www.ziyouz.com kutubxonasi
75
yanglishmagandi: Samandar uyidan chiqib kelganda uning o‘ng pan-jasi qon edi. Hozir
esa chap qo‘lini bog‘lab olgandi.
Samandar polkovnik gapga tutmasin, degan maqsadda o‘zini ish bilan band qilib
ko‘rsatish uchun qog‘ozlarni varaqladi. Bir oz vaqt o‘tgach, «ish bilan band» ekanini ham
unutib, ko‘zlari bir nuqtada qotdi. Askar yigit yaqinlashib, qahva uzatganini ham
sezmadi. Polkovnik uning bilagiga qo‘lini astalik bilan qo‘yib:
— O‘rtoq Bosh konstruktor, — dedi.
Samandar yengil seskanib, unga qaradi.
— Qahva iching, yengil tortasiz, — dedi polkovnik kulimsirab.
«Yengil tortasiz» — deb ajablandi Samandar. — Bir nimani sezdimi bu odam? O‘zimni
tutib olishim kerak. Uyda hech nima bo‘lgani yo‘q, hech nima... Bu tush edi, vahimali
tush...»
Qahva ho‘playotib shu tarzda o‘zini o‘zi ovutib, «tush ko‘rayotgani»ga ishontirmoqchi
bo‘ldi.
— Qondan qo‘rqar ekansiz, — dedi polkovnik kulimsirab.
— Yo‘g‘-e, — dedi Samandar aybi oshkor bo‘lgan boladay.
— Ha, rangingiz aytib turibdi. Siz hijolat bo‘lmang, ayrim odamlar shunaqa bo‘lishadi.
Qonga ko‘zi tushishi bilan hushidan ketib qoladiganlar ham bor. Ko‘nglingiz ayniganini
mashinadayoq sezgan edim. Tag‘in ham chidadingiz.
Samandar bu lutfni qabul qilganday o‘zini zo‘rlab kulimsiradi.
— Bir oz dam oling, o‘tib ketadi, — dedi polkovnik, mehribonlik bilan.
«O‘tib ketadi? Qani edi o‘tib ketsa!.. O‘tib ketadigan manzara emas bu...» deb o‘yladi
Samandar. Polkovnikning taklifi unga ma’qul keldi: bekorchi suhbatdan qochishning
yaxshi yo‘li — dam olish. U qahvani ichib bo‘lgach, suyanchiqni tushirdi-da, yotib,
ko‘zlarini yumdi.
Samandar shu bo‘yi to uchoq Moskva yaqinidagi harbiy aerodromga qo‘nguniga
qadar qaddini ko‘tarmadi. Polkovnik taomga taklif qilganida ko‘zlarini yarim ochib,
«yo‘q» ishorasini qilib, bosh chayqab qo‘ya qoldi.
Ko‘zlarini yumib yotgani bilan uxlamadi. Aslida bu holda yotish ham uning uchun azob
edi. Biroq, polkovnik bilan suhbatlashgandan ko‘ra shu alfozda azob chekish ma’qulroq
tuyuldi.
U ikki to‘lqin iskanjasida edi. Biri — qon tusida, uyidagi dahshat manzarasi, ikkinchisi
— bir necha soatdan so‘ng bo‘lajak suhbatlar. Samandar birinchi to‘lqinni yengishga,
Nafisaning baqraygan ko‘zlarini haydashga, girdobdan ko‘tarilayotgan qonli panjalarni
nari surishga intildi. Bir necha muddat bunga erishganday ham bo‘ldi. Biroq, nari ketgan
manzaralar yana shiddat bilan o‘z o‘rniga qaytaverdi.
Samandar turli tashvishlar nahrida bearmon suzgan, ammo bu kabi kuchli to‘lqinlarga
bandi bo‘lmagan edi. Yaratganiga banda bo‘lolmaganlarning ajri balki shudir — tashvishu
alamlarga bandi bo‘lishdir...
U keyingi ma’lumotlarga kattalarning ishonishlari qiyin, balki siyosiy tus ham berilar,
degan tahminni diliga tugib yurgan edi. Uning kashfiyotiga asoslangan qurilmalar
dunyodagi yadro poligonlarining har biridagi eng kuchsiz sinovni ham aniqlab, bilib
berishi mumkin edi. Ammo o‘n ikki kun avval kutilmagan holat yuz berdi: qurilma
zaminning kuchsiz tebranganini xabar qildi. Zaminning tebranishi yangilik emas, ammo
tebranish markazi sira kutilmagan yerda edi. Ulardagi xarita bo‘yicha bu joyda yadro
poligoni yo‘q edi. Samandar hisob-kitoblarni qayta-qayta tekshirdi, solishtirdi. Raqamlar
bari- bir o‘jarlik bilan aynan o‘sha joyni ko‘rsatib turaverdi.
Samandar ma’lumotlarni bir kun kechikib yubordi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |