www.ziyouz.com kutubxonasi
103
— Dushman orttirish uchun birovga yomonlik qilish shart emas. Aqlli bo‘lsang kifoya,
daraxtning tagidan o‘tsang ham tepangdan dushman yog‘iladi. Agar bilsang, aql ham bir
balo, boshqalarda kuchli rashk uyg‘otadi. Rashk esa tuppa-tuzuk do‘st odamni
dushmanga aylantiradi. Men sinaganman: senlarda shunaqa kasallik kuchli. Bizlarda
ham bor-u, ammo unchalik emas. Senlar bir odamning orqasidan qora chaplab yozishni
yaxshi ko‘rasanlar.
«Bu kasal millat tanlamaydi, hammada bor», — deb o‘yladi Samandar. U hozir bu
mavzuda bahslashishni istamas edi. Shu sababli fikrini ochiq bayon qilib, hamsuhbatiga
e’tiroz bildirmadi. «Gapini kalta qilib chiqib keta qolsa edi», deb umid qildi. Bazarov esa
bu sukutni fikrining tasdig‘i sifatida qabul qilib, xotirjam tarzda gapini davom ettirdi:
— Bilaman, sen «boshqalar ham xuddi shunday», deyishing mumkin. Lekin
yanglishasan. Masalan, gruzinlar, armanilar, latishlar bunday qilishmaydi. Kotrikadzeni
bilasan, a? O‘zi yomon olim emas. Lekin, to‘g‘risini aytsam, ishi Davlat mukofotiga
arzimaydi. Nomzodi quyiladigan bo‘lganda men shaxsan qarshi bo‘lganman. Lekin
Gruziya tomondan shunday himoya dovuli yopirildi-ki, oxiri oldi o‘sha mukofotni. Bultur
seni mukofotga o‘zimiz tavsiya etdik. O‘zbekistondan shunday qarshilik dovuli yopirildiki,
oxiri ololmading. Hatto Vasiliy Ignatevich ham ajablanib, hech nima qilolmay qoldi. Yana
mukofotga nom-zoding qo‘yilganini tor doiragina bilardi. «Ochi- lov — Davlat mukofotiga
nomzod», deb matbuotda e’lon qilinsa, bilmadim, nima bo‘lardi? Nega shunaqasanlar, a?
— dedi Bazarov norozi ohangda bosh chayqab.
— Bilmayman, — dedi Samandar g‘udranib. Hozir uni mukofot ham, dushmanlari ham
qiziqtirmas edi. Gapning bu tarzda kalta qilinganini Bazarov yana bosh-qacha tushundi:
— Sen bilmasang men bilamanmi? Men tushunmayman, Ochilov, bitta xotinni qo‘yib,
ikkinchisini olishning ilmiy ishga nima dahli bor? Seni «qoloq feodal» deb yozishdi.
Shaxsan menga kashfiyot muhim, ilm muhim. Kashfiyotni feodal qiladimi, burjua
qiladimi — farqi yo‘q. Dushmanlaring uchun esa bu muhim, juda muhim. Senlarda bosh
konstruktorning ikkinchi xotinni olishga sira haqqi yo‘q. Esingdami, Sharifxo‘jaev
deganning dissertatsiyasi uchun kuyib yurgan eding. «Do‘stim», deb menga
tanishtirganding. Seni hurmatingni qilib, unga yordam beruvdim. Esing-da, a?
— Esimda.
— Xo‘p, bilib qo‘y endi: o‘sha «do‘sting» ham yozgan edi. «Bu kashfiyot faqat
Ochilovniki emas», deb yozibdi. Menga emas, to‘g‘ri SKga yozgan. Nima men
ahmoqmanmi yoki Baygildin ahmoqmi? Kashfiyotda ilmiy guruhning xizmati borligini
bilmaymizmi? Lekin boshsiz tana nima qila olishi mumkin? O‘sha Sharifxo‘jaeving bu
tanada kim? Bir barmoqmi? Yoki bir tukmi? Dushmanim yo‘q, deysan-a! Menga qara,
balki Moskvaga butunlay ko‘chib kela qolarsan, a?
— Moskvaga? Nima qilaman bu yerda?
— Nima qilarding? Ishlaysan. Sharoit yaratib beraman. Ochig‘ini aytsam, Baygildin
bilan shu maslahatni pishirdim. O‘ylab ko‘r.
— Bu yerda aqllilik balosi yo‘qmi?
— Bor, to‘g‘ri, ammo senlardagi darajada emas.
— Bu yerga kelsam, u yerdagi ilmiy guruh tarqatiladimi?
— Shubhasiz. Ammo yaxshi odamlaringni olib kelishing mumkin.
— Yo‘q, u yerda hozir kuchli ilmiy guruh to‘plangan. Bitta-ikkita ahmoqni deb tarqatib
yubora olmayman.
— Ahmoqlik qilyapsan, bilib qo‘y. Sen bu yerda eng kuchli guruhni tashkil etishing
mumkin. Istagan odamingni, istagan respublikadan chaqirtiramiz. Moskva markazidan
joy bersak, har qanday olim ham uchib keladi. Yo‘q, deyishga shoshilma.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |