Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilingach, ulardan yuz o'girgan, o'zi qilib o'tgan (gunoh)larini unutib qo'ygan kimsadan kim zolimroqdir?! Darhaqiqat, Biz (Qur'onni) anglamasliklari uchun ularning dillarini pardalab, quloqlarini og'ir qilib qo'ydik. Demak, agar Siz ularni hidoyatga chaqirsangiz ham sira hidoyatga yurmaslar.
Rabbingiz mag'firatli va rahm (shafqat) sohibidir. Agar ularni qilgan gunohlari sababli tutganida, ularga azobni naqd qilgan bo'lur edi. Yo'q, ular uchun va'da qilingan bir vaqt (Qiyomat) borki, Undan o'zga biror panoh topa olmaslar.
Ana u shaharlar (aholisi)ni zulm qilishgach, halokat paytlarini aniq belgilab qo'yib, halok qildik.
Muso (o'zining xizmatkor) yigitiga: "Toikki dengiz qo'shiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq muddat kezmaguncha yurishdan to'xtamayman", - degan paytini eslangiz.
Izoh: Muso (a. s.) ning xizmatkor yigiti Yuvsha' (a. s.) edilar. Shu oyat bilan Muso va Xizr (a. s.)lar qissasi boshlanadi. Bunga sabab Muso (a. s.) Haq Taolodan: "Mendan ham ilmi, martabasi yuqoriroq bandang bormi?" - deb so'raganda, U: "Ha, bor" - degan. "Qaysi yerdan uni topurman?" - deganlarida, "Bir baliqni savatchaga solib dengiz bo'yidan yurib boraverasan. Baliq yo'qolgan joydan uni topursan" deydi. Baliqni savatchaga solib, uni xizmatkori qo'liga berib yo'lga ravona bo'ladilar.
Qachonki, u ikkisi (ikki dengiz) qo'shiladigan yerga yetishgach, baliqlarini unutdilar. Bas, u (baliq) dengiz qa'riga yo'l oldi.
Bas, qachonki (u yerdan) o'tishgach, (Muso) yigitiga: "Nonushtamizni keltir, haqiqatan, bu safarimizdan juda charchadik", - dedi.
U (xizmatkor) aytdi: "Buni ko'ring, biz (dengiz sohilidagi) qoyaga borib (orom olgan) paytimizda, men baliqni unutibman. (Buni sizga) aytishni faqat shayton yodimdan chiqardi. U (baliq) dengizga ajib (yo'sinda) yo'l olganedi".
(Muso) dedi: "Mana shu biz istagan narsadir". So'ng (Xizrni) qidirib, izlariga qaytdilar.
Bas, bandalarimizdan bir bandani (Xizrni) topdilarki, Biz unga O'z dargohimizdan rahmat ato etgan
va O'z huzurimizdan ilm bergan edik.
Izoh: Ato etilgan rahmatdan murod payg'ambarlik, ilm yoki uzoq umrmi, ekanligi haqida turli fikrlar bor. Ya'ni Xizr (a. s.) payg'ambar bo'lganmilar yoki valiymi? Ko'proq ulamolar serkaromat valiy bo'lganliklarini ta'kidlaydilar.
Muso unga: "Senga bildirilgan bilimdan, menga ham to'g'ri yo'lni ta'lim berishing uchun senga ergashsam maylimi?" - dedi.
U (Xizr) aytdi: "Aniqki, sen men bilan birga (ilm muammolariga) sabr qila olmaysan.
(Zotan) o'zing egallab xabardor bo'lmagan narsaga qanday sabr qilursan?!"
(Muso) dedi: "Inshoalloh, sen mening sabrli ekanimni ko'rursan. Men biror ishda senga itoatsizlik qilmasman".
U (Xizr) aytdi: "Bas, agar menga ergashsang, to o'zim senga aytmagunimcha, biror narsa haqida mendan so'ramagin!"
Bas, ikkisi yo'lga tushdilar. To borib bir kemaga minishlari bilan (Xizr kemani) teshib qo'ydi. (Muso) aytdi: "Odamlarini g'arq qilish uchun uni teshdingmi?! Juda nojo'ya ish qilding-ku!"
U (Xizr) dedi: "Men bilan birga sabr qilishga sira toqating yetmaydi, demaganmidim?!"
(Muso) aytdi: "Unutganim uchun meni ayblamagin va bu ishim sababli meni mashaqqatga duchor ham qilmagin".
So'ngra yana yo'lga tushdilar. To borib bir bolani uchratganlarida (Xizr) uni qatl etdi. (Buni ko'rgan Muso) dedi: "Nahot birovni o'ldirmagan bir begunoh jonni o'ldirsang?! Haqiqatan, (sen) xunuk ish qilding!"
U (Xizr) dedi: "Senga men bilan birga sabr qilishga sira toqating yetmas, demaganmidim?!"
(Muso) dedi: "Agar bundan keyin sendan biror narsa haqida so'rasam, menga hamroh bo'lmagin. Men tomondan uzr (me'yori)ga yetgan bo'lursan".
So'ngra (ular) yana yo'lga tushdilar. To bir shahar ahlining oldiga kelib, ulardan taom so'ragan edilar, ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Keyin o'sha joyda yiqilay deb turgan bir devorni ko'rishgach, (Xizr) uni tiklab qo'ydi. (Muso) dedi: "Agar xohlasang, bu (ishing) uchun haq olishing mumkin edi".
U (Xizr) aytdi: "Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta'vili (sharhi)dan ogoh qilurman:
Kema xususiga kelsak, u dengizda ishlaydigan miskinlarniki edi. Bas, men uni aybli qilib qo'ymoqchi bo'ldim. (Chunki) ularning ortida barcha (butun) kemalarni tortib olayotgan bir podshoh bor edi.
Haligi bolaning esa, ota-onalari mo'min kishilar edilar. Bas, biz u (bola) tug'yon va kufr bilan ularni qiynab qo'yishidan qo'rqdik.
Shu sababdan, ularga Parvardigorlari u (bola)dan ko'ra pokizaroq va undan ko'ra mehri bonroq (boshqa bir bolani) badal (evaz) qilib berishini istadik.
Endi devor esa, shu shahardagi ikki yetim bolaniki bo'lib, uning ostida ular uchun bir xazina bor edi. Ularning otasi solih kishi edi. Bas, Rabbing ular voyaga yetib, Rabbingning rahmati bo'lmish xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Men bu (ishlarni) o'zimcha qilganim yo'q. Mana shu sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta'vilidir".
(Ey, Muhammad,) yana Sizdan Zul-qarnayn haqida so'raydilar. Ayting: "Men sizlarga u haqdagi xabarni hozir o'qib berurman".
Darhaqiqat, Biz unga (Zul-qarnaynga) Yerda martaba berdik va (istagan) barcha narsasiga yo'l (imkoniyat) ato etdik.
Bas, u (avval G'arbga qarab) yo'l oldi.
To (ketayotib) kun botadigan joyga yetgach, u (quyoshning) bir loyqa buloq (orti)ga botayotganini ko'rdi va (buloq)ning oldida bir qavmni uchratdi. Biz: "Ey, Zul-qarnayn, yo (ularni) azobga duchor qilursan yoki ularga yaxshi muomalada bo'lursan", - dedik.
Izoh: Loyqa ma'nosini anglatuvchi "hamia" kalimasi boshqa bir qiroatda "homiya" o'qiladi. Ma'nosi qaynoqdir. Demak, qaynoq buloq uzra, degan ma'no chiqadi.
U aytdi: "Zulm qilgan kimsani, albatta, azoblagaymiz. So'ngra Parvardigoriga qaytarilgach, U zot uni yanada xunuk azob bilan azoblar.
Endi imon keltirib ezgu ish qilgan kishiga kelsak, uning uchun go'zal mukofot (jannat) bo'lur. Biz ham unga ishimizdan osonlarini buyururmiz".
So'ngra, u (Sharqqa qarab) yo'l oldi.
To (ketayotib) kun chiqishga yetib borgach, uning (quyoshning) bir qavm uzra chiqayotganini ko'rdi. Biz u qavm uchun quyoshdan (saqlanadigan) biror parda qilmagan edik.
(Uning ishi) shunaqa. Albatta, Biz uning huzuridagi ilmlarni ihota qilib olganmiz.
So'ngra, u yana yo'l oldi.
To (ketayotib) ikki tog' o'rtasiga yetib kelgach, u (tog'lar ortida) gapni sira anglamaydigan qavmni uchratdi.
Ular: "Ey, Zul-qarnayn, albatta, (shu tog'lar ortidagi) Ya'juj va Ma'juj (qabilalari) Yer yuzida buzg'unchilik qiluvchilardir. Bizlar senga bir (miqdor) haq to'lasak, biz bilan ularning o'rtasiga bir to'g'on qurib berurmisan?" - dedilar.
U (Zul-qarnayn) aytdi: "Rabbimning menga ato etgani (ne'matlari) sizlar beradigan (mol-dunyodan) yaxshiroqdir. Bas, sizlar menga kuch-quvvat bilan yordam beringlar, men sizlar bilan ularning o'rtasiga bir devor bino qilay.
Sizlar menga temir parchalarini keltiringlar. To (parchalar) ikkala tog' yonbag'irlari bilan barobar bo'lgach, dam uringlar" - dedi. Bas, qachon u (temir-tersaklarni qizdirib) o't qilgach (eritgach), dedi: "Menga eritilgan mis (ham) keltiringlar, u (temir parchalari)ning ustidan quyurman.
Endi ular (Ya'juj va Ma'juj) u (to'siq)ning ustiga chiqishga ham, uni teshib o'tishga ham qodir
emaslar.
"Bu Rabbim (tomoni)dan bo'lmish bir marhamatdir. Endi, qachonki, Rabbimning (Ya'juj va Ma'juj chiqadi, deb) va'da qilgan vaqt kelganida (Qiyomat oldidan), O'zi u (to'siq)ni tep-tekis qilib qo'yar. Rabbimning va'dasi haqdir", - dedi u.
U Kunda (Qiyomatda, odamlarni) bir-birlariga aralashtirib tashlaymiz. Sur(nay) chalingach, ularning barchalarini to'playmiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |