Qof. Ulug' Qur'onga qasam!
Izoh: Qasamyod etildi, lekin qasamning javobi, ya'ni nimaga qasamyod etilgani oyatda zikr etilmadi. Buning sababi javob keyingi oyatlar mazmunidan ayon bo'lib turganidadir. Bu taqdirda qasam javobi - Siz, Ey Muhammad, qayta tirilish haq ekanligini har qancha isbotlamoqchi bo'lsangiz ham Makka ahli ishonmaydi, degan so'zdir.
Ha, ularga (farishta o'rniga) o'zlaridan bo'lmish bir ogohlantiruvchi (payg'ambar) kelganidan ajablandilar. Shunda kofirlar aytdilar: "Bu juda qiziq narsa-ku!
Bizlar o'lib, tuproqqa aylanganimizda (yana tirilamizmi)?! Bu juda uzoq (aqlga sig'mas) qaytishdir!"
Biz ular(ning murdalari) ni yer kamaytirayotganini (chirib tuproqqa aylanayotganini) bilganmiz. Bizning huzurimizda esa, (qilmishlarini) saqlovchi Kitob (Lavhul-Mahfuz) bordir.
Yo'q, ularga Haq (Qur'on) kelganda, uni ham yolg'onga yo'ydilar. Bas, ular iztirobli ishga (holga) tushib qolganlar.
Izoh: Iztirobli hollari - Qur'onni bir sehr desalar, bir she'r dedilar, bir afsona desalar, bir folbinlik kitobi deyishlaridir.
Axir, ular ustilaridagi osmonni - Biz uni qanday bino qilib, (yulduzlar bilan) bezab qo'yganimizni va uning teshik(yoriq)lari yo'q ekanini ko'rmadilarmi?!
Yerni esa yoyiq (keng) qildik va unga tog'larni o'rnatib qo'ydik hamda unda (o'simlik, mevalardan) har turli go'zal juftlarni undirdik.
Do'stlaringiz bilan baham: |