Aytgan (shu) gaplari tufayli Alloh ularni ostidan anhorlar oqib turadigan jannat bog'lari bilan mukofotlagay va u yerda abadiy qolurlar. Bu chiroyli ish qiluvchilarning mukofotidir.
Kofir bo'lganlar va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar - ana o'shalar do'zax ahlidirlar.
Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo'ygan narsalarni haromga chiqarmangizlar va haddan oshmangizlar! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni sevmaydi.
Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning halolu poklarini tanovul qilingizlar va o'zlaringiz imon keltirgan Allohdan qo'rqingizlar!
Qasamlaringizdagi behuda so'zlar uchun Alloh sizlarni javobgar qilmaydi, balki sidqidildan bog'lagan qasamlar (buzilgani) uchun sizlarni javobgarlikka tortadi. Buning kafforati (jarimasi) - oilangizni oziqlantirish uchun lozim taomlarning o'rtacha miqdorida o'nta miskinga taom berish yoki ularning kiyimlari yoxud bir qulni ozod qilishdir. Kimki (bularni) topa olmasa, uch kun ro'za tutish (mumkin). Ana shu ichgan (va buzgan) qasamlaringizning kafforatidir. Qasamlaringizni asrangiz! Alloh sizlarga O'z oyatlarini shunday bayon qiladi, toki shukr qilgaysizlar.
Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho'plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz.
Shayton may va qimor (yordami)da o'rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar tiyiluvchimisizlar?
Allohga itoat qilingiz va Rasuliga itoat qilingiz hamda (man etilgan narsalardan) saqlaningiz! Agar bosh tortsangiz, bilib qo'yingizki, Rasulimiz (zimmasi)da faqatgina aniq yetkazib qo'yishlik (yuklatilgan)dir.
Imon keltirgan va savobli ishlarni qilganlar uchun - agar shirkdan saqlanib, imonda va savobli ishlarda davom etsalar, so'ngra (may va qimordan) saqlanib, (haromni harom deb) imon keltirsalar, so'ngra (barcha harom va shubhalardan) saqlanib, (odamlarga) ezgulik qilsalar - yeb-ichgan (oldingi harom) narsalarida gunoh yo'qdir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi.
Ey, imon keltirganlar! Alloh O'zidan g'oyibona (ko'rmasdan) qo'rqadiganlarni bilish uchun sizlarni (ehromdagi hollaringda) qo'llaringiz va nayzalaringiz yetganicha olinadigan narsa bilan ovda sinaydi. Shundan keyin kimki haddan oshsa, unga alamli azob (bordir).
Ey, imon keltirganlar! Ehromda bo'la turib, ovni o'ldirmangiz! Sizlardan kimki uni qasddan o'ldirsa, jazo - xuddi (xonaki) hayvon o'ldirish bilan barobardir: u (ham bo'lsa) Ka'baga (yurib) bora oladigan qurbonlik bo'lib, unga o'zlaringdan ikki adolatli kishi hakamlik qilur yoki (jazosi) kafforat: miskinlarni ovqatlantirish yoki o'sha barobarida ro'za tutishdir. (Bularning hammasi) qilmishi uvolini totib ko'rishi uchundir. Alloh o'tgan (ov jinoyatlari)ni kechirdi. Kimki (yana ovga) qaytsa, Alloh undan o'ch olur. Alloh qudratli va intiqom egasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |