Takrorlash uchun savol va topshiriqlar
Kaustobiolitlarga ta’rif bering.
Torf, qo‘ng‘ir ko‘mir, toshko‘mir va antratsitning farqi.
Neftning kimyoviy tarkibi.
Yonuvchi slanetslarga ta’rif bering.
Ozokerit, asfalt va qahraboni ta’riflang.
7447-§. Metamorfik tog‘ jinslari
Tabiatda keng tarqalgan metamorfik jinslar endogen sharoitda yuzaga keladi. Mavjud tog‘ jinslarining yuqori harorat, katta bosim, gazsimon va issiq eritmalar ta’siridan o‘zgarishi jarayoni «metamorfizm» deb yuritiladi («meta» – so‘ng, keyin, «morfo» – qiyofa). Metamorfizmga barcha magmatik va cho‘kindi jinslar uchraydi. Bundan tashqari metamorfizmga metamorfik tog‘ jinslarining o‘zi qaytadan uchrashi mumkin. Bunday jinslar «metamorflashgan jinslar» deb ataladi. Metamorfizm jarayonida tog‘ jinslarining mineral va kimyoviy tarkibi, ichki tuzilishi va dastlab yotgan holati ancha o‘zgaradi.
Harorat, bosim va shuningdek, yer qa’ridan tog‘ jinslari darzliklari, bo‘shliqlari bo‘ylab siljib chiqadigan gazsimon va issiq suv eritmalari metamorfizmning asosiy omillari hisoblanadi.
Metamorfizm jarayonida ishtirok etgan omillarga qarab metamorfizm turlari bir necha xil bo‘ladi.
Dinamometamorfizm. Tektonik harakatlar natijasida sodir bo‘lib, tog‘ jinslarining darz ketishi, maydalanishiga olib keladi. Bosim asosiy omil rolini o‘ynaydi. Bunday metamorfizmda jinslar qayta kristallanmaydi va kimyoviy reaksiyalar bo‘lmaydi; faqat jinslarning tashqi tuzilishi, ichki tuzilishi va ozroq mineral tarkibi o‘zgaradi. Tektonik brekchiyalar va juda mayda ichki tuzilishli milonit deb ataluvchi jinslar hosil bo‘ladi.
Avtometamorfizm. Metamorfizm o‘zgarishlari magmadagi yengil uchuvchan va oson siljiydigan komponentlar va gidrotermal eritmalar ta’siridan yuzaga keladi.
Kontakt metamorfizm. Magma atrof jinslarni yorib chiqayotganida ularni o‘z issiqligi va bosimi bilan qizitib yuboradi, bir qismini eritadi va ular bilan kimyoviy reaksiyaga kirishib jinslar tarkibini o‘zgartirib yuboradi. Bu jarayon odatda ikki xil tog‘ jinsi chegarasida bo‘lganligi uchun «kontakt metamorfizmi» deb ataladi. Kontakt metamorfizmining ikki xil-termal va metasomatik xili bor.
Kontakt-termal metamorfizmda intruzivni o‘rab turgan cho‘kindi jinslarni o‘zining harorati va kuchli bosimi ta’sirida o‘zgartiradi (ohaktosh marmarga, qumtosh kvarsitga, giltoshlar kristallik slanetsga va rogovikka aylanadi).
Kontakt-metasomatik metamorfizm. Ushbu metamorfizm magmaning karbonatlar bilan tutashgan joylarida sodir bo‘lib, yangi jinsskarnlar yuzaga keladi. Cho‘kindi jinslarning tarkibi batamom o‘zgarib, yangi minerallar paydo bo‘ladi. Misol:
CaCO3 + nSiO2 = CaSiO3 + CO2 ohaktosh kremnezyom vollastonit
Yondosh cho‘kindi jinslar dolomitlardan tashkil topgan bo‘lsa, u holda magniyga boy skarn minerallari – olivin (forsterit), piroksen va boshqalar hosil bo‘ladi.
Regional metamorfizm. Odatda regional metamorfizm katta maydonlarda yuz beradi. Metamorfizmning bu xilida hamma metamorfizm omillari ishtirok etadi.
Regional metamorfizmda slanetslar, marmarlar, amfibolitlar, gneyslar, granulitlar, eklogitlar kabi jinslar vujudga keladi.
Ultra metamorfizm. Burmalangan mintaqalarning chuqur qismlarida sodir bo‘lib, tog‘ jinslari qisman erib magmaga o‘xshash suyuqlik hosil bo‘ladi. Bu suyuqlik jinslarga qatlamlararo kirib borib qotadi.
Natijada «migmatit» deb ataluvchi jinslar hosil bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |