1. (Ey, Muhammad,) mana shu shahar bilan qasamyod eturman, 2. holbuki, Siz shu shaharda mavjuddirsiz 3. hamda ota va bolalarga (ya'ni, Odam va zurriyotlariga) qasamyod eturmanki, 4. haqiqatan, insonni mashaqqatga yaratdik. 5. Unga hech kimning kuchi yetmaydi, deb o'ylaydimi?! 6. U (maqtanib): "Juda ko'p mol-dunyoni (sarflab) yo'q qildim", - der. 7. Uni hech kim ko'rmagan, deb o'ylaydimi?! 8. Axir, Biz unga ikki ko'z, 9. til va ikki lab (ato) qilmadikmi?! 10. Yana uni ikki balandlikka (yo'lga) yo'llab qo'ydik-ku! Izoh: Ikki balandlikdan murod ikki yo'l. Ya'ni, hidoyat va zalolat yo'llari. 11. Bas, u (biror yaxshi) dovonni oshib o'tmadi. 12. (Ey, Muhammad,) dovon (oshish) nima ekanini Siz qayerdan ham bilar edingiz?! 13. (U) bo'yinni (qulni) ozod qilish, 14. yoki ocharchilik kunida (muhtojga) taom berishdir. 15. Xoh (u) qarindosh yetim bo'lsin, 16. xoh tuproqli (xor) miskin. 17. So'ngra u (mazkur inson) imon keltirgan va bir-birlarini sabr qilishga tavsiya etgan, bir-birlarini (bandalarga) marhamatli bo'lishga undagan zotlardan bo'ldi. 18. Ana o'sha (fazilatlarga ega bo'lgan zotlar) o'ng tomon egalaridir. 19. Oyatlarimizga kofir bo'lgan kimsalar esa, chap tomon egalaridir. 20. Ularni qamrab oluvchi olov (do'zax) muqarrardir.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
452