www.ziyouz.com kutubxonasi
108
— Siz... Ochilovning birinchi xotini bilan ko‘rishdingizmi?
Omonulloning shunday rejasi bor edi. Biroq, prokuratura xodimining jig‘iga tekkisi
kelib atay:
— Shartmi? — deb so‘radi.
Mels Xo‘jaev Omonulloning quvlik qilayotganini sezib, yelka qisib qo‘ydi-da,
ranjigansimon tarzda dedi:
— O‘zingiz bilasiz, men sizga buyura olmayman.
Omonullo «fikrlaringiz durust, men shunchaki hazillashdim», deb ovutmoqchi bo‘ldi-
yu, «past-balandga ko‘niksin», degan xayolda indamadi. Xayrlashish uchun qo‘l
uzatganda Mels Xo‘jaev unga bir parcha qog‘oz uzatdi:
— Nima bu? — dedi Omonullo ajablanib.
— Ochilovning birinchi xotini shu manzilda tu-radi, — dedi Mels Xo‘jaev, bu safar
kiborlarcha boqib. Omonullo uning qarashidagi «bunisiga nima deysiz?» degan ma’noni
o‘qib, jilmaygancha javob qildi:
— Qoyilman, gap yo‘q!
Omonullo ishxonasiga kiraverishdagi navbatchi uychasi yonida turgan Adolatni ko‘rib,
ajablandi. Bu ayolning kelishiga amin ediku-ya, biroq bu qadar tez yo‘qlar deb
kutmagandi. Adolat uni ko‘rdi-yu, kuyoviga peshvoz chiqqan qaynonaday jilmayib qarshi
oldi. U yaltiroq ipli sariq kuylak kiyib olgan, oyog‘ida yoshlarga rasm bo‘lgan poshnali
qora tufli, qoshu ko‘zlariga qalam tortgan, labiga och qizil bo‘yoq surtib olgan edi. Qilig‘i
o‘ziga yarashmagan bo‘lsa-da, harholda avvalgi ko‘rinishiga qaraganda sal
odambashararoq edi.
— Voy Xudoyimga shukr-ey, — dedi u salomlash-gach, — kelmay qolarmikinsiz deb
yuragim taka-puka edi-ya.
— Keling opa, tinchlikmi? Xo‘jayin tuzukmilar?
— Ha, yotibdi, g‘o‘ldir-g‘o‘ldir qilib. Nafisaning uyidagi mollarni olib kel, deb
yubordilar.
— Ie, shunaqami, gapirayaptilarmi?
— Qayoqda? Til o‘sha-o‘sha — ketgan.
— Til ketgan bo‘lsa qanaqasiga «mollarni olib kel», dedilar?
— Voy... — Adolat tilidan ilinganini bilib sal sarosimalandi-yu, lekin sir boy bermay,
o‘zini qo‘lga oldi: — til o‘lgur bo‘lmasa ham ko‘zlari ochiq-ku? Imo-ishora bilan
gapiryaptilar. Shuncha yil birga yashagandan keyin ko‘zlariga qarab turib, nima
demoqchi bo‘layotganlarini bilib olaman.
— Ovora bo‘lib kelibsiz, opa, mol egasiga beri-ladi.
— Voy, shoshmang, nachalnik uka. Men sizga bir muhim gap aytaman.
— Xo‘p, ayting.
— Bu yerda idorangiz bormi? Ko‘chada aytadigan gap emas.
Omonullo uni xonasiga boshlab kirdi. Adolat stulga o‘tirayotib tor xonaga bir razm
soldi-da:
— O‘ldirgan odamni qidiryapsiz-a? — deb so‘radi.
— Qidiryapmiz, — dedi Omonullo.
— Hali topmadingiz-a?
— Zehningizga qoyilman: topmadim.
— Topa olasizmi?
— Bilmadim. Harholda burun bo‘lsa, ro‘molcha topiladi, degan gap bor.
— Men sizga bir gapni aytsam, osongina topa-siz.
— Shunaqami? Menga aytib o‘tirmay o‘zingiz topa qolmaysizmi?
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |