(Parvardigorga) qaytuvchi har bir bandaga ko'rgazma va eslatma bo'lishi uchun (shunday qildik).
Biz osmondan barakotli suv (yomg'ir) yog'dirib, u bilan bog'larni va o'rib olinadigan donlarni undirdik.
Shuningdek, zich mevali, novdalari baland xurmolarni ham.
Bandalarga rizq bo'lsin uchun (shunday qildik). Yana u (suv) bilan "o'lik" shaharni (yerni) "tiriltirdik". (Qabrlardan tirilib) chiqish ham mana shunday bo'lur.
Ulardan (Makka kofirlaridan) oldin Nuh qavmi, quduq egalari (Shuayb qavmi), Samud (qabilasi) inkor qilgan edilar.
Shuningdek, Od(qabilasi), Fir'avn (qavmi), Lutning og'a-inilari,
daraxtzor egalari (ya'ni,Shuayb qavmi) va Tubba' qavmi ham. (Ularning) barchalari
payg'ambarlarni inkor etishgach, Mening va'dam (azobim ularga) muqarrar bo'ldi.
Axir, Biz avvalgi yaratishga (yo'qdan bor qilishga) ojizlik qildikmi? Yo'q, ular esa yangi yaralishdan shubhadadirlar.
Insonni (Biz) yaratganmiz, (demak,) uning nafsi vasvasa qiladigan (ko'nglidan o'tgan) narsalarni ham bilurmiz. Biz unga bo'yin tomiridan ham yaqinroqdirmiz.
Zotan, o'ng va chap (tomon)da o'tirgan ikki (yozib turuvchi farishta) qabul qilib(yozib) tururlar.
U biror so'zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo'lgan bir kuzatuvchi (so'zni yozib oluvchi farishta) bordir.
Mana o'lim mastligi (jon chiqish payti) haqiqatan (yetib) keldi. (Ey, inson,) bu (o'lim) sen undan qochuvchi bo'lgan narsadir.
(Tasavvur qiling,) Sur ham chalindi. Bu (kofirlarga azob) va'da qilingan Kundir!
Har bir jon o'zi bilan birga (uni mahsharga) haydovchi (bir farishta) va (amallariga) guvohlik beruvchi (ikkinchi farishta) bilan birga kelur.
(Ey, inson,) sen bu (og'ir Kun)dan g'aflatda eding. Bas, Biz sendan pardangni ochib yubordik. Endi, bugun ko'zing o'tkirdir.
Uning (kofirning) yaqini (bo'lgan farishta) deydi: "Mana bu (nomai a'mol) mening huzurimda (doimo) hozir bo'lgan narsadir".
(Do'zax xodimlaridan ikki farishtaga aytilur): "Har bir noshukr, qaysarni jahannamga tashlangiz!
Shuningdek, yaxshilikni man etuvchi, tajovuzkor va (Allohga) shak keltiruvchini hamki,
u Alloh bilan boshqa "iloh"ni sherik qigan edi, uni qattiq azobga tashlangiz!"
Uning yaqini (shayton): "Parvardigoro, uni men tug'yonga solganim yo'q, lekin uning o'zi (haq yo'ldan) yiroq zalolatda bo'ldi", - deydi.
(Alloh) aytadi: "Mening dargohimda bahslashmanglar! Men ilgari sizlarga tahdid qilganman.
Mening dargohimda (qilingan) so'z o'zgartirilmas va Men bandalarga zulm qiluvchi ham emasdirman".
U Kunda Biz jahannamga "to'ldingmi?", - dermiz, u esa: "Yana qo'shimcha bormi?" - der.
Jannat taqvodor zotlarga yiroq bo'lmagan (bir makonga) keltirilur
(va ularga:) "Mana shu (ne'matlar) sizlarga - (Allohga) qaytuvchi, (ahdini) saqlovchiga (va'da qilinib yurgan narsadir).
Shuningdek, Rahmondan g'oyibona qo'rqqan va tavba etuvchi qalb bilan kelgan kishilarga ham.
Unga (jannatga) salomat kiringiz! Bu (kun) mangu (qoladigan) Kundir", ( - deyilur).
Ularga u joyda xohlagan narsalari bordir. Bizning dargohimizda yana qo'shimcha (in'omlar) ham bordir.
Ulardan (Quraysh kofirlaridan) oldin ulardan quvvatliroq qanchalab avlodni halok qildik. Bas, o'shalar najot bormikan, deb shaharlarni kezib yurdilar.
Albatta, bunda (o'yg'oq) qalb egasi bo'lgan yoki o'zi hozir bo'lib, quloq tutgan kishi uchun eslatma bordir.
Biz osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi (bor) narsani olti kunda yaratdik va Bizga hech qanday charchoq yetgani yo'q.
Bas, (ey, Muhammad,) ular (kofirlar) aytayotgan so'zlarga sabr qiling va Quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting (namoz o'qing)!
Yana kechaning (bir qismida) va sajdalar (namozlar) ortidan tasbeh ayting!
Izoh: Ushbu va oldingi 39-oyatlarda besh vaqt namozlarning vaqtlariga ishorat bordir. Masalan, "Quyosh chiqishidan ilgari" jumlasi bomdod namozining vaqtiga, "Botishidan avval" jumlasi peshin bilan asr vaqtlari, 40-oyatdagi "Kechaning bir qismida" jumlasi shom bilan xuftan namozlarining vaqtlarini bildiradi. (Madorik tafsiri).
Jarchi (Isrofil farishta) yaqin bir makondan turib jar soladigan Kunda (unga) quloq tuting!
U Kunda ular (barcha xaloyiq) u (dahshatli) qichqiriqni chinakamiga eshiturlar. Bu (qabrlardan) chiqish Kunidir.
Albatta, Biz (barcha jonzotni) tiriltirurmiz va o'ldirurmiz. Qaytish esa Biz saridir.
U kunda ularning ustidagi yer yorilib, (ular) shoshgan hollarida (chiqib kelurlar). Bu faqat Bizgagina oson bo'lgan to'plashdir.
Biz ular (kofirlar) aytayotgan gaplarni yaxshi bilurmiz. (Ey, Muhammad,) Siz ularning ustida (imonga) zo'rlovchi emassiz. Bas, ushbu Qur'on bilan Mening tahdidimdan qo'rqadigan kishilarga nasihat qiling!
VAZ-ZORIYOT SURASI
Zoriyot - haydovchilar demakdir. Ya'ni, bulutlarni haydab yuruvchi shamollar. Alloh shu so'z bilan qasamyod etgani sababli suraning o'zidan olib unga nom etib qo'yilgan. Surada oxiratda ro'y beradigan voqealardan Alloh taolo O'z bandalarini ogoh etib, bu dunyoda ezgu amallarni qilib borishlik bilan unga hozirlik ko'rish lozimligi ta'kidlanadi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Qasamyod etaman (bulutlarni) haydab yuruvchi (shamol)larga,
yuk (yomg'ir) tashuvchi (bulut)larga,
(suv yuzida) yengil suzuvchi (kema)larga
va (Alloh buyurgan) ish(lar)ni taqsimlovchi (farishta)largaki,
sizlarga va'da qilinayotgan narsa (qayta tirilish), shubhasiz, rostdir
va albatta, (Qiyomat kunida hisob-kitob qilingandan keyin) jazo (va mukofot) ham voqe bo'luvchidir!
(Yulduzlar harakat qiladigan) yo'llar egasi bo'lmish osmonga qasamki,
albatta, sizlar (ushbu Payg'ambar xususida) qarama-qarshi so'z uzradirsizlar!
Undan (Qur'ondan va Payg'ambardan) burilgan (baxtsiz) kimsa og'ib ketur.
(O'sha) yolg'onchilarga o'lim!
Ular (jaholat) girdobida adashib yuruvchi kimsalardir.
(Ular) jazo (qiyomat) kuni qachon bo'lishini so'rarlar.
(U Kun) ular do'zaxda sinaladigan Kundir.
(O'shanda ularga aytilur): "Sinovingizni totinglar! Sizlar (dunyodalik paytingizda) shoshtirgan narsa mana shudir!"
Albatta, taqvodorlar jannatlar va buloqlar uzra bo'lurlar.
Parvardigorlari ularga ato etgan narsalarni (mukofotlarni) olgan hollarida (bo'lurlar). Zero, ular bundan ilgari (dunyoda) ezgu ishlarni qiluvchi edilar.
(Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar.
Saharlarda ular (Allohdan) mag'firat so'rar edilar.
Ularning mol-mulklarida soil va mahrum (muhtoj) kishilar uchun (ajratilgan) haq (ulush) bo'lar edi.
(Ey, insonlar,) yerda ishonuvchilar uchun alomatlar bordir.
O'zlaringizda ham. Axir, ko'rmaysizlarmi?!
Osmonda esa sizlarning rizqlaringiz (yomg'ir) va sizlarga va'da qilinayotgan narsa (jannat) bordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |