Ayting (ey, Muhammad): "Agar Alloh huzurida oxirat diyori (jannat) odamlarga emas, faqat sizlarga xos bo'lsa va (bu da'volaringizda) rostgo'y bo'lsangizlar, (tezroq) o'lishni orzu qilinglar!"
O'z qo'llari taqdim etgan narsa (gunoh) sababli ular uni (o'limni) sira orzu qila olmaydilar. Alloh zolimlarni (yaxshi) biluvchidir.
Ularni odamlardan va mushriklardan ham hayotga (yashashga) hirs qo'yganroq holda topasiz. Ba'zilari ming yil umr ko'rishni xohlaydi. Vaholanki, umrining uzunligi uni azobdan uzoqlashtiruvchi emas. Alloh (esa) ularning qilmishlarini ko'rib turuvchidir.
Ayting (ey, Muhammad): "Kim Jabroilga dushman bo'lsa, axir, u uni (Qur'onni) qalbingizga Allohning izni bilan o'zidan avvalgi (ilohiy kitoblar)ni tasdiq etadigan, mo'minlarga hidoyat va xushxabar holida nozil qildi-ku!
Izoh: Yahudiylar Jabroil (a. s.)ni o'zlariga dushman deb bilishar edi. Zero, u Muhammad (a. s.)ga keltirgan vahiylarida, ularning sir-asrorlarini fosh qilar, ulara yoqmaydigan ahkomlarni keltirar edi. Ularning bu ulug' farishtani yoqtirmasligiga boshqa sabablar ham bor.
Kim Allohga, Uning farishtalariga, payg'mbarlariga, Jabroil va Mekoilga dushman bo'lsa, (bilib qo'ysinki,) Alloh ham (unday) kofirlarga dushmandir".
Haqiqatan, Biz Sizga aniq oyatlarni nozil qildik. Ularni faqat fosiqlargina inkor eturlar.
Har gal biror ahd-paymon qilsalar, ulardan bir guruhi uni buzaveradimi? Aslida ularning aksariyati imon keltirmaslar.
Alloh tomonidan ulardagi narsani tasdiq etuvchi Payg'mbar (Muhammad) kelishi bilan, kitob (Tavrot) berilganlardan bir guruhi Allohning kitobi (Qur'on)ni xuddi bilmagandek ortlariga uloqtirdilar.
(Ular), yana Sulaymon podshohligidagi shaytonlar (jinlar) o'qigan narsalarga ergashib ketdilar. Sulaymon kofir emas edi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o'rgatadigan shaytonlar kofir edilar. (Ikki farishta): "biz faqatgina sinov (vositasimiz, bizga ishonib) kofir bo'lib qolma", - deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o'rgatmas edilar. Ikkisidan er-xotinning o'rtasini buzadigan narsani o'rganar edilar. Lekin, ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar. (Xullas,) o'zlariga foydasiz, balki zararli narsalarni ta'lim olar edilar. (Allohning kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo'qligini ham yaxshi bilar edilar. O'z (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi!
Qani endi ular imonga kelib, taqvo yo'lini tutganlarida, Alloh tarafidan beriladigan savob yaxshiroq bo'lishini bilsalar edi!
Do'stlaringiz bilan baham: |