Sizdan (o'zlariga) halol qilingan narsalar haqida so'raydilar. Ayting: "Sizlarga pokiza narsalar va Alloh sizlarga bildirganidan sizlar o'rgatgan yirtqichlar (keltirgan ovlar) halol qilindi. Bas, ular sizlar uchun tutgan (ovlar)idan "Bismilloh"ni aytib yeyaveringiz va Allohdan qo'rqingizlar. Zero, Alloh hisobi tez zotdir.
Bugun sizlar uchun pokiza narsalar halol qilindi. Shuningdek, Ahli Kitoblarning taomi sizlar uchun halol va taomingiz ular uchun haloldir. Zinokorlik va maxfiy o'ynash qilib olish uchun emas, balki mahrlarini bersangiz, mo'mina ayollarning iffatlilari va sizlardan oldin Kitob berilganlarning iffatli ayollari (ham haloldir). Kimki, imondan kufrga qaytsa, (qilgan savobli) ishi, albatta, zoye bo'lur va u oxiratda ziyon ko'ruvchilardandir.
Ey, imon keltirganlar! Namoz (o'qish)ga turar ekansiz, albatta, yuzlaringizni, qo'llaringizni tirsaklarigacha yuvingizlar, boshlaringizga mash tortingizlar va oyoqlaringizni to'piqlarigacha (yuvingizlar)! Agar junub bo'lsangiz, obdon poklaningizlar (cho'milingizlar)! Agar bemor yoki safarda bo'lsangiz, yoki sizlardan biror kishi hojatxonadan (chiqib) kelsa, yoxud xotinlaringiz bilan surkalishgan (qovushgan) bo'lsangizu, (lekin) suv topmasangiz, pok tuproqqa tayammum qilib, undan yuzlaringiz va qo'llaringizga surting! Alloh sizlarga biror qiyinchilik (paydo) qilishni ravo ko'rmaydi, aksincha, sizlarni poklash va ne'mat(lar)ini sizlarga mukammal berishni xohlaydi, zora shukr qilsangizlar*.
Izoh: Tahorat farzlaridan sanalmish qo'l va oyoqlarni yuvishda ularning qaysi joyigacha suv yetishi shart degan nizoli masala bor. Oyatda "qo'llaringizni tirsaklarigacha, oyoqlaringizni to'piqlarigacha" deyilgan. Abu Hanifa (r. a. ) shu "gacha" qo'shimchasini "bilan" deb tafsir qilganlar va tirsak va to'piqlar ham qo'shib
yuvilishini farz deb hisoblaydilar. Imom Molik, Zufar, Sha'biy, Ibn Jarir at-Tabariy kabi olimlar esa tirsak va to'piqlar yuvilishi farz doirasiga kirmaydi, deganlar. Har ikki tomon ham o'z dalillariga egadirlar. Tahoratda niyat hukmiga kelsak, Abu Hanifa (r. a. ): "niyat tahoratda farz emas", - deganlar. Imom Shofe'iy (r. a. ) esa: "u farz",- deydilar. Boshga mash tortish farzida ham mujtahid ulamolar o'rtasida ixtilof mavjud. Hanafiy mazhabida boshning to'rtdan biriga mash tortish farzdir. Molikiy mazhabida boshning hammasiga mash tortish farzdir. Shofeiy mazhabida boshning ozgina qismiga, hatto sochning uch tolasi uzra mash tortsa ham farzni ado etgan hisoblanadi. Ularning barchalari ham mo''tabar va maqbul dalillar bilan o'z hukmlarini isbotlaganlar. Bu oyatda tayammum qilish to'g'risida ham so'z yuritilgan. Tayammum - bu suv bo'lmaganda, toza tuproq yoki changga yoxud toza matohga ikki qo'l kaftlari bilan bir zarb urib, yuzga surtish va yana bir zarb urib, ikki qo'lning tirsaklari bilan qo'shib silab chiqishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |