Endi o‘zbek falsafasining mohiyati to‘g‘risida fikr yuritaylik. – deb davom etdi I.A.Karimov vazminlik bilan, – O‘zbeklar qadimdan yakkalikdan umumiylikni, individuallikdan jamoaviylikni afzal bilishgan, shu sababli xalqimiz “yakka otning donggi chiqmas, donggi chiqsa ham changgi chiqmas” deydi. O‘zbek jamoaviylikni afzal bilganligi uchun qo‘ni-qo‘shnisini, mahalla ahlini qadrlaydi, jamoasi bilan birgalikda hasharlar uyushtirib, muhtoj qo‘shnilarini qo‘llab-quvvatlaydi, to‘ylarni va marakalarni jamoatchilik kuchi bilan amalga oshirishadi. Jamoa, jamoatchilik to‘ylarda quvonchingizga, musibatda qayg‘ungizga sherik bo‘ladi.
O‘zbek milliy va umuminsoniy ezgu qadriyatlarni e’zozlaydi. Oila qadriyatini olaylik. Aytingchi, o‘zbek milliy oilasidan ham mustahkam oila bormi dunyoda. O‘zbek oilani, ota-onasini, bola-chakasini, aka-ukasini, opa-singlisini, qarindosh-urug‘ini qadrlaydi. Zarur bo‘lganda ularga tayanadi, ulardan ko‘mak oladi, yoki ularga dalda berib qo‘llab-quvvatlaydi. Oila sha’nini, mahalla sha’nini, millat sha’nini ko‘z qorachig‘iday asraydi. Bu qadriyatlarga dog‘ tushirgan ko‘rnamaklardan esa nafratlanadi. Farzand tarbiyasini ham o‘zbek jamoaviy muqaddas burch deb biladi. Shu tufayli u “bir farzandga yetti mahalla ota-onadir” degan maqolga amal qiladi. Oilaning mustahkamligi o‘zbekning nikohni qadrlashi va farzandlari kelajagiga umidi kuchliligidan. O‘zbek umuman porloq kelajakka umid qilib yashaydi. Er va xotin o‘rtasidagi munosabat otaga va onaga hurmat qadriyatini ardoqlashidan kelib chiqadi. Bularning barchasi oilaning mustahkamligi uchun garovdir.
O‘zbek mahalla bo‘lib yashashni afzal deb biladi. Mahallachilik, mahalla odobi, mahalla sinovi, mahalladagi obro‘ faqat o‘zbekka xos. Dunyoning hech bir nuqtasida o‘zbekning mahallasiday oliyjanob tarbiya o‘chog‘i yo‘q. Mahalla jamoasi kimning xonadonida nima bo‘layotganligidan xabardor. Mahalla ahli to‘ylarni ham, marakalarni ham birgalikda, hamjihatlikda amalga oshirishadi. Bu jamoaviylikning tarbiyalanishiga, mustahkamlanishiga imkon beradi.
Milliy mafkuramiz milliy manfaatlarimizning umummillat miqyosidagi himoyachisi bo‘lishi lozim. Buni amalga oshirish uchun esa mahalla udumlari ildiziga tayanib ish yuritishga to‘g‘ri keladi. Ha, aytganday, o‘zbek milliy falsafasining kattalarga hurmat, kichiklarni izzat qilish tamoyili ham bor. Bu tamoyil zamirida keksalarda katta hayotiy tajriba borligini ta’kidlash, kichiklarni esa qo‘llab-quvvatlasak, kelajakda ular orasidan ulug‘ insonlar yetishib chiqishi mumkin, degan hikmat, ya’ni falsafa, mujassamdir.
O‘zbek falsafasida tiriklikning zamini bo‘lgan onani e’zozlash, onaning munis va mehribonligini ta’kidlash ezgu qadriyatlar hisoblanadi. Haqiqiy o‘zbek onaga hurmatsizlik bilan qaramaydi, chunki ota – onaning hurmatini, oiladagi muqaddas o‘rnini yaxshi bilganligi uchun ham onaning hurmatini joyiga qo‘yadi. Buni farzandlar ko‘rib turadi va mehribon onasiga nisbatan mehri yanada oshadi. Har bir ona farzandlari uchun o‘z jonini ham fido qilishga tayyordir. Bu tamoyil ham o‘zbek falsafiy tafakkurida markaziy o‘rin egallaydi. Onaga, umuman ayolga munosabat qadimgi yodgorliklarimiz “Avesto” asarida ham alohida qayd etilgan. Qur’oni Karimda esa, jannat onalarning oyog‘i ostidadir, deyilgan.
Ba’zi xalqlarda ayollar kamsitiladi, erkaklarga nisbatan ularga kam haq to‘lanadi, hatto ularning guvohligi ham inobatga olinmaydi. O‘zbek uchun ayol – ona, maslahatgo‘y, himoyachi, dono tadbirkor. Bizda ayollar erkaklardan yuqori qo‘yilsa – qo‘yiladi, aslo kamsitilmaydi. Qadimgi hikmatlarda To‘maris momodek, Roziya sultondek sarkardalar, Bibixonim va Barchinoydek sadoqatli ayollar haqida mehr bilan hikoya qilinadi. Xalqimizning azaliy udumlarida ayollarni himoyalash, ularning jismonan ojizaligi uchun og‘ir yumushlarida ularga yordamlashishga intilish qadrlangan. Oilasida erkak kishi bo‘lmagan xonadonga bostirib kirish odobsizlik hisoblangan. Shu sababli ayollar suv olish uchun bo‘sh idishlarini, o‘tin yorish uchun to‘nka va boltalarini hovlisidan tashqariga chiqarib qo‘yishar ekan. Ko‘chadan o‘tayotgan erkaklar, bu uyda ojizalar yashar ekan, deb ularga muruvvat ko‘rsatish maqsadida, idishlarini anhordan suvga to‘ldirib kelishgan, o‘tinlarini esa yorib berishgan. Bolta va idishlarini o‘g‘rilab ketishni katta gunoh, insongarchilikka zid ish deb bilishgan.
Xullas o‘zbek falsafasining xilma-xil qirralari borki, ularni faqat qalbida o‘zbeklik tuyg‘usi bo‘lgan olimgina tahlil qilishi mumkin. Mana, milliy mafkura zamirida tayanch bo‘lib ana shu o‘zbek falsafasi yotishi kerak deb o‘ylayman.
O‘zbek milliy falsafasining yana bir muhim tamoyili, kelajakning bugundan boshlanishini qat’iy his qilishdir. Xalqimiz o‘tgan ajdodlarimizni qadrlash bilan bir qatorda kelajakka intilib, kelajakdan umid qilib yashaydi. Chunki, o‘zbek bolajon, u o‘z farzandlari va nevaralarining kelajagini o‘ylab, ularga yaxshi zamin yaratish uchun bugun ter to‘kadi. Ya’ni bu joyda “kelajak bugunga ta’sir qiladi” degan qoida amal qiladi. Bu qoida yanglishmasam yangicha metodologiya qoidasi, shundaymi? – dedi Prezident menga yuzlanib.
- Ha, - dedim men, - bu yangicha metodologiya – sinergetikaning qoidasi.
Mana, Faylasuflar milliy jamiyati nimalar haqida bosh qotirishi lozim. Bu faylasuflar qarshisida turgan asosiy vazifalardan biridir. – dedi Islom Karimov, bu gaplarga alohida urg‘u berib, - E’tibor qiling sinergetika fani 20-asrning ikkinchi yarimida vujudga kelgan, lekin uning qoidalaridan ota-bobolarimiz qadimdan buyon amaliyotda foydalanishgan.
- Men iqtisodchiman, - deb o‘z so‘zini davom ettirdi I.Karimov, - shu sababli o‘zimning iqtisodiy bilimlarimdan kelib chiqib O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyotning beshta tamoyiliga asoslanib, o‘zbek modelini ishlab chiqdim. Bu modelning har bir tamoyili bizning yurtimizda mukammal ishlashiga kafolat beraman. Ammo men faylasuf emasman, Falsafaning ichki rivojlanish qonuniyatlari, kategorial apparati, asosiy tamoyillari men uchun birmuncha qorong‘i. Shu sababli, faylasuflar milliy jamiyati a’zolari ichida yaxshi faylasuflar ham bo‘lishi tabiiy hol, ular bir yoqadan bosh chiqarib o‘zbek milliy falsafasining konseptual asoslarini ishlab chiqsin. Kelajakda farzandlarimiz ko‘p fanlar qatorida o‘zbek falsafasi asoslarini ham o‘rganishsin.
- Mening nazarimda, sizning hozir bayon qilgan fikrlaringiz har qanday yetuk faylasufning fikrlaridan ziyod bo‘lsa ziyod, kam emas, - dedim men.
- Yo‘q, - dedi, Prezident, qat’iy ohangda, har kim o‘z ishi bilan shug‘ullanishi lozim. Davlat rahbari davlatni to‘g‘ri boshqarish bilan, tikuvchi – tikuvchilik bilan, dehqon – dehqonchilik bilan, faylasuf esa – falsafani takomillashtirish bilan shug‘ullangani ma’qul.
Do'stlaringiz bilan baham: |