(Ey, Muhammad,) Allohning g'azabiga uchragan qavmni (yahudiylarni) do'st tutgan (munofiq)larni ko'rmaysizmi?! U (munofiq)lar sizlardan (musulmonlardan) ham, ulardan (yahudiylardan) ham emasdirlar. Yana ular bilib turib, ("Biz musulmonmiz" deb) qasam ham ichurlar.
Alloh ular uchun ashaddiy azobni tayyorlab qo'ygandir. Darhaqiqat, ularning qilgan ishlari naqadar yomondir!
Ular o'zlarining (yolg'on) qasamlarini qalqon qilib olishib, (odamlarni) Allohning yo'lidan to'sdilar. Bas, ular uchun xor qiluvchi azob bordir.
Ularning mollari ham, bolalari ham Alloh tomonidan (bo'ladigan) narsani (azobni) ulardan daf qila olmas. Ular do'zax ahlidirlar. Ular o'sha joyda mangu qoluvchidirlar.
U Kunda (Qiyomatda) Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirganda, ular xuddi sizlarga qasam ichayotganlaridek, U zotga ham qasam ichurlar va o'zlariga (qasamlari sababli) biror narsa (foyda) bo'ladi deb hisoblaydilar. Ogoh bo'lingizkim, albatta, ular ayni yolg'onchilardir!
Ularni shayton egallab olib, ularga Alloh zikrini unuttirdi. Ana o'shalar shayton hizbi (guruhi)dirlar. Ogoh bo'lingizkim, albatta, shayton hizbi ziyon ko'ruvchilardir!
Albatta, Alloh va Uning payg'ambariga muxoliflik qilganlar, aynan, o'shalar eng xor kimsalar ichida bo'lurlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |