Bizlarga esa xatolarimizni va sen bizlarni majbur qilgan sehrgarlikdan iborat (gunohimizni) kechirishi uchun Rabbimizga imon keltirdik. Alloh (ning savobi) yaxshiroq va (azobi) boqiyroqdir".
Haqiqatan, kimda-kim Parvardigorning huzuriga jinoyatchi (kofir) holida kelsa, albatta, uning uchun jahannam bor, u joyda u na o'la olur va na yashay olur.
Kim u zotga yaxshi amallarni qilib, mo'min holida kelsa, bas, ana o'shalar uchun yuksak darajalar,
ostidan anhorlar oqadigan, ular doimiy qoladigan mangulik jannatlari bo'lur. Bu (shirk va kufrdan) pok bo'lgan kishilarning mukofotidir!
Biz Musoga: "Sen bandalarimni (Isroil avlodini) tunda olib ketib, ular uchun - (ortingdan) yetib kelishdan xavf qilmagan va (g'arq bo'lishdan ham) qo'rqmagan holingda dengizdan quruq yo'l och", - deb vahiy yubordik.
Bas, Fir'avn ularning ortidan o'z lashkarlari bilan quvgan edi, ularning dengiz o'raganicha-o'radi (ya'ni, g'arq bo'ldilar).
Fir'avn o'z qavmini adashtirdi, to'g'ri yo'lga boshlamadi.
Alloh dedi: "Ey, Isroil avlodi, Biz sizlarga dushmaningizdan najot berdik va sizlarga (Musoga Tavrot nozil qilish uchun) Tur (tog'i)ning o'ng tomonini va'dalashdik va sizlarga shirinlik va bedanalar yog'dirdik.
Pok rizqlarimizdan yenglar va ularga (shukr qilmaslik bilan) haddan oshmanglar, aks holda ustingizga Mening g'azabim tushar. Kimning ustiga g'azabim tushar ekan, u albatta yiqilur (halok bo'lur).
Men, albatta, tavba qilgan hamda imon keltirib, ezgu ish qilgan, so'ngra to'g'ri yurgan kishilarni mag'firat qiluvchidirman".
"Qavmingdan nega ilgarilab ketding, ey Muso!"
U aytdi: "Ular - ana, izimdan kelurlar. Men esa, ey, Rabbim, Sen tomon rozi bo'lishing uchun shoshdim. "
(Alloh) dedi: "Haqiqatan, Biz sening ortingdan qavmingni imtihon qildik. Somiriy ularni yo'ldan ozdirdi".
Izoh: Muso (a. s.) Tur vodiysiga ketish oldidan Allohdan o'zgaga sig'inmaslik haqida Isroil avlodiga qattiq ko'rsatma berib ketgan edilar. Biroq Somiriy ismli bir sehrgar tilladan yasagan buzoqqa sig'inib, ahdni buzdilar.
Bas, Muso qavmiga g'azablangan va afsuslangan holda qaytib kelib, dedi: "Ey, qavmim! Parvardigoringiz sizlarga (Tavrot nozil etishi haqida) chiroyli va'da qilmaganmidi?! Sizlarga (kechgan) vaqt uzun (ko'rinib) ketdimi yoki ustingizga Rabbingiz tomonidan g'azab tushishini xohlab, menga bergan va'dangizni buzdingizlarmi?!"
Ular aytdilar: "Bizlar senga bergan va'dani o'z ixtiyorimiz bilan buzganimiz yo'q. Lekin bizlar (Misrdan chiqib kelayotganimizda), qavm zeb-ziynatlaridan iborat narsalarni ko'tarib chiqqan edik, bas, (Somiriyning amri bilan) ularni (olovga) tashladik. So'ngra Somiriy ham (narsalarini olovga) tashladi.
So'ng (Somiriy ularni olovda eritib, xuddi tirik buzoq kabi) ovozli haykal (yasab) chiqarib berdi, so'ng (Somiriy va uning sheriklari): "Sizlarning ham, Musoning ham ilohi shu edi, bas, (Muso) unutdi (va izlab boshqa yerga ketdi)", - dedilar.
Axir, uning ularga so'z qaytara olmasligini va ziyon ham, foyda ham yetkizishga qodir emasligini ko'rmaydilarmi?!
Holbuki, (buzoqqa sig'inishlaridan) oldin Horun ularga: "Ey, qavmim, sizlar bu bilan imtihon qilindinglar. Shubha yo'qqi, sizlarning Rabbingiz Rahmondir. Bas, menga ergashinglar va amrimga itoat qilinglar!" - degan edi.
Ular: "To bizga Muso qaytmagunicha, unga (ma'budaga) sig'inishdan sira tinmaymiz", - degan edilar.
(Muso qaytib kelgach) dedi: "Ey, Horun, ularning adashganlarini ko'rganingda (to'xtatib qolishdan) seni nima to'sdi?!
Mening ortimdan nega bormading? Amrimga itoatsizlik qildingmi?!"
(Horun) dedi: "Ey, onamning o'g'li, sen mening sochimdan ham, soqolimdan ham tutmagin! Men (ortingdan borsam) "Mening so'zimni kutmay, Isroil avlodini bo'lib yuboribsan" deyishingdan qo'rqdim".
(So'ngra Muso Somiriyga qarab): "Bu qilig'ing nimasi, ey, Somiriy?" - dedi.
U aytdi: "Men ular ko'rmagan narsani ko'rdim. Bas, elchi (Jabroil)ning izidan bir siqim olib, uni (buzoqning haykaliga) sochgan edim (undan tirik buzoq kabi ovoz chiqdi). Nafsim ana shunday qilishni menga chiroyli ko'rsatdi".
Izoh: Uning ko'rgan narsasi - Jabroil farishta Muso (a. s.) oldiga kelganda, uning minib kelgan otining tuyog'i tekkan narsalarga jon kirgani edi.
(Muso) dedi: "Bas, ket! Endi sen uchun hayotda "(Menga) tegish yo'q!" deyishgina qolur. Oxiratda esa sen uchun sira xilof qilinmaydigan bir va'da (azob) bordir. Sen ustidan jilmay sig'inayotgan "ilohing" (holi)ni ko'rib qo'y! Biz, albatta, uni yondirib, so'ngra (kulini) dengizga sochib yuborurmiz".
Izoh: Ya'ni yakka moxov bo'lib qolursan.
Ilohingiz Allohdirki, undan o'zga iloh yo'q, U barcha narsani o'z ilmi bilan qamrab olgandir.
(Ey, Muhammad,) Biz Sizga o'tib ketgan (avlod)lar xabarlarini shu tarzda so'zlab berurmiz. Shuningdek, (Biz) Sizga o'z dargohimizdan zikr (Qur'on) keltirdik.
Kim undan yuz o'girsa, bas, albatta, u qiyomat kunida yuk (gunoh)ni ko'tarur.
Ular u yuk (osti)da mangu qolurlar. U (yuk) qiyomat kunida ular uchun juda yomon yuk bo'lur.
(U) sur chalinadigan kundir. U kunda Biz jinoyatchilarni ko'zlari (qo'rquvdan) ko'k (nursiz) bo'lgan hollarida yig'urmiz.
Ular o'zaro shivirlashib: "(Dunyoda) o'n kungina turdinglar" (deydilar).
Biz ularni aytadigan so'zlarini yaxshi bilurmiz. o'shanda ularning yo'lga chechan (dono)lari: "Bir kungina turdinglar",- deydi(lar).
(Ey, Muhammad,) ular sizdan tog'lar (qiyomatda nima bo'lishi) haqida so'raydilar. Bas, ayting: "Parvardigorim ularni (qum kabi) sochib yuborur".
So'ng (yerni) tep-tekis qilib qo'yur.
Unda na egrilik (pastlik) va na balandlikni ko'rursiz.
U kunda (odamlar mahshargohga) chorlovchi (farishtaga) egilmay - bukilmay (so'zsiz) ergashurlar. Ovozlar ham Rahmonga buyin sunur, bas, faqat pichirlashnigina eshitursiz.
U kunda shafoat (oqlov) faqat Rahmon izn bergan va so'zidan U rozi bo'lgan kishidan boshqaga foyda bermas.
U ularning oldilaridagi (ya'ni, oxiratdagi) va ortlaridagi (ya'ni, dunyodagi) bor narsani bilur. Ular esa Uni ilm bilan ihota qila olmaslar.
Yuzlar (insonlar) Tirik va mangu Turuvchi (Alloh)ga ta'zim qilurlar. Zulmni (shirkni) ko'tarib kelgan kishi, albatta, noumid bo'lur.
Kimki mo'min bo'lgan holda ezgu ishlarni qilsa, bas, u zulmdan (qilmagan gunohlarga javob berishdan), kamayishdan, (savobi to'la berilmay qolishidan) ham xavf qilmas.
Shuningdek, Biz uni arabcha Qur'on qilib tushirdik va unda qo'rqinchli va'dalarni bayon qildik. Shoyadki ular (shirk va kufrdan) saqlansalar yo (bu va'dalar) ular uchun eslatma paydo qilsa.
Haqqoniy Podshoh-Alloh oliy zotdir. (Ey, Muhammad,) Sizga (Qur'on) vahiysi adosidan ilgari qiroat qilishga shoshmang va ayting: "Ey, Rabbim, menga ilmni ziyoda et!"
Biz ilgari Odam bilan (Jannatdagi bir daraxtga yaqinlashmasligi haqida) ahdlashgan edik, u (ahdni) unutdi va Biz unda azm (qat'iyat)ni ko'rmadik.
Izoh: Taqiqlangan daraxt - uzum yo anjir, yoki olma, yoxud bugdoy ekani haqida rivoyatlar bor.
Eslang, Biz farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar", deyishimiz bilan sajda qildilar, faqat iblis bosh tortdi.
Bas, aytdik: "Ey, Odam, albatta, bu (iblis) senga ham, xotiningga ham dushmandir. Bas, u ikkovingizni jannatdan zinhor chiqarmasinki, baxtsiz bo'lib qolursan.
Shubhasiz, sen u joyda (jannatda) och va yalang'och qolmaysan.
Va u joyda tashna ham bo'lmaysan, issiqda ham qolmaysan".
Do'stlaringiz bilan baham: |