www.ziyouz.com kutubxonasi
57
— Valeriy Ivanovich, sen burgutning o‘rdak ovlaganini eshitganmisan?— dedi Tengiz
Qo‘tosga qarab.— Eshit, bu qiziq hangoma. Bir nodon burgut... Qara-ya, burgutlarning
ham nodoni bo‘lar ekan, o‘sha nodon burgut o‘rdak ovlamoqchi bo‘libdi. Endi o‘rdakka
chang solaman, desa o‘rdak shartta suvga sho‘ng‘ib ketarmish. Shunda burgut astoydil
qasd qilib o‘rdak tomon o‘qdek uchibdi. O‘rdak bu safar ham suvga sho‘ng‘igan ekan,
«endi qutulib bo‘psan!» deb u ham sho‘ng‘ibdi. O‘rdak esa suv yuzasiga chiqib,
qanotlarini yoyibdi-yu, uchib ketibdi. Burgut esa suvga bo‘kib o‘libdi. Qalay, Valeriy
Ivanovich?
— Nima demoqchisan? Shu itpashshani burgutga o‘xshatyapsanmi? — dedi Qo‘tos
ensasi qotib.
— Yo‘q-o‘q, Valeriy Ivanovich, kelib-kelib shuni burgutga o‘xshatamanmi? Bu jonivor
o‘z nomi bilan Murik! Sen esa buni itpashshaga o‘xshatyapsan. Itpashshalarni ranjitma.
Valeriy Ivanovich, harholda ular orasida qanjiqlari yo‘qdir.
Murik qaddini rostlagach, Tengiz barmoqlari uchi bilan uning iyagini ushladi-da,
boshini Tursunali tomon burdi:
— Xo‘sh, bu laqmada nima ishing bor edi?
— Yolg‘iz o‘zingga aytaman, — dedi Murik.
— Hilvatda achomlashib turadiganlarga o‘xshab gapingni qulog‘imga aytasanmi?
Koshakka ishonmaysanmi? Yo Valeriy Ivanovichdan hadiksirayapsanmi? Ularni qanjiq
deb o‘ylayapsanmi?
Bu gaplardan so‘ng Koshak yana musht hozirlagan edi, Tengiz bir imo bilan uni
to‘xtatdi.
— Noz-ishvalaringni hali tramvayga qo‘yganimizda qilarsan, — deb davom etdi
Tengiz, — qani, ayt!
— Bular boy bo‘lishadi, — dedi Murik, — ozginasini baham ko‘rsin, devdim,
hammasini olmayman, dedim.
— Qaerga berkitgan ekan?
— Molxonada...
Murik shunday deyishi bilan Tengiz uning qorniga mushtladi. So‘ng yiqilib tushmasin,
deb sochlarini changallab, boshini ko‘tardi.
— Bunchalar ahmaq bo‘lmasang, sen xunasa! Bu laqma senga aytganini bizga
aytmaydimi?
— Gapimni oxirigacha eshitmading, Knyaz! — dedi Murik ixranib. — «Molxonaga
yashirganman» demagin, dedim unga. Keyin... aytdi... Yerto‘lada ekan...
— Gobelyan bilan qanaqasiga kelishgansan?
— Uchdan biriga. Biri Gogikka, biri unga. Bu ishga meni Gogik tortdi. Qanjiq
deyiladigan bo‘lsa, o‘sha g‘irt qanjiq. Meni emas, uni o‘ldirish kerak.
— Seni kim o‘ldirmoqchi bo‘lyapti, Murikjan?.. Gogikning esa o‘z hisob-kitobi bor. Sen
uning taqdiri uchun qayg‘urmay qo‘yaver. Sen bizga ikkinchi topshirig‘ingni ayt.
— Avvalgi kuni o‘zingga aytganman. Mening bilganim shu.
— Ular nima uchun seni tanlashdi?
— Bilmayman. Mening bilganim: yana uch-to‘rtta odamga buyurilgan. Har xil
lagerlarda odam tanlayapti. Ularning kimligini bilmayman. Knyaz, qo‘rqityapti, deb
o‘ylama. Ammo menga bir narsa bo‘lsa, ular seni tinch qo‘yishmaydi.
Tengiz tislanib, Tursunalini chaqirdi-da:
— Seni urdimi? — deb so‘radi.
Tursunali Murikka xavotir bilan qarab sekingina «Ha», deb qo‘ydi.
— Qanday urgan bo‘lsa, sen ham shunday ur. Haqqing qolmasin. Boradigan yeriga
qarzsiz borsin. Qani, lalayma, ur!
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |