www.ziyouz.com kutubxonasi
110
emasmi? — Shu savoldan so‘ng Adolat bir chayqalab oldi. — Ilojini qilish kerak. Eridan
tilxat olib kelsa-chi? Ha, albatta, guvohlar ishtirokida. — Omonullo shunday deb
go‘shakni joyiga ildi. — Tushundingizmi? Bir haftadan so‘ng tilxat bilan kelasiz. Qani,
endi ayting gapingizni.
— Kecha siz ketganingizdan keyin esimga tushdi. Xotiram o‘lgur sal o‘tmaslashib
qolibdi, — deb gap boshladi Adolat. Omonullo esa o‘zicha «o‘tmaslash- gan aqlda o‘tkir
xotira bo‘larkanmi?» deb xayolidan o‘tkazdi.
— Uch oymi, to‘rt oymi avval Valijonni ko‘ruvdim.
— Kim u? — Omonullo shu savolni berib qog‘ozga «Valijon» deb yozdi.
— Valijonmi? Tursunalining ishongan sho‘piri. Tursunalini bilasiz, qamalib ketgan
direktor. Qorang o‘chgur Matluba eri qamalsa ham ko‘chib ketmadi.
— Ko‘chishi kerakmidi?
— Eri qamalganidan keyin ketmaydimi kelgan joyiga. Bir nimadan ilinji bor u
megajinning. Hozirgi direktor erining yaqin odami edi. Uyiga ham tegmadi. Nega
tegmadi, bilasizmi? Yer yutkur Tursunali Nafisani surib yurganida, Matluba bu odamning
ko‘ngilchasini ovlab yurgan.
— Ko‘rganmisiz?
— Nimani?
— Ko‘ngilchasini ovlaganini?
— Ko‘rib nima, men uning lozimiga qorovulmanmi, qachon yechib, qachon kiyganini
poylab yuribmanmi?
— Xo‘p, bu gaplarni qo‘ying, siz Valijonni ko‘ruvdingiz?
— Ha, ko‘rdim, — Adolat shunday deb g‘ashi kelganini bildirish maqsadida bir
chimirilib oldi: — Bir kuni Matluba chaqirib, to‘ppa-to‘satdan «shaharga boramiz», debdi.
Valijon «ertaga boraylik, kech bo‘ldi», desa ham ko‘nmabdi. Keyin Valijon uni yer yutkur
Nafisanikiga boshlab boribdi. Borishganidan keyin Matluba Valijonga «sen chiqib tur»,
debdi. Nafis o‘lgur esa «O‘tiring, Valijon aka, choy iching, osh pishyapti», desa ham
ko‘nmabdi. Xullas, Valijonni chiqarib yuborib, janjalning uyasini qo‘zg‘abdi.
— Nega?
— Unisini bilmadim. Eri qamalmasidan ilgari jimgina pisib yurardi.
— Erining o‘ynashi borligini bilmasmidi?
— Baloni bilardi, u yergina yutkur. Qip-yalang‘och ustidan chiqib qolganida ham
damini chiqarmagan.
— Unda nima uchun janjal qiladi?
— Bilmadim-u, ammo bir nima talashgan.
— Erini talashmagan xotin endi nimani talashishi mumkin?
— Nimani talashardi? Boylikni-da. Juvonmarg bo‘lgur Tursunali topganlarini yashirib
ketganga o‘xshaydi. Yer yutkur Nafis oxirgi kelganida otasi bilan pichirlashib qoldi. Sekin
quloq soldim. Qulog‘imga kirgani Nafis o‘lgur nimanidir «topish kerak», dedi. Keyin
«o‘sha kechasi oshxona tomonga qarab yuruvdi», dedi. Keyin ikkoviyam ketdi, bilsam
o‘shanda boqqa borishibdi. Juvonmarg o‘lgur boqqa nimaga boradi? Erkaksirab boradi-
da. O‘ynashi qamoqda bo‘lsa, er jonivor haftalab yo‘q bo‘lib ketsa... Maishatni sog‘inadi-
da. Direktor o‘lgur ham bularga laqqa tusha qoldi. Qaytishganida qarasam, qulog‘ida
yangi zirak, barmog‘ida qo‘sh uzuk. Naq tilla! Ko‘zlari naq javhar! Ko‘rdim-u,
indamadim.
Omonullo bu gapni eshitib ekspertiza xulosalarini esladi: quloqlaridan zirak yulib
olingan, barmoqlarida to‘rtta uzuk izlari bor...
— Barmoqlaridagi uzuklar ikkitamidi?
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |