www.ziyouz.com kutubxonasi
68
— Kimni peshonasidan otmoqchisiz?
— O‘sha o‘ldirgan odamni-da.
— Kim u?
— Bilmayman.
— Non oldingizmi?
— Non? Nimagaydi?
— Eringiz nonsiz och o‘tiribdi. Boraqoling.
— Voy, savil, meni tergaydigan ham, och o‘tiradigan ham erim yo‘q, Xudoga shukr.
Haydamasangiz ham ketaman. Sassig‘ini hidlab turishga ko‘zim uchayotgani yo‘q! —
Shunday deb ming‘irlaganicha zinadan pastga tusha boshladi.
— Biz bilganlarimizni yordamchingizga aytdik, — dedi ayollardan biri.
— Biz guvoh ekanmiz, ismlarimizni ham yozib oldilar, — dedi ikkinchisi.
— Nimalarni bilasiz? Nimalarni aytdingiz?
Ularning bilganlari: Nafisa qo‘ni-qo‘shnilarga uncha aralashmaydigan «yovvoyiroqmi»
yoki «kibrli- mi» ayol. Ishga borish-kelishida yo‘lakda yoki ko‘chada ko‘rishsa
ko‘rishardi, bo‘lmasa yo‘q. Bozor-o‘char qilganini, qo‘llari tolib sabzi-piyoz ko‘tarib
kelganini yoki do‘kondan non olganini birov ko‘rmagan. Er-xotinning urishganlari u
yoqda tursin, gap talashishganini ham eshitishmagan. Faqat ikki oymi, uch oymi avval
bitta xotin kelib janjal qilganday bo‘libdi. Mana shu so‘nggi xabarda, Omonulloning
nazarida, jon borday sezildi.
— Qanaqa xotin edi? — deb aniqlamoqchi bo‘ldi.
— Biz tengi, o‘rta yosh,— dedi Omonulloga yaqin tur-gan ayol. So‘ng «chiroylikkina»
deb alohida izoh berdi.
— Kimligini bilmaysizmi?
— Yo‘-o‘q, tanimaymiz u xotinni. O‘sha kuni men qizimni kuzatgani chiquvdim. Shu
yerda ro‘para bo‘lib qoldim. Yonida bir erkak ham bor edi. Erkagini sal tanidim. Oldingi
eri bilan kelib turardi.
Keyingi gap Omonullo uchun kutilmagan bo‘ldi:
— Oldingi eri? — deb har ikki ayolga bir-bir qarab oldi. — Samandar Ochilov ikkinchi
erimi?
— Oldingisini erimas, devdingiz? — dedi gapga qo‘shilmay turgan ayol.
— Bir pas jim turing, endi, — deb jerkidi Omonullo bilan gaplashayotgani. — O‘lgan
odamlar haqida yomon so‘z aytilsa gunoh bo‘larkan. Erimi yo boshqasimi, kimligini
ukamning o‘zlari ajratib oladilar. Bu uyni olishganiga ancha bo‘lgan. Avval muqim
yashashmas edi. Birinchi eri bilan kelib-ketib yurishardi. Bir marta suv toshirib yuborib,
pastdagilarning rasvosini chiqarishgan. Birinchi eri mard ekan, chiroyli qilib tuzatib berdi.
— Birinchi erining otini bilmaysizmi?
— Kim so‘rabdi, deysiz. Ikkinchisi bilan muqim yashayotgani uchun sal-pal taniymiz.
Lekin bu ikkinchi erining ham yo‘q bo‘lib ketadigan odati bor.
— Janjal qilgan xotinni kundoshi devdingiz, a? — deb gapga qo‘shildi nariroqda turgan
ayol.
— Unaqa demaganman.
— Voy, devdingiz-ku...
— Demadim, o‘xshatuvdim. Nafisaning anavi baqiroq otasi gapirib qoldi-da, «Bu
yerda ering yo‘q, ering Sibirda», dedi. Qizimni kuzatib kelayotsam yana shu xotinga
ro‘para bo‘ldim. «Men tilanchi emasman!» deb eshikni qarsillatib yopdi. Yuragim chiqib
ketay dedi.
— Sherigi-chi? — deb so‘radi Omonullo.
— Qaysi sherigi? Ha, anavi erkakmi? Uni ko‘chada ko‘rdim. U uyga kirmagan shekilli.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |