www.ziyouz.com кутубхонаси
30
TO’RTINCHI MAQOLA
SHU MA’NODA HIKOYAT
Bir podshoning oydek bir go‘zal qizi bor edi. Butun olam yigitlari unga oshiq edilar. U
bir fitna manbai edi, chunki yarim uyquda bo‘lgan xumor ko‘zlari mastona boqib, dillarni
maftun etardi. Yuzi kofurday oq, zulflari mushk kabi qop-qora va xushbo‘y edi. Obi
hayot uning lablari armonida qurib qolgan edi. Agar jamolidan bir zarra ko‘rinsa edi, Aql
o‘zini yo‘qotib, shaydo bo‘lardi. Agar shakar bu qiz labining ta’mini totiganda edi,
xijolatdan erib, yonib ketardi.
Qazoi taqdir bo‘lib, bir darvesh yo‘lda ketayotib, ko‘zi shu go‘zalga tushib qoldi. Bu
sho‘rlikning qo‘lida yarimta qotgan non bor edi, uning joni novvoyda qolgan edi. Uning
ko‘zi ushbu oyyuzga tushganda, qattiq noni qo‘lidan yo‘l ustiga tushdi. Ul qiz gadoning
oldidan olovday o‘tib ketdi, unga qarab iliq kuldi va xushhol o‘tib ketdi. Gado ul oyning
kulgusini ko‘rgach, hushidan ketib, yo‘l uzra yiqildi va tuproqqa belandi. Miskin gadoning
yarimta noni va yarimta joni bor edi, bir zamonda har ikkisidan ham ajraldi. Na kecha,
na kunduzlari qarori bor edi. Yig‘i va o‘rtanish zo‘ridan gapira olmasdi. Ul go‘zalning
kulgisini eslardi, navbahor bulutiday ko‘z yoshi to‘kardi. Alqissa, yetti yil shunday
oshufta hol edi, qizning ko‘chasida itlar bilan birga yotardi. Qizning qullari va
xizmatkorlari hammasi bundan voqif bo‘ldilar. Ular birgalashib, gadoni o‘ldirish rejasini
tuzdilar. Shunda buni bilgan qiz gadoni xilvatga chorlab dedi: «Sen kabi gadoga menday
qizning juft bo‘lishi aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Seni o‘ldirish payiga tushganlar, qochib ket,
joningni qutqar. Bunaqa ostonamda o‘tirma, tur, ket».
Ul gado dedi: «Men seni ko‘rib, ishqingda mast bo‘lgan kunimdan beri jonimdan
umidimni uzganman. Men kabilardan yuz mingtasining joni yo‘lingda har soatda fido
bo‘lsin. Agar menday begunohni o‘ldirmoqchi bo‘lsalar, bitta savolimga lutf etib javob
ber. Meni shubhasiz boshimdan judo qiladilar, ayt-chi, nega menga qarab kulding?»
Qiz dedi: «Seni haqir va aftoda, behunar, ojiz ko‘rib, soqolingga kulgim keldi, ammo
sening yuzingga kulish xatodir». Qiz shunday deb tutun kabi darvesh oldidan g‘oyib
bo‘ldi. Nimaiki bor edi. yo‘q bo‘ldi, go‘yo aslida hech narsa yo‘q edi*.
TO’TINING UZRI
Og‘zini shakarga to‘ldirib pistoqi libos va oltin rangli tavqi bilan To‘ti o‘rtaga chiqdi.
Har bir shohda uning parron toshidan nishona bor. Har yerda uning paridan yashillik
qoidasi tuzilgan. So‘zlaganda guftoridan shakar tomar, shakar yeyishga ham chaqqonu
uddaburo edi. Dedi: «Har bir toshyurak va nokas menga o‘xshaganga temir qafas
yasaydi. Men ana shu temir zindonda qolganman, Xizr suvi orzusida o‘rtanuvchiman.
Qushlarning Xizriman, shu bois kiyimim yashildir. Iloji boricha Xizr suvini ichib
to‘ymoqchiman. Men Simurg‘ yonida toqat qila olmayman, menga Xizr chashmasidan bir
qultum suv bo‘lsa, shunga qanoat qilaman.
Do'stlaringiz bilan baham: |