Takrorlash uchun savol va topshiriqlar
Minerallarni qaysi belgilari bo‘yicha tasniflash mumkin?
Eng keng tarqalgan tasnif qaysi va unga ta’rif bering?
Qaysi elementlar tabiatda mineral ko‘rinishida sof holda uchraydi?
Oltinga ta’rif bering.
Platinaning asosiy xossalarini ayting.
Oltingugurtning ishlatilishi.
Olmosning paydo bo‘lishi va xossalari.
Olmosning eng yirik konlari va uni ishlatilishi.
Grafitning fizik xossalarini ayting.
4316-§. Sulfidlar
Sulfidlar yoki oltingugurtli birikmalar H2S kislotaning tuzlari bo‘lib, metallarning oltingugurt bilan hosil qilgan birikmasi hisoblanadi. Bunday birikmalar hosil qiladigan kimyoviy elementlar soni 40 ga yetadi. Eng muhimlari: vanadiy, molibden, nikel, kobalt, temir, mis, rux, qo‘rg‘oshin, margimush, surma, simob, vismut.
Bu sinfga taalluqli minerallar soni 300 dan ortiq. Asosiy qismi metallsimon yaltiroq, rangi o‘ziga xos bo‘lib, doimo bir xilda o‘zgarmasdir.
Sulfidlar asosan gidrotermal, magmatik va kontakt-metasomatik jarayonlarda hosil bo‘ladi. Ular metall elementlar ajratib olishda asosiy xomashyo hisoblanadi. Qo‘rg‘oshin, rux, kumush va mis ma’danlarining birgalikda uchragan turi «polimetall ma’dan» deb ataladi.
Xalkozin – Cu2S. Nomi yunoncha; «xalkos» «miss» so‘zini anglatadi. U ba’zan mis yaltirog‘i ham deyiladi.
Xalkozin tarkibida – Cu – 79,9 % va S – 20,1%, bundan tashqari Ag, As, Fe, Co, Ni aralashmalari bo‘ladi. Singoniyasi – rombik. Xalkozinning yaxshi kristallari kam uchraydi, ammo ko‘pincha qalin tabletkasimon, kalta ustunlar hosil qiladi. Tabiatda yaxlit, mayda donali bo‘lib, bornit, xalkopirit, ba’zan sfalerit, galenit, kovelinlarning o‘rniga pesvdomorfozalar shaklida xol-xol bo‘lib uchraydi. Xalkozinning rangi – qo‘rg‘oshindek kul rang, metall kabi yaltiraydi. Qattiqligi 2–3, solishtirma og‘irligi 5,5–5,8; elektr tokini yaxshi o‘tkazadi. Xalkozin HNO3 da erib, oltingugurt ajraladi.
Xalkozin gidrotermal va ayniqsa ekzogen jarayonda paydo bo‘ladi. Xalkozin nurash zonalarida bardosh bera olmaydi va parchalanib kuprit, malaxit va azurit kabi mis oksidlariga aylanadi. Xalkozin misga eng boy sulfid bo‘lib, mis qazib olishda katta ahamiyatga ega. Xalkozin ma’danining yaxlit massalari Shimoliy Uraldagi Turinsk konida uchraydi. Uncha boy bo‘lmagan xol-xol xalkozin ma’danlari Qo‘ng‘irot (Balxash ko‘li), Qozog‘iston va Olmaliq mis konlarida aniqlangan.
Galenit – PbS. Nomi yunoncha «Galena» – qo‘rg‘oshin ma’dani so‘zidan kelib chiqqan. Tarkibida Pb – 86,6 % va S – 5–13,4 %, aralashma tariqasida Cu, Zn, Bi, Fe, As, Sb uchraydi. U kubik singoniyada kristallanadi. Rangi qo‘rg‘oshindek kul rang, metall kabi yaltiraydi. Qattiqligi 2–3; u ancha mo‘rt mineral, ulanish tekisligi kub bo‘yicha mukammal. Solishtirma og‘irligi 7,4–7,6. U kuchsiz elektr o‘tkazadi.
Galenit asosan gidrotermal jarayonda vujudga keladi. Tashqi ko‘rinishi bilan galenit antimonit Sb2S3, bulanjerit Pb5[Sb2S4]2S3 va burnonit – CuPb[SbS3]larga juda o‘xshash. Ularning farqi: antimonit cho‘zinchoq zirapchasimon kristall hosil qiladi. Bulanjerit esa, shu’lasimon, tolasimon ko‘rinishda. Burnonit – cho‘zinchoq ustunsimon shaklli. Nurash jarayonida oksidlanib, serussitga – (PbCO3) va anglezitga – (PbSO4) aylanadi. Galenit qo‘rg‘oshin olishda muhim asosiy manba hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |