga kechaning yarmini yoki uchdan ikkisini yoxud uchdan birini bedor bo‘lib toat-ibodat bilan o‘tkazish hamda Qur'oni Karimni shoshmasdan, mazmun-mohiyatiga e'tibor berib tilovat qilish buyurildi.
Bu oyatlarning nozil bo‘lish sabablari haqida turli rivoyatlar mavjuddir. Ulardan birida aytilishicha, Payg‘ambar alayhis-salom Quraysh kofirlari to‘planishib Islom diniga va Payg‘ambarning o‘zlariga qarshi har xil makr-hiyla rejalarini tuzishayotganidan xabar topgach, g‘amgin bo‘lib, kiyimlariga o‘ralgan hollarida yotib, endi uyquga ketganlarida, Jabroil farishta mazkur oyatlarni keltirib, ularda Payg‘ambarimizga hozir uyqu vaqti emasligi, balki tunlarni toat-ibodat bilan bedor o‘tkazib, barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilinayotgan ilohiy Qo‘llanma — Qur'onni dona-dona qilib o‘qib, kishilarga yetkazish vaqti ekanligi uqtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |