Xalkofanit ham birinchi marta A.Q.Qosimov tomonidan 1966yili Qizilqumning «Tesquduq» degan joyidan topilgan. Fizik-kimyoviy xususiyati jihatidan mumsimon qora, ko‘kish tovlanib turadi; plastinkasimon, kristallari uncha qattiq emas. Kimyoviy tarkibidagi asosiy komponent – rux, marganets oksidlaridir. Shuningdek oz miqdorda qo‘rg‘onish, mis, nikel, kobalt va molibden ham bor. Xalkofanit ko‘pincha, birlamchi ma’danli minerallarinng o‘zgarishidan hosil bo‘ladi va o‘ziga o‘xshash ikkilamchi kalamin, gidrotsinkit, grinokit kabi minerallar bilan birga uchraydi.
Tintikit – suvli fosfatlar guruhiga mansub mineral bo‘lib birinchi marta 1963-yili A.Q.Qosimov tomonidan markaziy Qizilqumdagi oltin konlarining biridan topilgan. O‘z navbatida bu topilma dunyoda ikkinchi hisoblanadi. Yashilroq tovlanuvchi tuproq rangda, tashqi qiyofasiga qaraganda mineral gil moddaga o‘xshab ketadi. Qattiqligi – 2–2,5 atrofida. Tilga tegizganda yopishadi. Kimyoviy tarkibida asosiy komponentlaridan tashqari strontsiy, marganets, titan, xrom, bariy, kumush, mis va boshqa elementlar mavjud. Tintikit oksidlanish zonasida hosil bo‘ladigan minerallarning oxirgilaridan biri hisoblanadi.
Daloresit – dunyoda birinchi bor Ispaniyada topilgani uchun Dolores Ibarruri nomi bilan atalgan. Bu mineral keyinchalik Qizilqumda qadimgi o‘ta o‘zgargan slanetslar ichidan I.G.Smislova tomonidan topilgan. U yashilroq tovlanadigan kora rangli, xira ignasimon kristallar holida aniqlangan. Kimyoviy tarkibiga qarab bu mineral murakkab oksidlar – vanadiyli gidrooksidlar guruhiga kiritilgan. Birlamchi minerallar o‘zgarishidan paydo bo‘lgani uchun doloresit uchragan joy atrofidan vanadiyli minerallar uyumini topish ham mumkin.
AQShning sobiq prezidenti Ruzvelt sha’niga atalgan Ruzveltit minerali ham birinchi marta bir guruh mineraloglar tomonidan Chotqol tog‘laridan topilgan. Rangi – oqish-kul rang, ba’zan och yashil, juda mo‘rt, solishtirma og‘irligi – 5,37. Konlarning oksidlanish zonasida birlamchi minerallarning o‘zgarishi natijasida uzumning shingiliga o‘xshash aqiq va boshqa minerallar ustida yupqa po‘stga hosil qiladi. Xlorid va azot kislotalarida yaxshi eriydi. Kimyoviy tarkibining asosiy qismini vismutit va margimush oksidi tashkil qildi.
Sampleit – birinchi marta 1942-yili Chilida va keyinchalik 1959yilda mamlakatimizda birinchi bor taniqli mineralog olima M.I.Moiseyeva Qurama tog‘larida Qalmoqqir mis konidan uzoq vaqt ilmiy qidiruvlar natijasida topishga muyassar bo‘ldi. Bu mineral suvli fosfatlar guruhiga mansub bo‘lib, tarkibida 44 foizgacha mis oksidi, 34 foizgacha fosfat angidridi bor. Bulardan tashqari spektral analiz yordamida juda oz miqdorda qo‘rg‘oshin, simob, sirkoniy, bariy, berilliy va boshqa elementlar borligi ham aniqlangan. Sampelit tabiatda oksidlanish zonasidagi temir qo‘ng‘irtoshi, kaolinit kabi minerallar ustida yupqa tuproqsimon po‘stoqchalar holida uchraydi. Rangi och havo rang, sadafsimon yaltiraydi. Uncha qattiq emas, temir mix bilan chizsa bo‘ladi. Kislotalarda osongina eriydi. Sampleit topilgan joy tubida yoki shu atrofda mis uchun xomashyo hisoblanadigan ma’dan bor bo‘lishi mumkin.
Koronadit minerali ham murakkab oksidlar – gidrooksidlar guruhiga mansub bo‘lib, uni birinchi bor 1958-yili mineralog olim I.M.Golovanov Olmaliqdagi Qo‘rg‘oshinkon polimetall konining oksidlanish zonasidan topgan. Koronadit qora, po‘latga o‘xshash kul rang tusda bo‘lib, mayda kristall donachalar holida uchraydi. Qattiqligi – 4,5. Kimyoviy tarkibining asosiy qismini qo‘rg‘oshin oksidi (27 foizgacha), marganets oksidi (24 foizgacha), marganets ikki oksidi (64 foizgacha) va suv (5 foizgacha) tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |