www.ziyouz.com kutubxonasi
107
ku? Qachongacha uchib yuraman. Bir kunmas bir kun qo‘nganimda nima degan odam
bo‘laman?
Omonullo taajjubini yashirmay unga tikilib qolgan, Mels Xo‘jaev ham «gapim — gap!»
deganday tik qaragan edi.
Omonullo unga Samandar Ochilovga tegishli yangi fikrlarini aytib, ekspertiza
xulosalarini bayon qildi. Mels Xo‘jaev harbiy prokuror orqali bitadigan navbatdagi ishlar
bilan shug‘ullanishga va’da bergan edi. Omonullo safar xulosalarini bayon qilgach, u «biz
ham bekor o‘tirmadik, aka», degan ohangda hisobot bera boshladi:
— Shaxsan okrug harbiy prokurori bilan gaplashdim, — Mels Xo‘jaev bu gapni
bolalarcha zavq, bolalarcha g‘urur bilan aytib, xuddi olqish kutganday Omonulloga qarab
qo‘ydi. «Chakki emassan», deb o‘yladi Omonullo, biroq, bu gapni tiliga ko‘chirmadi. Mels
Xo‘jaev yana shu zavq bilan gapini davom ettirdi: — Ochilovni kuzatib borgan polkovnik
bilan suhbatlashganingizdan okrug harbiy prokurorining xabari bor ekan. U «shundan
boshqa yordam berishga ojizmiz», deb aytdi. Ochilov harbiy sohaga oid ilmiy ish bilan
shug‘ullangani bilan o‘zi harbiy hisoblanmas ekan. Uning qaerdaligini surishtirishga yoki
bizga tutib berishga ularning haqlari yo‘q ekan.
«Shunga aqling yetibdi, boqsa odam bo‘lasan. Qani, davom etaver-chi», deb o‘yladi
Omonullo. Uning jimgina tinglashi Mels Xo‘jaevda shubha uyg‘otib, bir nafas tin oldi.
«Biron nima dermikin», deb kutdi. Omonullodan sado chiqmagach, davom etdi:
— Mening amakim shunga yaqin boshqa idorada ishlaydilar. Amakim orqali
Ochilovning Moskvada ekanini aniqladim. U hozir harbiy gospitalda ekan. Yaqin kunlarda
qaytar ekan.
«Yaxshi, qaytaversin, kutib olamiz», deb o‘yladi Omonullo.
— Lekin biz uni kutib ololmaymiz, — dedi Mels Xo‘jaev, uning fikrini o‘qiganday, —
Uni harbiylar samolyotida olib kelishadi. Samolyot harbiy aerodromga qo‘nadi.
— Biz uni o‘zining uyida kutamiz, — dedi Omonullo qat’iy ohangda.
— Men ham shunaqa deb o‘ylovdim, — dedi Mels Xo‘jaev. — Agar xohlasangiz
shaxsini aniqlashtirish uchun bir odam bilan uchrashtirishim mumkin.
— Kim bilan?
— Ochilov bilan birga ishlaydigan odam. U amakim bilan maxfiy hamkorlik qilar ekan.
U bilan uchrashasiz-u, ammo o‘zining kimligini surishtirmaysiz.
— O‘zingiz ko‘rishmadingizmi?
— To‘g‘risini aytsam... ko‘rdim. Amakim gaplashdilar, o‘zim indamadim. Uning
qotillikdan xabari yo‘q ekan. Gaplariga qaraganda Ochilovni yoqtirmaydiganga o‘xshaydi.
«Jamiyat uchun zararli shaxs» deb ochiq aytdi.
— Nimasi zararli ekan?
— Ikkita xotini bormish.
— Ikkita xotinli odam jamiyatga zarar keltira olmaydi, — dedi Omonullo kulimsirab.
— Nega? — deb ajablandi Mels Xo‘jaev bu gapning chinmi yo hazil ekanini farqlay
olmay.
— Nega bo‘lardi? — Omonullo «shuni ham bilmaysizmi?» deganday kuldi. — Bunaqa
odam ikkita xotinni eplash bilan ovora bo‘lib dunyoda sovet jamiyati borligini ham unutib
yuboradi. Hayron bo‘lmang, hazillashdim. Agar u odamingizning gapi rost bo‘lsa, ikkita
xotinli odam jamiyatga zarar keltirsa, uchtami to‘rtta xotin olganlar jamiyatga o‘t qo‘yar
ekan-da. Siz to‘g‘ri fahmlagansiz: ichi qora odamga o‘xshaydi. Yana nima deydi?
— Boshqalarning ilmiy ishlarini o‘zlashtirib olar ekan. O‘zini Davlat mukofotiga qo‘yib,
ololmabdi.
— Bo‘ldi, tushunarli. U bilan hozir gaplashmasak ham bo‘ladi. Zarurat bo‘lsa, keyinroq
uchrashamiz.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |