www.ziyouz.com kutubxonasi
33
— Voy opa, qarang, bir qarang, — dedi Nazmi, — shoxlari chiqibdi!
— Boya nima deding? — dedi Sarvar uning pichingini tushunmaganday, — «Odamni
isnodlarga qoldirasiz» dedingmi? Men futbolni ko‘rmay shu gapingni o‘ylab o‘tirdim.
— Gapimga nima bo‘pti?
— Qiziq-da. Odam isnodga qolsa, senga nima?
— Voy, savil, opa, ukangizning gaplarini eshityapsizmi? Men odam emas emishman...
— Men unaqa demadim, — Sarvar shunday deb choy xo‘pladi, — choyni yangila,
sovubdi.
Nazmi opa-ukaga bir-bir qarab chimirildi-da, jahl bilan o‘rnidan turib, tashqariga
chiqdi.
— Ba’zan juda oshirib yuborasan-da. Choy issiq edi-ku? — dedi Matluba ukasiga
norozi qiyofada boqib.
— Shunaqa demasam, vaysab o‘tiraveradi. Ha, nima bo‘ldi, tinchlikmi?
— Vazirlikka hisobot olib tushuvdim...
— Bo‘ladigan gapni gapirsang-chi.
Matluba ukasidan sir saqlamas edi. Ammo bo‘lib o‘tgan gaplarni hozir aytgisi kelmadi.
Erining o‘ynashi oldida, o‘zi «shaltoq, isqirt», deb hisoblagan bir ayol qarshisida past
ketgani, aniqroq aytilsa, mag‘lub bo‘lganini tan olgisi kelmadi. Shu sababli «bo‘ladigan
gaping nimasi», deb ukasidan nigohini olib qochdi. Ziyrak Sarvarga shuning o‘zi kifoya
qildi.
— Bo‘ldi, to‘k dardingni, yana yorilib ketmagin, — dedi u opasiga tikilib.
Matluba bu qarashga bardosh bera olmadi. Bir soat avvalgi voqea, mag‘lubiyatdan
toshgan dardu alam daryosi ko‘zlaridan yosh bo‘lib quyila boshladi.
— Yorilasan, dedim-ku! Ayt, nima bo‘ldi?
Matluba ro‘molchasi bilan burnini chimdib qo‘yib, «hech narsa» dedi-da,
sumkachasidan erining xatini olib, uzatdi.
Sarvar xatni o‘qib, bir oz o‘ylandi. So‘ng «xato o‘qimadimmi» deganday satrlarga
yana ko‘z yugurtirdi.
— Ha... tushibdilar, akaginam... — dedi o‘ziga o‘zi gapirganday.
— Nimaga tushadi?
— O‘g‘rilarning qo‘liga tushibdi ering.
— Qanaqa o‘g‘rilar? — Matluba bu yangilikdan ajablanib, yig‘ini ham unutdi.
— Qanaqa bo‘lardi, oddiy sovet o‘g‘rilari, — deb piching qildi Sarvar. So‘ng
jiddiylashdi: — Ularga soliq to‘lanmasa ersiz qolasan.
— Sen buni qaerdan bilasan?
— Bilaman-da.
— Yo‘q, ayt, qaerdan bilasan?
— Men bilan birga o‘qigan Habib esingdami? «Zolotoy» derdik. O‘ninchida
o‘qiyotganida qamalib ketuvdi. Esingda yo‘qmi? Xo‘p, unda esing Tursunali akang bilan
band edi. Xullas shu bola ikki marta o‘tirib chiqqan. Salkam «vor v zakone».
— Bu nima degani?
— O‘g‘rilarning zo‘ri, degani. O‘sha gapirib beradi menga bunaqa gaplarni.
— Uchrashib turasanmi? O‘g‘ri bilan-a?
— O‘g‘ri bo‘lsa, ko‘chada o‘g‘ri. Uyda mening oshnam.
— Bu xatni unga ko‘rsataylik.
— Foydasi yo‘q.
— Nega?
— Tanish-bilishlik, iltimos degan narsa bizlarda bo‘ladi. O‘g‘rilarda bunaqasi yo‘q.
Eringni shunga hukm qilishibdimi — tamom. Davlatning xazinasiga o‘xshab, ularning
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |