Agar Alloh ularga surgunni yozmaganida, albatta, ularni mana shu dunyoda (qatl qilish yoki asrga olish bilan) azoblagan bo'lur edik. Ular uchun oxiratda do'zax azobi ham bordir.
Bunga sabab, ularning Alloh va Uning payg'ambariga qarshi turganlaridir. Kimki Allhga qarshi tursa, bas, Alloh jazosi qattiq zotdir.
(Ey, imon keltirganlar,) sizlar (Banu Nazir xurmozorlaridan) biror xurmo daraxtini kesdinglarmi yoki uni o'z tanalarida turgan holida qoldirdinglarmi, bas, (qilingan ish) Allohning izni bilan va fosiq (itoatsiz) kimsalarni rasvo qilish uchundir.
Alloh O'z Payg'ambariga ulardan o'lja qilib bergan narsalar ustiga sizlar ot va tuyalarni minib borganlaringiz yo'q (qiynalib qo'lga kiritganlaringiz yo'q), lekin Alloh O'z payg' ambarlarini O'zi xohlagan kimsalardan ustun qilib qo'yar. Alloh har narsaga qodirdir.
Alloh qishloq (shahar)larning (kofir) aholisidan o'z payg'ambariga o'lja qilib bergan narsalar - toki sizlardan boy-badavlat kishilar o'rtasidagina qo'lma-qo'l bo'lib yuraveradigan narsa bo'lib qolmasligi uchun - Allohga, Payg'ambarga va (u zotning) qarindoshlari, yetimlar, miskinlar va musofirlarga tegishlidir. Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olinglar, u sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh jazosi qattiq zotdir.
(U o'ljalar yana) o'z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan zotlar - kambag'al muhojirlarnikidir, zero, ular Allohdan fazl va rizolik istaganlar hamda Alloh va Uning payqambariga yordam berganlar. Aynan o'shalar (imonlarida) sodiqdirlar.
Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va imonni saqlaganlar (ansorlar) esa o'zlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suyurlar va dillarida ularga berilgan narsa (o'ljalar) sababli hasad sezmaslar hamda o'zlarida ehtiyoj bo'la turib, (ehson qilishda o'zgalarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o'z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o'shalar iqbollidirlar.
Izoh: Bu oyati karimada madinalik musulmonlar qanchalik oliyjanob muruvvatli va saxiy ekanlari ta'rif etilgan.
O'zlari muhtoj bo'laturib, narsalarini o'zga muhtojlarga ehson qilish bu saxovat va karamning eng yuqori cho'qqisidir. Bu xislat arab tilida "iysor" deyiladi.
Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: "Ey, Rab bimiz, O'zing bizlarni va bizlardan ilgari imon bilan o'tganlarni mag'firat qilgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz, albatta, Sen mehribon va rahmlidirsan!"
(Ey, Muhammad,) munofiq kimsalar o'zlarining ahli kitoblaridan (yahudiylardan) bo'lmish kofir birodarlariga: "Qasamki, agar sizlar (Madinadan) quvib chiqarilsangizlar, albatta, bizlar ham sizlar bilan birga chiqib keturmiz va sizlar(ga qarshi harakat)da hech qachon hech kimga itoat etmasmiz. Agar sizlarga qarshi jang qilinsa, albatta, bizlar sizlarga yordam berurmiz",- dyishlarini ko'rmaysizmi? Alloh guvohlik berurki, ular, albatta, yolg'onchidirlar.
Qasamki, agar (yahudiylar o'z diyorlaridan) quvib chiqarilsalar, (munofiqlar) ular bilan birga chiqib ketmaslar. Qasamki, agar (yahudiylarga qarshi) jang qilinsa, (munofiqlar) ularga yordam ham bermaslar. Mabodo yordam bersalar ham, albatta, yahudiylar (mag'lub bo'lib) ortlariga qarab qochurlar va keyin ularga yordam berilmas.
(Ey, mo'minlar,) sizlar (munofiqlarning) dillarida Allohdan ko'ra qo'rqinchliroqdirsizlar. Bunga sabab, ular (Allohning qudratini) anglamaydigan qavm ekanliklaridir.
Ular (munofiq va yahudiylar) hammasi sizlar bilan faqat qal'ali qishloqlar (ichida berkinib) yoki devorlar ortidagina jang qila olurlar. Ular o'z o'rtalarida "kuchli"dirlar. (So'zlaridan) ularni bir deb hisoblaysiz-u, (ammo) dillari xilma-xildir. Bunga sabab ularning aqlsiz qavm ekanliklaridir.
(Ular) xuddi o'zlaridan ozgina oldin o'tgan, o'z qilmishlarining uvoliga qolgan kimsalarning (Badr jangida yengilgan mushriklarning) o'xshashidirlar. Ularga (oxiratda ham) alamli azob bordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |