Bas, unga (qiyomatga) ishonmaydigan va havoyi nafsiga ergashgan kimsalar seni undan to'smasinlarki, u holda halok bo'lursan.
Ana u - qo'lingdagi nimadir, ey, Muso?!"
(Muso) dedi: "U asoyim, unga tayanurman va u bilan qo'ylarimga (barg) qoqib berurman. Yana unda boshqa hojatlarim ham bor".
(Alloh) aytdi: "Uni (yerga) tashlagin, ey, Muso!"
Bas, (Muso) uni tashlagan edi, birdaniga u harakatlanuvchi jonli ilon bo'lib qoldi.
(Alloh) dedi: "Uni ol! Qo'rqmagin, Biz uni avvalgi holiga qaytarurmiz.
Qo'lingni qo'ltig'ingga tiqqin, u hech qanday yomonliksiz oppoq bo'lib chiqur. (Bu) yana bir boshqa mo''jizadir.
Izoh: Hech qanday yomonliksiz, ya'ni, qo'lingni nurafshon oqligi uning pes kasaliga chalinganidan emas, balki u sog'lom holda Mening qudratim bilan yog'du sochur.
Biz senga katta mo''jizalarimizni ko'rsatish uchun (shunday qildik).
(Endi) Fir'avnning huzuriga bor! Haqiqatan, u haddan oshdi ("Xudoman" deb da'vo qildi)".
(Muso) dedi: "Ey, Rabbim, bag'rimni keng qilgin,
ishimni oson qilgin,
tilimdan tugunni (duduqlikni) yechib yuborgin,
(toki) ular (qavmim) gapimni anglasinlar.
Menga o'z ahlimdan vazir qilgin.
Ya'ni, birodarim Horunni.
U bilan belimni baquvvat qilgin.
Va uni ishimda (ya'ni, payg'ambarlik ishida) sherik qilgin.
Toki, Biz Senga ko'proq tasbeh aytaylik
va Seni ko'proq yod etaylik.
Albatta, Sen bizni ko'ruvchi zotsan".
(Alloh) aytdi: "So'ragan narsang senga ato etildi, ey, Muso!
Biz senga (go'daklik chog'ingda ham) bir karra in'om etgan edik.
O'shanda onangga (shunday) vahiy yuborgan edik:
- "Uni (Musoni) sandiqqa solib, daryoga tashlagin. Bas, uni daryo (to'lqini) sohilga otsin. (Shunda) uni Mening ham, uning ham dushmani (Fir'avn) ushlab olur". (Ey, Muso, barchaga suyukli bo'lishing) va Mening ko'z o'ngimda (himoyamda) o'sishing uchun senga o'z tomonimdan muhabbat (joziba) tashladim.
Izoh: Ya'ni seni shunday yoqimtoy qilib qo'ydimki, ko'rgan kishi shu mening o'g'lim bo'lib qolsa ekan, deb orzu qiladigan bo'ldi.
O'shanda opang seni daryodan ushlab olgan kishilar ortidan yurib: "Sizlarni bu (bola)ga kafil (emizadigan ayol) oldiga boshlab boraymi", deganlarini (eslagin)! So'ng Biz seni ko'zlari quvonsin, g'amgin bo'lmasin, deb onangga qaytargan edik. (Yigitlik chog'ingda) bir jonni o'ldirib qo'yganingda, Biz seni bu g'amdan ham qutqargan edik. (Keyin) Biz seni ko'p sinovlar bilan sinab ko'rdik. Madyan ahli orasida ham (necha) yillar turding, so'ngra (payg'ambarlik uchun belgilab qo'yilgan) muddat bo'yicha (bu yerga) kelding, ey Muso!
Seni o'zimga (payg'ambarlik uchun) tanladim.
(Ey, Muso,) sen o'zing va birodaring (Horun) Mening oyatlarimni (odamlarga) olib boringlar va Meni zikr qilishda sustlik qilmanglar!
Ikkingiz Fir'avning oldiga boringlar, chunki u ("Men xudoman"), deb haddidan oshdi.
Bas, unga yumshoq so'z so'zlanglar! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok bo'lishidan) qo'rqsa".
Ular dedilar: "Ey, Rabbimiz! Darhaqiqat, biz (da'vat etsak) u bizga tezlik (g'azab) qilishidan yoki (battar) tug'yonga ketishidan qo'rqamiz".
(Alloh) aytdi: "Qo'rqmanglar! Albatta, Men sizlar bilan birgaman - eshitaman va ko'raman.
Bas, sizlar uning oldiga borib: "Biz Parvardigoringning elchilaridirmiz. Isroil avlodini biz bilan birga qo'yib yuborgin, ularni azoblamagin. (Biz) senga Rabbing (tomoni)dan hujjat keltirdik. Hidoyatga ergashganlarga salom (omonlik) bo'lur.
Bizga vahiy qilindiki, (Allohning payg'ambarlarini) yolg'onchi qilgan va (imon keltirishdan) yuz o'girgan kimsalarga azob bo'lur", deb.
(Fir'avnga kelib, mazkur so'zlarni aytishgach) u dedi: "Ikkingizning Rabbingiz kim, ey, Muso!"
(Muso) aytdi: "Rabbimiz har bir narsaga o'z yaratuvchiligini ato etib (ko'rsatib), so'ngra (uni) to'g'ri yo'lga yo'llagan zotdir".
(Fir'avn) dedi: "Unda, avvalgi avlodlarning holi nedir? (Rabbing ularni ham azoblaganmi?)"
(Muso) aytdi: "Ular haqidagi ma'lumot Rabbim huzuridagi Kitob (Lavhul-Mahfuz)dadir. Rabbim adashmas va unutmas".
U Yerni sizlar uchun beshik (qarorgoh) qilib qo'ydi va unda yo'llar paydo qildi hamda osmondan suv (yomg'ir, qor) yog'dirdi. Bas, Biz u (suv) bilan turli o'simlik navlarini undirib chiqardik.
Sizlar (ulardan) yenglar va chorvalaringni boqinglar. Albatta, bunda aql egalari uchun alomatlar bordir.
Biz sizlarni undan (yerdan) yaratdik, unga qaytarurmiz va (qiyomat kunida) sizlarni yana boshqatdan undan chiqarurmiz.
Darhaqiqat, Biz unga (Fir'avnga) hamma (to'qqizta) mo''jizalarimizni ko'rsatdik. Bas, u (ularni) yolg'onga chiqardi va yuz o'girdi.
(U) dedi: "Sen o'z sehring bilan bizlarni yerimizdan chiqarish uchun keldingmi, ey, Muso!
U holda, bizlar ham senga xuddi o'shanday sehr keltirurmiz. Bas, sen o'zing bilan bizlarning o'rtamizda bir joy tanlaginki, u sen ham, bizlar ham qarshilik qilmaydigan o'rta bir joy bo'lsin".
(Muso) aytdi: "Va'da ziynat (bayram) kunidir. Odamlar choshgohda to'planurlar".
Bas, Fir'avn borib, o'zining makrini (sehrgarlarini) yig'di. So'ngra (va'da qilingan joyga) keldi.
Muso ularga (sehrgarlarga) dedi: "Hollaringga voy! Sizlar Alloh sha'niga yolg'on to'qimanglar (mo''jizani sehr demanglar), u holda (Alloh) sizlarni azob bilan halok qilur! Yolg'on to'qiganlar noumid bo'lishlari aniqdir".
Bas, ular (qiladigan) ishlarini talashib-tortishib, asta shivirlasha boshladilar.
(So'ng bir-birlariga) aytdilar: "Albatta, bu ikkovi (Muso va Horun) o'z sehrlari bilan sizlarni yeringizdan chiqarmoqni va yuksak yo'lingizni (diningizni) yo'qotishni istaydigan sehrgarlardir.
Bas, makr-hiylangizni yig'ingiz, so'ng saf tortib kelingiz. Bugun ustun bo'lganlar iqbolli bo'lurlar".
(Maslahatlari bitgach,) dedilar: "Ey, Muso, sen (qo'lingdagi asoyingni) tashlaysanmi yoki bizlar birinchi tashlovchi bo'laylikmi?"
(Muso) aytdi: "Yo'q, sizlar tashlanglar" (ular qo'llaridagi aso va iplarni tashlagan edilar) banogoh iplari va asolari - sehrlari sababli - unga (Musoga) yurib ketayotgandek tuyuldi.
Bas, Muso ichida bir qo'rquvni his etdi.
Biz aytdik: "Qo'rqmagin! Albatta, sen o'zing oliy (g'olib)dirsan.
Qo'lingdagi narsani (asoyingni) tashlagin, ular yasagan narsalarni yutib yuborur. Ularning yasagani faqat bir sehrgarning makridir. Sehrgar esa, qayerda bo'lmasin zafar topmas".
(Muso asosini tashlagach, ajdahoga aylanib, ular yasagan narsalarini yutib yubordi). Bas, sehrgarlar sajda qilgan hollarida (yerga) tashlanib: "Horun va Musoning Parvardigoriga imon keltirdik",- dedilar.
(Fir'avn) aytdi: "Men izn bermay turib, unga imon keltirdingizmi?! Shubhasiz, u sizlarga sehr o'rgatgan kattangizdir. Bas, endi (men), albatta, oyoq-qo'llaringizni qaramaqarshisiga (o'ng qo'l, chap oyog'ingizni yoki aksincha) kesurman va sizlarni xurmo shoxlariga osurman, (o'shanda) qaysimizning (ya'ni, meningmi yoki Musoning xudosi) azobi qattiqroq va boqiyroq ekanligini bilib olursizlar".
Ular dedilar: "Bizlar o'zimizga kelgan hujjatlarni va bizlarni yaratgan Zotni qo'yib, sira seni tanlamaymiz. Bas, qiladigan hukmingni qilaver! Sen faqat shu dunyodagina hukm qilursan.
Do'stlaringiz bilan baham: |