(Bizga yana): "Namozni mukammal ado etingiz va Undan qo'rqingiz! U esa, huzuriga sizlar jam bo'ladigan zotdir" (deb buyurilgan).
U osmonlar va Yerni hikmat bilan yaratgan zotdir. "Bo'l!" - degan kuni (istagani) bo'ladi. Uning so'zi haqdir. Sur chalinadigan kuni (ham) hukmronlik faqat Unikidir. Yashirin va oshkora (narsalarni) biluvchidir. U hakim va xabardor zotdir.
Izoh: Sur - o'zbekchada surnay. Isrofil (a. s.)ga qiyomat kuni uni ikki bor chalishga amr bo'ladi. Birinchisida Yer yuzasidagi barcha tirik jon o'ladi. Ikkinchisida avvalinu oxirin hamma o'tganlar tiriladi.
Ibrohim otasi Ozarga: "Sanamlarni iloh qilib olasizmi? Men Sizni va qavmingizni zalolatda ko'rayapman", - deganini eslang!
Shu tarzda Ibrohimga osmonlar va Yerning mulku saltanati (ajoyibotlari)ni ko'rsaturmiz. Chinakam ishonuvchilardan bo'lishi uchun (shunday qildik).
Tun zulmati uni qoplaganda yulduzni ko'rib: "Mana shu - rabbim", - dedi. (U) botib ketganda esa: "Botib ketuvchilarni yoqtirmayman", - dedi.
Chiqayotgan oyni ko'rib: "Mana shu - rabbim", - dedi. Botib ketganda esa: "Agarda Rabbim meni hidoyatga solmasa, albatta, adashganlar qavmidan bo'lib qolurman", - dedi.
Chiqayotgan quyoshni ko'rib: "Mana shu - rabbim. Shu kattaroq-ku!" - dedi. Botib ketganda esa: "Ey, qavmim, albatta, men sizlar keltirayotgan shirkdan bezordirman.
Izoh: Ibrohim (a. s.) ulug' payg'ambarlardan bo'lib turib nechun quyosh, oy, yulduzlarni rabbim dedi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Javobiga mufassirlar aytmishlarki, Xalilulloh bu so'zlarni chin dillari bilan e'tiqodan aytganlari yo'q, balki ularga sig'inadigan mushriklarni masxara qilib, "shu ham parvardigor bo'ldimi, botib ketishini qaranglar"- demoqchi bo'lganlar.
Men to'g'ri yo'lni tanlagan holimda yuzimni osmonlar va Yerni ixtiro etgan Zotga qaratdim. Men mushriklardan emasman", - dedi.
Qavmi u bilan bahslashdi. (Shunda) u dedi: "Men bilan Alloh haqida bahslashasizlarmi? Axir, (U) meni hidoyatga yo'llagan bo'lsa?! Men sizlar keltirgan shirkdan qo'rqmayman. Illo, Rabbim biror narsani xohlasa (o'sha bo'lur). Rabbim ilm jihatidan har narsani qamrab olgan. (Buni) eslab ko'rmaysizlarmi?
Sizlar keltirgan shirkdan qanday ham qo'rqayinki, sizlarga biror hujjat qilib tushirmagan narsani Allohga shirk keltirishdan qo'rqmayotgan bo'lsalaring?!" (Bu) ikki guruhning qaysinisi (qo'rqmay) xotirjam bo'lishlikka haqliroqdir? Biladigan bo'lsangiz (ayting!)
Imon keltirgan va imonlarini zulm (shirk) bilan qorishtirmaganlar - aynan o'shalarga xavfsizlik (bordir) va ular to'g'ri yo'l topganlardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |