(Ular) xuddi shaytonning o'xshashidirlar. Qaysiki, u insonga: "Kofir bo'l", - deydi. Bas, qachonki, (inson) kofir bo'lgach, (shayton unga): "Men sendan bezorman. Zero, men (barcha) olamlar Parvardigori - Allohdan qo'rqarman", - deydi.
Bas, ikkisining (shayton va kofirning) oqibati do'zaxga kirib, unda mangu qolishlari bo'ldi. Zolim kimsalarning jazosi shudir.
Ey, imon keltirganlar, Allohdan qo'rqinglar va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (Qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.
Sizlar Allohni unutib qo'yganlar, bas, (shundan keyin Alloh) ularga o'zlarini ham unutdirib qo'ygan kimsalar kabi bo'lmangiz! Ana o'shalar fosiq (itoatsiz) kimsalardir.
Do'zax ahli bilan jannat ahli barobar bo'lmas. Jannat ahli yutuqqa erishgan zotlardir.
Agar Biz ushbu Qur'onni biror tog' uzra nozil qilganimizda edi, albatta, u (tog')ni Allohning qo'rquvidan bo'yin sungan va yorilib ketgan holida ko'rgan bo'lur edingiz. Biz bu misollarni odamlarga zora ular tafakkur qilsalar, deb keltirmoqdamiz.
U - Alloh, shunday zotdirki, Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) yashirin va oshkora narsalarni biluvchidir. U mehribon va rahmlidir.
U - Alloh, shunday zotdirki, Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) podshoh, (barcha ayb-nuqsonlardan) pok,
(bandalariga) omonlik beruvchi, kuzatib turuvchi, qudrat sohibi, bo'yin sundiruvchi va kibr egasidir. Alloh ularning (mushriklarning) shirklaridan pokdir.
U - Alloh, yaratuvchi, (yo'qdan) bor qiluvchi, (barcha narsaga) surat (va shakl) beruvchidir. Uning go'zal ismlari bordir. Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Unga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.
MUMTAHANA SURASI
Mumtahana - imtihon qilinuvchi ayol.
Surada mushriklardan qochib Madinaga hijrat qilib keluvchi ba'zi ayollarni haqiqiy mo'mina ekanligini sinab ko'rish lozimligi, musulmonlarga qarshi urushmayotgan, quvg'in qilmayotgan g'ayri dinlar bilan yaxshi muomalada bo'lish joizligi kabi tavsiyalar mavjud.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Ey, imon keltirganlar, Mening dushmanim va sizlarning dushmaningiz bo'lmish mushriklarni do'st tutmangizlar! Sizlar ularga do'stlik (haqida xabar) yuborursizlar, holbuki, ular sizlarga kelgan Haq (din va Qur'on)ni inkor etgandirlar. (Ya'ni,) ular payg'ambarning va sizlarning Rabbingiz bo'lmish Allohga imon keltirganlaringiz sababli (o'z diyorlaringizdan) haydab chiqarmoqdalar. Agar sizlar Mening yo'limda jihod qilish uchun va Mening roziligimni istab chiqqan bo'lsangizlar (ularni do'st tutmangizlar)! Sizlar ularga pinhona do'stlik qilmoqdasizlar. Holbuki, Men sizlar yashirgan va oshkor qilgan narsani yaxshi biluvchidirman. Sizlardan kimki shu (ish)ni qilsa, bas, aniqki, u to'g'ri yo'ldan ozibdi.
Izoh: Payg'ambar (a. s.)ga xiyonat qilib Makka zodagonlariga yashirincha xat yozgan Xotib ibn Baltaa uzr aytganda, uzrini qabul etganlar. Lekin bu ish boshqalarga ibrat bo'lishi uchun oyatda ogohlantirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |