www.ziyouz.com kutubxonasi
15
to’lib ketgan, xizmatchilar tantanali ravishda turishardi. Marosimga juda ko’pchilik tashrif
buyurgan, soqchilar olomonni zo’rg’a ushlab turardilar. Limuzin mashinalari qator
turardi.
Tornlarning limuzini kechroq kelgani uchun oxirgi qatorga yaqinlashdi. Bu yerda
soqchilar yo’qligi uchun ularni birpasda odamlar o’rab olishdi. Mudrayotgan Demen
uyg’onib ketdi va oynadan qarayotgan odamlarni ko’rib qo’rqib ketdi. Katerina bolani
mahkam quchoqladi. Kimdir oynani taqillatdi.
- E, Xudo, - dedi Katerina. – Bu yerda nima bo’lyapti?
Demenning yuzida tashvish alomatlari ko’rindi.
- Qo’rqma, - dedi Torn uning xavotirlanganini ko’rib. – Ular bizga hech narsa
qilishmaydi.
Lekin bolaning ko’zlari dahshatdan olaya boshladi, u odamlarga emas, cherkov tomiga
o’rnatilgan xochga qarab turardi.
- Qo’rqma, Demen, - dedi Torn. – Biz to’y tomosha qilamiz.
Bolaning qo’rquvi kuchaydi. Mashina tobora cherkovga yaqinlashayotgan edi.
Torn bolasidan ko’z uzmayotgan Katerinaga qaradi. Demenning yuzi oqarib ketgan,
olomon yo’q bo’lsada, u g’ujanak bo’lib olgandi.
- Hammasi joyida, Demen, - shivirladi Katerina. – Odamlar ketishdi…
Ammo bolaning ko’zlari cherkovga tikilgan, o’zi esa dag’-dag’ titrardi.
- Unga nima bo’ldi? – so’radi Torn.
- Bilmadim.
- Senga nima bo’ldi, Demen?
U o’lgudek qo’rqib ketgandi.
Bola dam Tornga, dam Katerinaga qarardi.
- Bu bor-yo’g’i cherkov, - dedi Katerina.
Bola yuzini keskin burdi. Uning lablari qurib qolgan, nafas olishi sekinlashayotgandi.
- E Xudoyim! – qichqirdi Katerina.
- Unga nima bo’ldi?
- Uning tanasi sovub qoldi. Xuddi muzga o’xshaydi!
Limuzin cherkov oldida to’xtadi va xizmatchilardan biri eshikni ochib Demenga qo’l
uzatdi. U dahshat bilan onasining ko’ylagidan mahkam ushladi.
- Demen! – qichqirdi Katerina. – Demen!
U bolaning qo’llarini bo’shatmoqchi bo’ldi, ammo u yanada mahkamroq ushladi.
- Jeremi! – Katerina o’zini yo’qotib qo’ydi.
- Demen! – baqirdi Torn.
- U ko’ylagimni yirtib yuboradi!
Torn bolaga engashdi, u esa onasining sochlariga yopishdi.
- Yordam beringlar! – chinqirdi Katerina.
Demen dahshatdan qichqirardi. Ularning olishuvini ko’rgani birpasda odamlar
to’planishdi. Gorton ularga yordam berish uchun bolani tortib olmoqchi bo’ldi. Ammo
bola haqiqiy yirtqichga aylangan, bo’kirar, o’tkir tirnoqlari esa onasining yuziga
botirilgandi. U hatto Katerinaning bir tutam sochini ham yulib oldi.
- Uni olinglar! – baqirdi Katerina.
U Demenni ura boshladi. Torn bolani kuch bilan yulqib oldi.
- Ketdik!- dedi u Gortonga. – Bu yerdan ketamiz!
Limuzin oldinga siljidi. Ular cherkovdan uzoqlashganlari sari bolaning jazavasi pasaya
boshladi va bir necha daqiqadan keyin u jim bo’lib qoldi. Demenning ko’zlari yonar,
yuzidan ter oqardi. Torn uni mahkam ushlab olgandi. Uning yonida Katerina o’tirar,
uning bir ko’zi yumilib qolgandi. Ular jim ketishdi.
Omen (Iblis Hamlasi). Birinchi kitob. Devid Zeltser
Do'stlaringiz bilan baham: |