Eslang: Ibrohim: "Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin", - deganda, Alloh: "Kofirlarni esa bir oz rizqlantirib, so'ng do'zax azobiga mubtalo eturman. Bu o'ta yomon oqibatdir", - dedi.
Eslang: Ibrohim (o'z o'g'li) Ismoil bilan birgalikda Uy (Baytulloh)ning poydevorini ko'tarar ekanlar, (shunday duo qildilar): "Ey, Rabbimiz, bizdan (ushbu ishimizni) qabul et. Albatta, Sen eshituvchi va dono zotdirsan!
Ey, Rabbimiz, bizni o'zingga bo'yin sunuvchi qilgin va zurriyotimizdan ham Senga itoat qiladigan ummat (chiqargin)! Shuningdek, bizga (hajga doir) ibodatlarimizni ko'rsatib ber va tavbalarimizni qabul et! Albatta, Sen tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdirsan.
Ey, Rabbimiz, ularga (kelajak ummatlarga) o'zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur'on va Hadis)ni o'rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg'mbarni yuborgin! Albatta, Sen qudrat va hikmat egasidirsan".
Ibrohimning dinidan faqat o'zini qadrlamaydigan (pastkash) kishilargina yuz o'giradilar. Dunyoda Biz uni (payg'mbarlikka) tanlab oldik va u oxiratda (ham), albatta, solih (banda)lardan bo'lur.
Eslang, Rabbi unga: "Bo'yin sun!" - deganida, u: "(Barcha) olamlarning Rabbiga bo'yin sundim", - degan.
Ibrohim o'z o'g'illariga, shuningdek, (nabirasi) Ya'qub ham shu dinni vasiyat qilib dedilar: "O'g'illarim, albatta, Alloh sizlar uchun shu dinni tanladi. Bas, musulmonlik holingizdagina dunyodan o'tingiz!"
Izoh: Ibrohim (a. s.) o'g'illari nechta bo'lganligi haqida turli rivoyatlar bor. Ba'zilar ikkita - Ismoil va Ishoq desalar, ayrim olimlar to'rtta - yana Madyan va Madoin degan farzandlari ham bo'lgan, deydilar. Boshqa manbalarda 8 yoki 14 nafar o'g'illari bo'lgan, deyiladi.
Ya'qub (a. s.)ning o'g'illari 12 nafar: Rubin, Sham'un, Loviy, Yahudo, Yashnuxun, Zabulun, Zavobiy, Naftuniy, Kudo, Avshiz, Binyomin, Yusuf. Manbalarda bu nomlar boshqacha ham berilgan (Xozin, Qoziy va Abul-Lays tafsirlariga qaralsin).
(Ey, Isroil avlodi!) Yoki Ya'qubga o'lim kelganda, o'g'illariga: "Mendan keyin nimaga sig'inasizlar?" - deganida, ular: "Sening ilohing va bobolaring - Ibrohim, Ismoil va Ishoq ilohi bo'lmish yagona Allohga sig'inamiz va bizlar faqat Uning o'zigagina bo'yin sunuvchilarmiz", - deb javob berganlariga guvoh bo'lganmisizlar?
Ular o'tib ketgan ummat(lar)dir. Ularning a'mollari o'zlariga va sizlarning a'mollaringiz o'zlaringizga. Sizlar ularning qilgan ishlari uchun javob bermaysiz.
(Yahudiylar va nasroniylar): "Yahudiy yoki nasroniy bo'ling, shunda hidoyat topasiz", - dedilar. Siz (ey, Muhammad,) ayting: "Aslo yo'q, biz to'g'ri yo'ldan toyilmagan, mushriklardan bo'lmagan Ibrohim diniga ergashamiz".
Do'stlaringiz bilan baham: |